Bugun poytaxtimizdagi «Olimpiya shon-shuhrati» muzeyida O‘zbekiston chim ustida xokkey federasiyasi tomonidan tadbir tashkil etildi.
Unda Milliy olimpiya qo‘mitasi vakillari, O‘zbekiston chim ustida xokkey federasiyasi mutasaddilari, federasiyaning viloyat bo‘limi vakillari, sportchilar, hakamlar, murabbiylar hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etishdi.
Konferensiya davomida federasiya raisi Bahodir Ahmedov 2018 yilda tashkilot tomonidan amalga oshirilgan ishlar haqida ma’lumot berdi. Shuningdek, 2019 yil uchun rejalar haqida ma’lum qildi. Unga ko‘ra, yaqin vaqtlarda poytaxtimizda terma jamoa uchun yangi baza ish boshlaydi. Surxondaryo va Sirdaryo viloyatlarida ham chim ustida xokkey bilan shug‘ullanish uchun sport bazalari bunyod etiladi. Shu oy oxirida Buxoroda ana shunday sport bazasining ochilishi kutilmoqda.
«Bugungi kundagi eng asosiy maqsadimiz Tokio 2020 Olimpiadasiga yo‘llanma olishdir. Umid qilamanki, biz mazkur vazifani uddalay olamiz. Milliy olimpiya qo‘mitasi bugungi kunda sportchilar uchun yetarli shart-sharoitlar yaratib bermoqda, o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlari tashkil etilmoqda. Buning uchun MOQqa minnatdorchilik bildiraman», – dedi Bahodir Ahmedov.
Shuningdek, Milliy olimpiya qo‘mitasi prezidenti maslahatchisi Nazirjon Xudoyqulov sportchilarimizni Tokio 2020 Olimpiadasiga tayyorlash bo‘yicha ishlab chiqilgan strategiya haqida batafsil gapirib berdi.
So‘ngra, 2018 yilda o‘zini ko‘rsata olgan sportchilar, murabbiylar, hakamlar va viloyat bo‘limlari xodimlarini taqdirlash marosimi tashkil etildi.
Sizga yaxshi ma’lumki, O‘zbekiston hali Olimpiya o‘yinlarida jamoaviy sport turlari bo‘yicha bahslarda ishtirok etmagan. Umid qilamizki, chim ustida xokkey bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi a’zolari ushbu nohush an’anani buzib, bu borada o‘zbek sporti tarixida birinchi bo‘ladilar.