Kirish Ro'yxatdan o'tish
19/05 00:00 Alaves 1-0 Xetafe
19/05 15:30 Sassuolo 0-2 Kalyari
19/05 18:00 Monsa 0-1 Frozinone
19/05 18:00 Udineze 1-1 Empoli
19/05 19:00 Navbahor 1-0 Neftchi
19/05 19:00 OKMK 5-3 So‘g‘diyona
19/05 20:00 Manchester Siti 3-1 Vest Xem
19/05 20:00 Sheffild Yunayted 0-3 Tottenhem
19/05 20:00 Arsenal 2-1 Everton
19/05 20:00 Brentford 2-4 Nyukasl
19/05 20:00 Brayton 0-2 Man. Yunayted
19/05 20:00 Byornli 1-2 Nottingem Forest
19/05 20:00 Chelsi 2-1 Bornmut
19/05 20:00 Kristal Pelas 5-0 Aston Villa
19/05 20:00 Liverpul 2-0 Vulverhempton
19/05 20:00 Luton 2-4 Fulhem
19/05 21:00 Inter 1-1 Lasio
19/05 22:00 Valensiya 1-3 Jirona
19/05 22:00 Vilyarreal 4-4 Real Madrid
19/05 22:00 Atletik Bilbao 2-0 Sevilya
19/05 22:00 Atletiko 1-4 Osasuna
19/05 22:00 Barselona 3-0 Rayo Valyekano
19/05 22:00 Betis 0-2 Real Sosyedad
19/05 22:00 Kadis 0-0 Las-Palmas
19/05 22:00 Malyorka 2-2 Almeriya
19/05 22:00 Granada 1-2 Selta
19/05 23:45 Roma 1-0 Jenoa
20/05 00:00 Loryan 5-0 Klermon
20/05 00:00 Monako 4-0 Nant
20/05 00:00 Lill 2-2 Nissa
20/05 00:00 Lion 2-1 Strasbur
20/05 00:00 Reyms 2-1 Renn
20/05 00:00 Lans 2-2 Monpelye
20/05 00:00 Tuluza 0-3 Brest
20/05 00:00 Gavr 1-2 Marsel
20/05 00:00 Mets 0-2 PSJ
20/05 21:30 Salernitana - Verona
20/05 23:45 Bolonya - Yuventus

Turg‘unboyev, Mo‘minjonov, Sarikov va Irismetov futboldan chetlatildi

Turg‘unboyev, Mo‘minjonov, Sarikov va Irismetov futboldan chetlatildi

Baho:
+2 | -

Aziz Turg‘unboyev yozgi transfer oynasiga qadar diskvalifikasiya qilindi

Bir vaqtning o‘zida ikki klub bilan shartnoma imzolashda gumon qilinayotgan O‘zbekiston milliy terma jamoasi a’zosi Aziz Turg‘unboyevning mojaroli ishi Futbolchilarning maqomi va o‘tishi bo‘yicha qo‘mita tomonidan o‘rganib chiqildi.  

Ma’lum bo‘lishicha, Turg‘unboyevning “Navbahor” futbolchisi sifatida PFL ro‘yxatidan o‘tkazilgan shartnomasi 2018 yilning 30 noyabr kuni o‘z yakuniga yetgan. U Futbolchilarning maqomi va o‘tishi bo‘yicha reglament bandlaridan kelib chiqib, shartnomasi yakuniga yarim yil vaqt qolganida boshqa klublar bilan muzokara o‘tkazishi mumkin edi. Uning bu huquqidan “Paxtakor” futbol klubi unumli foydalanishga harakat qilgan hamda Aziz Turg‘unboyev bilan 2018 yilning 5 sentyabr kuni 2 yilga mo‘ljallangan hamda 2019 yilning 1 yanvaridan kuchga kiradigan shartnoma imzolagan.  

Ishni o‘rganish jarayonida ishtirok etgan “Navbahor” tomoni bu shartnomani mavhum qoldirishga harakat qildi. Biroq Aziz Turg‘unboyevning ko‘rsatmasi hamda mavsum yakunlanganidan so‘ng PFL bosh direktori nomiga yozgan arizasi orqali ma’lum bo‘ladiki, “Navbahor” futbolchining Toshkent klubi bilan shartnomasi bor ekani haqida bilsa-da, 2018 yilning 29 noyabr kuni Turg‘unboyevni yangi shartnomaga qo‘l qo‘yishga undagan. Bunda “Navbahor” tomoni Turg‘unboyev bilan 30 noyabr kuni yakuniga yetadigan shartnomani uzaytirmagan, balki futbolchiga yangi shartnoma imzolatgan. Qo‘shimchasiga, Turg‘unboyev vaziyat silliq hal etilishiga ishontirilgan.  

Mazkur ish jiddiy tus olishni boshlaganiga qaramay, dekabr oyi ekvatoriga kelib Turg‘unboyev “Paxtakor” bilan navbatdagi shartnomaga imzo chekkan. Oqibatda vaziyat butunlay izdan chiqqan. Bungacha PFL na “Paxtakor” va na “Navbahor” bilan tuzilgan shartnomalarni ro‘yxatga olgan. Boisi, O‘zbekistonda qishki transfer oynasi 17 dekabrga kelibgina ochilgan. Boz ustiga, 2019 yilgi mavsum uchun reglamentda jiddiy o‘zgarishlar qilayotgan PFL yuqoridagi kabi holatlarning oldini olish maqsadida muhim yangilikka qo‘l urgandi. Unga ko‘ra, futbolchi va klub o‘rtasida imzolanayotgan har qanday shartnoma roppa-rosa 1 oy ichida PFL ro‘yxatidan o‘tkazilmasa, tashkilot uning haqiqiyligini tan olmaydi. Mazkur qoida 2019 yilning 1 yanvar kunidan keyin taqdim etiladigan shartnomalar uchun taalluqlidir.

“Paxtakor” aynan 1 yanvar kuni Aziz Turg‘unboyev bilan tuzilgan shartnomani Osiyo Chempionlar ligasiga ro‘yxatdan o‘tkazish uchun olib keldi. Bu vaqt ichida “Navbahor” futbolchi bilan tuzilgan shartnomani taqdim etmadi. Namangan klubining Turg‘unboyev bilan tuzilgan shartnomasi O‘FA komissiyasi mazkur ishni o‘rganishni boshlaganidan keyingina ko‘rsatildi. Vaholanki, “Navbahor” boshqa klub bilan shartnomasi bor bo‘lgan futbolchini Qrimda tashkil etilgan yig‘inga jalb qilgan. “Paxtakor” tomoni esa aynan shundan kelib chiqib PFLga shikoyat arizasi bilan chiqqan.

O‘rganishlar natijasida Aziz Turg‘unboyevning ikki klub bilan shartnoma imzolagani aniqlandi. Bu esa Futbolchilarning maqomi va o‘tishi bo‘yicha reglamentning 5.43 bandiga ziddir. Shuningdek, Turg‘unboyev bir vaqtning o‘zida PFL vakillariga ham ikki xil istagini bildirgan. Xususan, u 2018 yilning 3 dekabr kuni “Paxtakor”da o‘ynashni istayotgani, biroq uning bu qaroriga “Navbahor” tomonidan bosim bo‘layotgani haqida o‘z qo‘li bilan ariza yozib ketgan. 2019 yilning 1 yanvar kuni esa “Paxtakor” bilan tuzilgan 5 sentyabr sanasidagi shartnomani bekor qilishni so‘rab ariza yozgan. Shu yilning 2 fevral kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda esa bosim “Paxtakor” klubi vakillari tomonidan qilingani borasida ko‘rsatma bergan.

Aziz Turg‘unboyevning milliy terma jamoa futbolchisi ekani, bunday mojaroli ishga birinchi boraralashib qolayotgani hamda boshqa bir qator omillar hisobga olinib, futbolchiga nisbatan yengilroq jazo tayinlandi. Endilikda u 2019 yilning 9 iyul sanasiga qadar futbolga aloqador barcha turdagi faoliyatdan diskvalifikasiya qilinadi. Mazkur vaqt davomida Turg‘unboyev Superliga hamda Pro-liga “A” klublari bilan shartnoma imzolay olmaydi.

Mazkur masala o‘zbekistonlik qolgan futbolchilar uchun ham saboq bo‘lishi kerak. Bundan buyon yuqoridagi kabi holatlar jiddiy o‘rganib chiqiladi va reglamentga zid ish qilganlar yanada jiddiyroq jazolarga tortiladi. Aziz Turg‘unboyev ishidagi qolgan detallar, klublarning bu mojarodagi ishtiroki va roli, ular tomonilan yo‘l qo‘yilgan xato va kamchiliklar yuzasidan komissiya o‘z qarori quyida ma’lum qilinadi.

Murabbiy Ilhom Mo‘minjonov 1 yilga futboldan chetlashtirildi

2018 yilning katta qismida “Navbahor” bosh murabbiyi sifatida ishlab kelgan Ilhom Mo‘minjonov futbolga aloqador barcha turdagi faoliyatdan 1 yilga diskvalifikasiya qilinadi. Bu haqdagi qaror Intizom va odob-ahloq qo‘mitasi tomonidan qabul qilindi.  

Qayd etish kerak, Turg‘unboyev mojarosini faqatgina Futbolchilarning maqomi va o‘tishi bo‘yicha komissiyagina hal qila olmasdi. Voqeaga aloqador bo‘lgan barchaga odilona sanksiyalar qo‘llash uchun O‘FA Intizom va odob-ahloq qo‘mitasini ham ishga jalb qildi. Mazkur qo‘mita Ilhom Mo‘minjonov tomonidan yo‘l qo‘yilgan hamda kasb etikasiga to‘g‘ri kelmaydigan bir qator jarayonlarni aniqladi.

Jumladan, Mo‘minjonov Aziz Turg‘unboyevni 2018 yilgi mavsumda ham “Navbahor” sharafini himoya qilishga ko‘ndiradi. Biroq keyinchalik undan o‘z manfaatlari yo‘lida foydalana boshlaydi. Birlamchi, Mo‘minjonov o‘z shogirdini futbol agentlari bilan tanishtiradi. Ya’ni, Turg‘unboyev Mo‘minjonovning tavsiyasiga ko‘ra Aleksandr Mitrofanov boshchiligidagi agentlar bilan hamkorlik qila boshlaydi. Mitrofanov nomidan bitimni o‘zbekistonlik Rustam Shoymardonov imzolaydi. Suhbat davomida Turg‘unboyev Mitrofanovni umuman tanimasligini, shartnomani Shoymardonov bilan tuzganligini aytdi. Mo‘minjonov esa bu haqda Turg‘unboyevdan yaxshiroq ma’lumotga ega. Biroq asosiy detallarga kelganda, u ko‘p narsadan bexabar ekanligini qayd etmoqda. Mazkur bitimdan Mo‘minjonov moddiy manfaat ko‘rganmi yoki yo‘q degan savolga murabbiy rad javobini berdi.  

Ikkinchidan, Mo‘minjonov o‘zi boshchilik qilayotgan “Navbahor” klubining chempionlik yo‘lidagi prinsipial raqibi bo‘lgan “Paxtakor” qaramog‘iga Turg‘unboyevni o‘zi olib boradi. Bunda futbolchi bilan ko‘p yillik emas, bir yillik shartnoma tuzilgani, endi esa futbolchi yangi jamoaga erkin agent sifatida yo‘l olishi kabi masalalar yotibdi. Ya’ni, “Navbahor” o‘z kashfiyotining ortidan hech qanday moliyaviy foyda ko‘rmaydi. Mo‘minjonov yuqoridagi kelishuvdan qandaydir manfaat ko‘rgani borasidagi savolga ham rad javobini berdi. Biroq murabbiy o‘zi uchun raqib bo‘lgan klub manfaatlariga nima uchun xizmat qilib yurganini izohlay olmadi.

Uchinchidan, Mo‘minjonov “Navbahor”da futbolchilar bilan aynan o‘zi hisob-kitob qilgani aniqlandi. Murabbiyning asl vazifasi futbolchilarning sport formasi bilan ishlash bo‘lsa-da, Mo‘minjonov klubda hisobchi ham bo‘lgan va homiylar tomonidan berilgan mablag‘larni o‘zi bilganicha taqsimlayvergan.  

Etika qo‘mitasining da’vosiga ko‘ra, yuqoridagilarning barchasi odob-ahloq normalariga to‘g‘ri kelmaydi. O‘zi pul topayotgan klub manfaatlariga xizmat qilish o‘rniga, uning ichida turib boshqa klub bilan oldi-beri qilishni afzal ko‘radigan murabbiy vaqtinchalik bo‘lsa-da futboldan chetda yurgani ma’qul deb topildi va Mo‘minjonov 1 yilga futboldan diskvalifikasiya qilindi.

Shamshod Sarikov va Ja’far Irismetov 6 oyga diskvalifikasiya qilindi

Mamlakat futbolini rivojlantirish yo‘lida “Paxtakor” va “Navbahor” rahbariyati katta hajmdagi ishlarni amalga oshirmoqda. Xususan, “Paxtakor” investorlari va Namangan viloyati hokimining xizmatlarini alohida e’tirof etish kerak. Biroq ularning ishonchida bo‘lsa-da, aslida reglamentda belgilab qo‘yilgan talablarni pisand qilmaydigan, ulardan yaxshi xabardor bo‘lmasligi oqibatida, o‘z klublari sha’niga putur yetkazadigan kadrlar ham uchrab turibdi. Yuqoridagi ikki qo‘mita o‘zaro kelishib, mana shunday kadrlarning uch nafarini 6 oyga futboldan chetlashtirdi.

“Paxtakor” sport direktori Ja’far Irismetov o‘zi faoliyat olib borayotgan klub Aziz Turg‘unboyevning transferi masalasi yuzasidan “Navbahor”ga rasmiy chiqish qilmagan bo‘lsa-da, futbolchining o‘zi, jamoa murabbiyi Ilhom Mo‘minjonov hamda futbol agentlari bilan bemalol ish olib boravergan. Ya’ni, Turg‘unboyevning “Navbahor” bilan shartnomasi yakuniga 6 oydan ko‘proq vaqt bo‘lsa-da, Irismetov reglamentga zid ravishda klubni rasmiy ogohlantirmay, u bilan aloqaga chiqavergan. Suhbat davomida Irismetov buni o‘zi tan oldi.

Shuningdek, Irismetov “Navbahor” bilan ikkinchi shartnomaga qo‘l qo‘ymaslik, bu reglamentning buzilishi bo‘lishi haqida Turg‘unboyevni to‘g‘ri ogohlantirgan. Biroq sport direktori sifatida o‘zi yuqoridagi xatoga yo‘l qo‘ygan, shuningdek, “Paxtakor” tarkibiga kelib qo‘shilmasa, futbolchini 2 yil futboldan chetlashtirib yuborish bilan qo‘rqitgan. Vaholanki, bu ishni u O‘FA orqali hal qilishi mumkin edi. Futbolchiga bo‘lgan bosim esa ortiqcha.

“Navbahor” vise-prezidenti Shamshod Sarikov esa Turg‘unboyev ishini silliq qilib yuborish borasidagi puch yong‘oq bilan futbolchining qo‘ynini to‘ldirib, uni ikkinchi shartnomaga undagan hamda unga qo‘l qo‘ydirgan. Shuningdek, PFL ro‘yxatdan o‘tkazgan boshqa klub futbolchisini hech kimni ogohlantirmay, Qrim yig‘iniga olib ketgan. Reglamentni yuqoridagi kabi masalalari unga tushuntirilganda, Sarikov ulardan bexabarligi, boshqa narsadan umid qilgani, boshqacha o‘ylagani kabi vajlarni keltirdi. Shundan kelib chiqib, O‘FA Sarikovga ham futbol borasidagi bilimlarini oshirib olish uchun imkoniyat berishga qaror qildi va uni ham Irismetov kabi 6 oyga futbolda chetlatdi. Qo‘shimchasiga, futbol haqida yetarlicha tasavvurga ega bo‘lmagan, o‘z vazifasiga noloyiq deb topilgan “Navbahor” bosh direktori Rusal Akromov ham futboldan 6 oy “dam oladi”. U mazkur masalalarni o‘z nazoratiga olmagani, reglament haqida tasavvuri yo‘qligini tan olib o‘tdi.

Bu ikki tarafning o‘yinlari sabab huquqiy savodi yetarlicha bo‘lmagan bir futbolchi aziyat chekdi. Shuning uchun ham faqatgina Turg‘unboyevning diskvalifikasiya bo‘lib ketishi adolatdan bo‘lmasdi. “Paxtakor” va “Navbahor” rahbariyati o‘z sport direktoriga, vise-prezidentiga ishonib ish ko‘rgan va voqeaning barcha tafsilotlaridan boxabar bo‘lmagan. Yuqoridagilarni inobatga olib, Aziz Turg‘unboyev bilan tuzilgan har qanday shartnomalar o‘z kuchini yo‘qotgan deb topiladi. Ya’ni, 9 iyulga qadar Turg‘unboyev hech bir klub bilan aloqaga chiqmaydi, ammo shu sanadan e’tiboran erkin agentga aylanadi. Turg‘unboyev bilan kelishish vaqtida hozir bo‘lgan, biroq uning boshiga ish tushgan vaqtda himoya uchun kelmagan futbol agentlari bilan hamkorlik davom etishi yoki etmasligini uning o‘zi hal qiladi. O‘FA esa o‘zbekistonlik futbolchilarni bu kabi ishlarda shoshilmaslikka va o‘ylab qaror chiqarishga chaqiradi. 

Xulosa

PFL ayni vaqtda reglament masalasida katta o‘zgarishlarni amalga oshirdi. Bundan buyon shartnomalar, futbolchi va murabbiylarning etika masalalari jiddiy nazoratda bo‘ladi va har kim qilmishi uchun javob beradi. Futboldan chetlashtirilgan shaxslar bilan aloqaga o‘rnatgan, ulardan futbolga oid ishlarda foydalangan har qanday tarafni jiddiy sanksiyalar kutadi. Shuningdek, futbolga aralashgani aniqlansa, yuqoridagi shaxslar bundan ham og‘irroq sanksiyalarga duchor bo‘ladi.

O‘FA “Paxtakor” va “Navbahor” futbol klublarini yuqoridagi kabi masalalarga jiddiy e’tiborda bo‘lishga chaqiradi. Keyingi safar klublar katta jarimalarga tortilishi yoki futbolchilarni ro‘yxatdan o‘tkazish huquqidan mahrum qilinishi mumkin. Yuqoridagi qarorlar ikki qo‘mita a’zolari tomonidan belgilangan tartibda qabul qilindi.

Manba: UFA
Kiritildi: 13:50, 05.02.2019.
O'qildi: 14265 marta.
Fikrlar: 8 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.