Professional boksning super yarim o‘rta (-69,85 kg) vazn toifasida ringga chiqayotgan Isroil Madrimov (2-0, 2 KO) yil so‘ngiga qadar mazkur vazn toifasining WBO yo‘nalishi bo‘yicha chempioni, meksikalik Xayme Mungiyaga (32-0, 26 KO) qarshi ringga chiqmoqchi. Bu haqda u GoSport internet-nashriga ma’lum qildi.
“Yil so‘ngiga qadar jahon chempionligi kamari uchun jang qilishni reja qilganmiz. Bu beshinchi yoki oltinchi jangimizda bo‘lishi ko‘zda tutilgan. Promouterlarimga mazkur vazn toifasida yengilmas bo‘lib turgan, Xayme Mungiya bilan jang qilish niyatida ekanimni aytdim. Bu jangni iloji boricha yil so‘ngiga qadar tashkillashtirish niyatidamiz.
Agar bu yil so‘ngiga qadar amalga oshmasa, keyingi yil boshida bo‘lsa ham o‘tkaziladi. Asosiysi mana shu yil so‘ngiga qadar u bilan jang qilish bo‘yicha kelishib olish yoki jangni shu yildayoq o‘tish”, deya gapirib o‘tgan Madrimov.
Eslatib o‘tamiz, Isroil Madrimov 9 mart (Toshkent vaqti bilan 10 mart) kuni AQSHda bo‘lib o‘tgan boks oqshomida venesuelalik Frenk Roxasni (24-3, 23 KO) ikkinchi raundda chuqur nokautga uchratib g‘alaba qozongan va o‘zining WBA InterContinental kamarini himoya qilgandi. Ayni vaqtda Madrimov WBA reytingida 9-o‘rinda bormoqda. WBO reytingida u hozircha qayd qilinmagan.
Ma’lumot uchun, yengilmas Xayme Mungiya 22 yosh bo‘lishiga qaramasdan, 32 jangining barchasida g‘alaba qozongan. 2018 yilning 12 may kuni Sadam Alini mag‘lub etib mazkur chempionlik kamarini qo‘lga kiritgan. Shundan so‘ng yana uch marta ushbu kamarini himoya qilishga ulgurgan. 13 aprel kuni u Meksikada irlandiyalik Dennis Huganga (28-1-1, 7 KO) qarshi jangda WBO chempionlik kamarini himoya qiladi.