Kirish Ro'yxatdan o'tish
22/12 00:45 Lechche 1-2 Lasio
22/12 01:00 Barselona 1-2 Atletiko
22/12 16:30 Roma 5-0 Parma
22/12 18:00 Valensiya 2-2 Alaves
22/12 19:00 Fulhem 0-0 Sautgempton
22/12 19:00 Lester 0-3 Vulverhempton
22/12 19:00 Man. Yunayted 0-3 Bornmut
22/12 19:00 Everton 0-0 Chelsi
22/12 19:00 Venetsiya 2-1 Kalyari
22/12 20:15 Real Madrid 4-2 Sevilya
22/12 21:30 Tottenhem 3-6 Liverpul
22/12 22:00 Atalanta 3-2 Empoli
22/12 22:30 Leganes 2-5 Vilyarreal
22/12 22:30 Las-Palmas 1-0 Espanyol
23/12 00:45 Monsa 1-2 Yuventus
23/12 01:00 Betis 1-1 Rayo Valyekano
23/12 22:30 Fiorentina - Udineze
24/12 00:45 Inter - Komo

Samvel Babayan bilan suhbat

Samvel Babayan bilan suhbat

Baho:
+ | -1

Bugun Toshkentning «Lokomotiv» klubi o‘zbek futbolining mashhur insonlaridan biri Samvel Babayan klub prezidentining maslahatchisi bo‘lganini e’lon qildi. Bu kutilmagan xabar bo‘ldi, chunki O‘FA murabbiyni futboldan chetlashtirgan edi. Bu masalaga oydinlik kiritish va Samvel Babayanning terma jamoadan ketgach nima bilan band bo‘lgani haqida savollarga javob olish uchun tribuna.uz sayti muxbiri murabbiy bilan suhbatlashdi.

— Bugun o‘zbek futboliga qaytganingiz muxlislar orasida keng muhokama qilinmoqda. Terma jamoadan ketgach chet eldagi faoliyatingiz haqida barcha eshitgan. Lekin hozirgacha nimalar qilganingizni o‘z tilingizdan eshitsak...
— O‘tgan vaqt davomida Latviyada bo‘ldim. Yurmalaning «Spartak» jamoasida ishladim. U yerda yomon ishlamayotgandik. Lekin keyinroq ma’lum bo‘ldiki, mening Osiyoda olingan lisenziyam Yevropada o‘tmas ekan. So‘ng rahbariyatda faoliyatimni davom ettirdim. Yaqinda menda «Lokomotiv»dan taklif bo‘ldi va O‘zbekistonga qaytdim. Kim nima desa, desin, men vatanimni yaxshi ko‘raman va doim unga qaytgim keladi. «Lokomotiv» hozir yangi darajaga ko‘tarilishni maqsad qilgan. Bu yo‘lda foydam tegsa, xursand bo‘laman.

Men futbolga bugun kirib kelganim yo‘q. «Paxtakor»da yetarli tajriba to‘plaganman. «Lokomotiv»da klub prezidentining maslahatchisi bo‘lib ishlayman. Bugun jamoa bilan uchrashdim, ertadan ishga kirishaman. «Lokomotiv» kelajak uchun asos qurmoqchi, ya’ni akademiyasini kuchaytirmoqchi. Men seleksiya ishlari bilan ham shug‘ullanaman.

— Demak murabbiylar shtabida faoliyat yuritmaysiz?
— Yo‘q. Lekin kabinetda ham o‘tirmayman. Men kabinetda o‘tirib ishlashni yoqtirmayman. Jamoa uchun yangi futbolchilar qidirish bilan shug‘ullanaman. Ertagayoq klub akademiyasiga borib qilinishi kerak bo‘lgan ishlarni belgilab olamiz. Kuchli klublarning akademiyalari, xususan «Krasnodar» klubi akademiyasi bilan hamkorlik qilishga harakat qilamiz. Biz «Koppa Karnavale»da qatnashishni boshlaymiz. Bu musobaqada «Paxtakor»ning yosh futbolchilari muntazam qatnashardi. Keyingi yildan «Lokomotiv» dunyoning 40 ta kuchli jamoalari qatnashadigan bu yoshlar musobaqasida o‘ynaydi.

— Yaqinda sizning «Surxon» jamoasida ish boshlaganingiz haqida xabarlar paydo bo‘ldi. Bu qanchalik haqiqatga yaqin?
— Men u yerda ishlaganim to‘g‘ri emas. «Surxon» bosh homiysi «O‘zbekgidroenergo» rahbari Abdug‘ani Sanginov meni jamoaga taklif qilgani rost. U bilan ba’zi narsalarni maslahat qildik, lekin jamoada rasman ish boshlamagandim.

— «Lokomotiv» sizning klubda ish boshlaganingizni e’lon qilgach, ko‘pchilik ajablandi. Chunki O‘FA sizni futboldan chetlashtirgan edi...
— Sizga mana bu hujjatni ko‘rsatishim kerak. Meni diskvalifikasiya qilishganidan ikki hafta o‘tgach uni bekor qilishgan. O‘FA ijroqo‘mining 2018 yil 1 fevraldagi 5-sonli qaroriga ko‘ra diskvalifikasiya bekor bo‘lgan (murabbiy Kun.uz’ga hujjatni taqdim etdi). Meni chetlatishganda ham, diskvalifikasiya bekor bo‘lganida ham men bo‘lmaganman. O‘zimni oqlashga ham uringanim yo‘q, chunki men Moskvaning «Spatrak» klubida malaka oshirishga ketgandim. U yerda mendan qandaydir hujjat talab qilishmasdi. Keyinchalik Latviyaning «Spatrak» klubiga ishga ketdim. Men PR qilishni emas, ishlashni yaxshi ko‘raman, menga ko‘proq ishlash yoqadi. Shu sabab chetlatish bekor bo‘lgani haqida ovoza qilmadim.

— Moskvaning «Spatrak» klubida tajriba oshirganingiz haqida gapirib bersangiz. Sizni u yerga ishlagani bordingiz deb o‘ylagandik.
— «Spartak»ga borganimdan so‘ng men bilan suhbat qilishdi. Keyin u internetga chiqib ketdi. Meni yon tomondan rasmga olishgandi va xuddi intervyu berayotgandek ko‘ringanman. Aslida u yerga shunchaki tajriba orttirish uchun borgandim. Mendan O‘zbekiston terma jamoasi murabbiyi nega bizda tajriba orttiryapsiz, deb so‘rashdi. Men esa Karrera kuchli murabbiy ekanini, undan o‘rganmoqchi bo‘lganimni aytdim. Axir Karrera «Yuventus»da Konte bilan birga ishlagan. Italiya taktika borasida tengsiz hisoblanadi. Ulardan ko‘p narsa o‘rganish mumkin.

— Terma jamoadan ketganigizdan so‘ng muxlislar qanday tanqid qilishganini bilsangiz kerak. Qanchalik katta bosim ostida qolganigizni his qilganmisiz?
— Men professionalman va bularni normal qabul qilaman. Yuqorida aytdim, kim nima desa ham, men vatanimni yaxshi ko‘raman. U uchun nimadir qilgim keladi. Shu sabab O‘zbekistonga qaytdim. Terma jamoa uchun meni tanqid qilishganini bilaman. Lekin men terma jamoa murabbiyligida maydonda borimni berganman. Qo‘limdan kelganini qilganman. Men terma jamoa bosh murabbiyi bo‘lishdan oldin buning qanchalik katta mas’uliyat ekanini bilardim. Menimcha, biz albatta Jahon Chempionatiga chiqamiz. Bunga ishonchim komil, chunki bizda yaxshi futbolchilar ko‘p.

Mening maqsadim ana shunday talantlardan ko‘prog‘ini izlab topish. Bu ishni oldin uddalaganman. Endi «Lokomotiv»da ham shuni takrorlashga urinib ko‘raman. Men 15 yil «Paxtakor»da ishlaganman. Bu vaqt davomida klubning 42 ta futbolchisi terma jamoada debyut qildi. 200 ta futbolchi turli yoshdagi terma jamoalarda debyut qilishdi. Bosh jamoa 9 marta mamlakat chempioni bo‘ldi. Bu bilan maqtanmoqchi emasman, lekin qo‘limdan keladigan ishlar bor va buni «Lokomotiv»da ko‘rsatmoqchiman. Bosim haqida gapirsam, murabbiy odam bunday narsalarga tayyor bo‘lishi kerak. Muxlislarga bir narsani aytmoqchiman: har qanday holatda ham terma jamoani qo‘llash kerak. Men murabbiylik vaqtida erta-yu kech faqat bir narsani xohlaganman: Jahon Kubogiga chiqishni va bizni butun dunyoda tanishini. Afsuski, bunday bo‘lmadi.

O‘tkir Jalolxonov suhbatlashdi

Manba: tribuna.uz
Kiritildi: 23:06, 26.02.2019.
O'qildi: 6251 marta.
Fikrlar: 11 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.