Kirish Ro'yxatdan o'tish
26/12 17:30 Manchester Siti 1-1 Everton
26/12 20:00 Bornmut 0-0 Kristal Pelas
26/12 20:00 Chelsi 1-2 Fulhem
26/12 20:00 Nyukasl 3-0 Aston Villa
26/12 20:00 Nottingem Forest 1-0 Tottenhem
26/12 20:00 Sautgempton - Vest Xem
26/12 22:30 Vulverhempton - Man. Yunayted
27/12 01:00 Liverpul - Lester

Stadionlarga muxlislarning tashrifini oshirish bo‘yicha Superliga va Pro-liga klublariga taklif va tavsiyalar berildi

Stadionlarga muxlislarning tashrifini oshirish bo‘yicha Superliga va Pro-liga klublariga taklif va tavsiyalar berildi

Baho:
+ | -

Yurtimizda yangi futbol mavsumi start olishiga oz muddat qolmoqda. Ayni paytda jamoalarning futbolchi va murabbiylari qatori klublarning barcha ishchi-hodimlari ham Superliga va Pro-liga yangi mavsumiga qizg‘in hozirlik olib bormoqda.

Bugun “Milliy” stadioni majlislar zalida Professional Futbol Ligasi Superliga va Pro-liga klublari marketing bo‘limi va muxlislar bilan ishlash bo‘limi hodimlari uchun seminar tashkil etdi.

Seminarni PFL Bosh direktori Omon G‘ofurov kirish so‘zi bilan boshlab berdi va yaqinlashib kelayotgan yangi mavsumni yuqori darajada o‘tkazish, chempionatning har bir uchrashuvini yuqori saviyada tashkil etish, stadionlarga muxlislarni yanada ko‘proq jalb etish – ayni paytda PFL va klublar oldida turgan asosiy vazifa ekanini ta’kidlab o‘tdi.

Seminar 3 qismdan iborat bo‘ldi. Dastlab klublar marketing bo‘limi vakillari oldidagi asosiy vazifa va maqsadlar muhokama etildi. So‘ngra muxlislar bilan ishlash borasida, ishqibozlarning stadionlarga tashrifini oshirish bo‘yicha e’tibor qaratish lozim bo‘lgan jihatlar to‘g‘risida so‘z yuritildi. Yakunda esa yig‘ilganlar o‘tgan mavsumdan xulosalar va yangi mavsum rejalarini amalga oshirish borasidagi o‘z fikr mulohazalarini birgalikda muhokama etdi.

Seminarning dastlabki qismida PFL marketing bo‘limi tomonidan 2018 yilgi mavsum sarhisobi tinglandi. Xususan, 2018 yilda milliy chempionatimiz tashkiliy jihatdan ancha oldinga qadam tashlagani, qo‘lga kiritilgan yutuq va ko‘zga tashlangan ayrim kamchiliklar, ayniqsa, O‘zbekiston milliy chempionati o‘z tarixida ilk bora titul homiyga ega bo‘lgani, ortda qolgan yilda homiy va hamkor tashkilotlar bilan ishlashdagi o‘sishga alohida to‘xtab o‘tildi.

2018 yilda PEPSI Superligasi nomi ostida o‘tgan milliy chempionatimiz o‘yinlari tashkilotchilik jihatdan avvalgi yillardan ancha o‘zgacha ko‘rinish olgani, uchrashuvlar translyasiyasi payti maydon chetidagi reklama bannerlari ancha ko‘rimli joylashgani turli kompaniyalarda chempionatga homiylik qilish istagini uyg‘otgani ancha quvonarli hol ekani qayd etildi.

Shuningdek, 2018 yildagi yutuqlarni yanada rivojlantirish va shu bilan birgalikda ayrim hollarda ko‘zga tashlangan kamchiliklarni bartaraf etgan holda 2019 yilgi mavsumni yanada yuqoriroq darajada o‘tkazishda marketing bo‘limi hodimlari e’tibor berishi lozim bo‘lgan jihatlar tushuntirib o‘tildi. Ayniqsa, o‘yinga bo‘lgan muxlislarning qiziqishini orttira olishda, stadionga ishqibozlarni chorlashda yaxshi marketing siyosati olib borish muhimligiga alohida urg‘u berildi.

2018 yilda chempionatning har bir o‘yiniga o‘rtacha muxlislar tashrifi ancha o‘sdi. Yanada tomoshabop chempionat tashkil etishni o‘z oldiga maqsad qilib qo‘ygan Professional Futbol Ligasi 2019 yilda muxlislarning stadionga tashriflarini yanada oshirish uchun bir qator chora-tadbirlar ishlab chiqdi. Bu borada Muxlislar bilan ishlash bo‘limi vakillari o‘z taqdimotlarini namoyish etib berishdi.

Alohida qayd etish joizki, muxlislarning milliy chempionatimiz uchrashuvlariga bo‘lgan qiziqishini oshirishda Professional Futbol Ligasi birinchi galda klublarning ko‘magiga ham tayanadi. Zero ishlab chiqilgan chora-tadbirlarni amalga tatbiq etishda klublar tomonidan ham amaliy ishlar bajarilmasa, bu borada ko‘zlangan marraga erishish qiyin. Shu sababdan har bir klub marketing bo‘limi va muxlislar bilan ishlash bo‘limi hodimlari mavsum davomida muntazam ravishda o‘yinlar anonslari, afishalari, uchrashuv reklamasi, klub brendini yanada ommalashtirish, klub ishqibozlari sonini orttirish bo‘yicha muntazam ish olib borishi talab etiladi. Bunda klublarga PFL marketing va muxlislar bilan ishlash bo‘limlari tomonidan barcha zarur amaliy yordam berib boriladi.

Xususan, ortda qolgan mavsumda talab qilingan, ammo ijrosi ayrim klublar tomonidan paysalga solingan klub ramzi (maskot) va madhiyasi (yoki shiori)ni ishlab chiqish masalasi ham yangi – 2019 yildan e’tiboran majburiy bo‘ladi. Endilikda har bir klub (agar klub ramzi yoki madhiyasi mavjud bo‘lmasa) klub nomi, joylashgan shahri, klubning asosiy ranglari, unga muxlislik qiladigan auditoriyadan kelib chiqqan holda o‘z ramzi hamda madhiyasini ishlab chiqishi lozim bo‘ladi. Bu orqali Superliga-2019 o‘yinlari mobaynida o‘yindan oldin, tanaffus vaqtida va uchrashuvdan so‘ng stadionda klubning o‘z madhiyasi yangrashi ta’minlanadi. Zero har bir jamoaning o‘z ramzi va madhiyasiga ega bo‘lishi – ushbu jamoani qo‘llab-quvvatlovchi muxlislarni yanada jipslashtirishi jahon tajribasidan ma’lum.

Yevropaning ko‘plab jamoalari muxlislari klub madhiyasini uchrashuvlar vaqtida ham o‘z sevimli o‘yinchilarini ruhlantirish uchun jo‘r bo‘lib kuylashadi. Ushbu an’anani bizning klublar ishqibozlari o‘rtasida ham shakllantirish ustida ish olib boriladi. Bu borada PFL tomonidan kerakli tavsiyalar 2018 yil so‘nggida klublarga berildi. Biroq hozircha hech bir klub tomonidan bu borada amaliy ishlar bajarilgani yo‘q. Klublar mavsum start olguniga qadar bu borada ish olib borib, klub ramzi, shiori va madhiyasini yaratish bo‘yicha tanlovlar o‘tkazishi belgilandi.

2018 yilda klublar stadionlari hududida o‘z rasmiy do‘konlarini tashkil etishdi. Ushbu amaliyot aksariyat klublar uchun endi-endi tadbiq etilayotgani sabab ayrim kamchiliklar kuzatildi. Jumladan, ko‘p hollarda ishqibozlar harid qilishni istagan klub atributikalari sotiladigan do‘konlar faqatgina o‘yinlar vaqtida faoliyat ko‘rsatdi, xolos. Yangi mavsumdan e’tiboran har bir klub rasmiy do‘koni o‘yinlardan tashqari vaqtlarda ham muxlislarga xizmat ko‘rsatishi ta’minlanadi. Qolaversa, stadionlardagi o‘yinlar vaqtida sotiladigan yegulik va ichimliklar narhi ham maqbul tarzda bo‘lishi nazorat qilinadi.

Shuningdek, Superliga uchrashuvlari uchun chiqariladigan chiptalar endilikda faqat stadion kassasidagina emas, sayyor kassalar orqali odam gavjum joylarda ham sotilishi yo‘lga qo‘yiladi.

Muxlislar bilan ishlashni yanada yaxshilash, jamoatchilikning milliy chempionatimizga e’tibori va qiziqishini oshirish maqsadida Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Mahalla jamg‘armasi va Yoshlar Ittifoqi, turli ta’lim muassasalari bilan hamkorlik kengaytirilib, yetakchi futbolchilarning joylarga tashrif buyurishi va yoshlar bilan turli davra suhbatlari o‘tkazishi orqali ularni sog‘lom-turmush tarziga targ‘ib etish ishlari yanada ko‘paytiriladi. Shuningdek, o‘yinlardan tashqari vaqtlarda stadionlarga va klublar muzeylariga yoshlar uchun ekskursiyalar tashkil etish ishlari yanada ko‘proq amalga oshiriladi.

Ushbu chora-tadbirlarning barchasi 2019 yilda Superliga uchrashuvlari vaqtida stadionlarimizga ishqibozlar tashrifi yanada ko‘payishi uchun amalga oshiriladi. 

Manba: pfl.uz
Kiritildi: 16:35, 31.01.2019.
O'qildi: 2137 marta.
Fikrlar: 3 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.