Ayni kunlarda butun respublikamiz bo‘ylab yangi futbol mavsumi oldidan turli tadbirlar, muxlislar bilan uchrashuvlar hamda superliga o‘yinlariga muxlislarni jalb qilish borasida targ‘ibot ishlari o‘tkazilmoqda.
Shunday tadbirlardan biri bugun Qo‘qon shahrida bo‘lib o‘tdi. PFLning muxlislar bilan ishlash bo‘limi xodimlari “Qo‘qon-1912” futbol klubiga tashrif buyurdilar.
“Markaziy” stadionda klub vakillari hamda stadion rahbariyati bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Uchrashuvda 2019 yilgi Superliga o‘yinlariga tayyorgarlik, muxlislarga yaratilish lozim bo‘lgan qulayliklar borasida o‘zaro fikr almashildi.
Shundan so‘ng Qo‘qon pedagogika kollejida futbol muxlislari bo‘lgan talaba yoshlar bilan “Qo‘qon-1912” futbol klubining faxriy futbolchilari Azamat Ashurmatov hamda Alisher Otajonovlar ishtirokida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvda “Qo‘qon-1912” futbol klubi matbuot va marketing bo‘limi boshlig‘i Akramjon Mamadaliyev ishtirok etib, muxlislarga yangi mavsumga bo‘layotgan tayyorgarlik jarayonlari, jamoadagi o‘zgarishlar borasida ma’lumot berib o‘tdi.
Faxriy futbolchilar yoshlarni sportga, xususan futbol bilan shug‘ullanishga targ‘ib qildilar. Muxlislar va faxriy futbolchilar o‘rtasida o‘ziga xos master – klass tashkil qilindi.
Uchrashuvda ishtirok etgan muxlis va muxlisalar o‘zlarini qiziqtirgan ko‘plab savollarga “Qo‘qon-1912” futbol klubi xodimlaridan, muxlislar klubi faollaridan javoblar olishdi.
Uchrashuvda “Siz Qo‘qon futboli tarixini qanchalik bilasiz” deb nomlanagan viktorina o‘tkazildi. Berilgan savollarga tez va aniq javob yo‘llagan muxlislar, faxriy futbolchilarning dastxatlari tushirilgan koptoklarni qo‘lga kiritdilar.
Bo‘lib o‘tgan tadbirda shuningdek muxlislar klubi faollari, mahalla va oliy ta’lim boshqarmasi xodilari ham ishtirok etishdi.
Tadbir juda qiziqarli va muxlislarning yodida qolardigan lahzalarga boy tarzda bo‘lib o‘tdi. Tadbir yakunida PFLning muxlislar bilan ishlash bo‘limi xodimlari bilan hamkorlikda bunday tadbirlarni yanada ko‘proq o‘tkazishga kelishib olindi.