Bugun, 15 fevral kuni “Saraton bilan kasallangan bolalar Xalqaro kuni” nishonlanmoqda. Bu kunda xayriya aksiyalari, bolalar onkologiyasi muammolari bilan tanishtiruvchi turli tadbirlar tashkil qilinadi. Ana shu maqsadda O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi mutasaddilari, shuningdek, dzyudo bo‘yicha xalqaro toifadagi hakam, Osiyo chempioni, Osiyo o‘yinlari sovrindori va ko‘plab xalqaro turnirlar g‘olibi Ramziddin Saidov bugun Respublika ixtisoslashtirilgan ilmiy-amaliy onkologiya radiologiya markaziga tashrif buyurishdi. U yerda onkologik kasallik bilan hastalangan bolajonlarning ko‘nglini ko‘tarish, ularga umid bag‘ishlash maqsadida esdalik sovg‘alari ulashildi.
«Sportchilar bunday tadbirlarda ko‘p ishtirok etadilar. Ammo, men ushbu markazga ilk maroatab tashrif buyurdim. Biz bolajonlar va ularning ota-onalarini qo‘llab-quvvatlash, muammolarni biroz bo‘lsada yoddan chiqarishlariga yordam berish maqsadida ularga sovg‘alar ulashdik. Bolalar tezroq sog‘ayib ketib, ushbu koptoklarni o‘ynashsin, sport bilan shug‘ullanishsin va sog‘lom bo‘lishsin», – dedi Ramziddin Saidov.
Darhaqiqat, bugun onkologik markaz binosida haqiqiy bayram tashkil etildi. Bolajonlarni ko‘llab-quvvatlash uchun nafaqat Olimpiya harakati ishtirokchilari, balki estradamiz yulduzlari, turli tashkilotlar vakillari ham tashrif buyurishdi.
«Saraton bilan kasallangan bolalar Xalqaro kuni”ni tashkil qilishdan maqsad – pediatr-shifokorlarning saviyasini oshirish, professional tibbiyot ahli, fuqarolarning ijtimoiy mas’uliyatini yuksaltirish va bolalar onkologiyasi haqida o‘zaro fikr almashishdan iboratdir. Bolalar bizning kelajagimiz. Biz ularning sog‘lom bo‘lishlarini istaymiz. Afsuski, onkologik kasallikni dastlabki bosqichdayoq bilib bo‘lmaydi. O‘zbekistonda yiliga 3000 nafardan ortiq bolalar onkologik kasalliklar bilan og‘riydi. Bugungi kunda markazimiz 60 nafar bolani qabul qila oladi. Bugun Milliy olimpiya qo‘mitasi mutasaddilari ham bolalarimizni tabriklagani kelishganidan juda xursand bo‘ldik», – dedi Respublika ixtisoslashtirilgan ilmiy-amaliy onkologiya radiologiya markazi direktori o‘rinbosari Odiljon Ahmedov Muhammedjanovich.
Milliy olimpiya qo‘mitasi saratonga chalingan bolajonlarning tezroq sog‘ayib, sog‘lom xayotga qaytishlarini tilaydi. Shu bilan birgalikda, ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ko‘nglini ko‘tarish, dardiga malham bo‘lish uchun barcha keakli ishlarni amalga oshirga tayyor ekanligini ma’lum qiladi.