Kirish Ro'yxatdan o'tish
11/05 00:00 Nissa 1-0 Gavr
11/05 00:00 Brest 1-1 Reyms
11/05 00:00 Alaves 2-2 Jirona
11/05 16:30 Fulhem 0-4 Manchester Siti
11/05 17:00 Malyorka 1-0 Las-Palmas
11/05 19:00 Olimpik 1-2 Paxtakor
11/05 19:00 Metallurg 0-0 Qizilqum
11/05 19:00 Vulverhempton 1-3 Kristal Pelas
11/05 19:00 Bornmut 1-2 Brentford
11/05 19:00 Everton 1-0 Sheffild Yunayted
11/05 19:00 Nyukasl 1-1 Brayton
11/05 19:00 Tottenhem 2-1 Byornli
11/05 19:00 Vest Xem 3-1 Luton
11/05 19:15 Vilyarreal 3-2 Sevilya
11/05 21:00 Napoli 0-2 Bolonya
11/05 21:30 Nottingem Forest 2-3 Chelsi
11/05 21:30 Granada 0-4 Real Madrid
11/05 23:45 Milan 5-1 Kalyari
12/05 00:00 Atletik Bilbao 2-2 Osasuna
12/05 15:30 Lasio - Empoli
12/05 17:00 Kadis - Xetafe
12/05 18:00 Jenoa - Sassuolo
12/05 18:00 Verona - Torino
12/05 19:15 Atletiko - Selta
12/05 20:30 Man. Yunayted - Arsenal
12/05 21:00 Yuventus - Salernitana
12/05 21:30 Valensiya - Rayo Valyekano
12/05 23:45 Atalanta - Roma
13/05 00:00 Strasbur - Mets
13/05 00:00 Klermon - Lion
13/05 00:00 Nant - Lill
13/05 00:00 Monpelye - Monako
13/05 00:00 PSJ - Tuluza
13/05 00:00 Renn - Lans
13/05 00:00 Marsel - Loryan
13/05 00:00 Betis - Almeriya
13/05 21:30 Lechche - Udineze
13/05 23:45 Fiorentina - Monsa
14/05 00:00 Aston Villa - Liverpul
14/05 00:00 Barselona - Real Sosyedad

Taqdir: Barvaqt so‘ngan yulduz

Taqdir: Barvaqt so‘ngan yulduz

Baho:
+ | -

Bundan atigi 15 yil avval Adriano Leyte Ribeyro o‘zining maftunkor o‘yinlari bilan el og‘ziga tushgan, Ronaldoning vorisi maqomiga loyiq topilgandi. Lekin cho‘qqiga talpingan shiddatli parvoz to‘satdan to‘xtab qoldi. Football.ua vakillarining quyidagi materiali vorisning ayanchli faoliyati haqida.

Bu futbolchi mukammal texnika, qudratli jismoniy quvvat va o‘ta chaqqon oyoqlar sohibi edi. 2000-yillar avvalida PES seriyasi musobaqalarining yorqin yulduzlaridan biriga aylangan hujumchining zarbalari afsonaviy «so‘yloq» - Ronaldoni eslatardi. 2003|2004 yillar mavsumining dastlabki turlarida «Parma» safidagi 9 uchrashuvda 8ta gol urgan Adriano tez orada «Inter» darajasiga ko‘tarildi. Sayyoramizning eng sara futbolchilari qatoridan joy olishi aniq bo‘lib ulgurgan da’vogar uchun bu mantiqan to‘g‘ri yo‘l edi. Milandagi faoliyati davomida Adriano «Skudetto»ning 4 karra sohibiga aylangan bo‘lsada, muxlis va mutaxassislarga bir jumboq hanuzgacha tinchlik bermay kelmoqda: «Agarda u boshqa jamoaga o‘tganida nima bo‘lardi?»

Chinakam professional sportchiga xos bo‘lmagan tarzda o‘tkazilgan bir necha yillardan so‘ng Adriano o‘zining asosiy vaqtini Rioning badavlat tumanlaridan biri - Barra-da-Tijukada o‘tkazmoqda. Ba’zan o‘zi tug‘ilib-o‘sgan Vila-Kruzeyroga yo‘l olib, eski qadrdonlari bilan chaqchaqlashadi, bolakaylarga sovg‘alar ulashadi.

Hozir hujumchi 37ga chiqdi. Lekin bolalarga xos ko‘rinishini boy bermagan, hatto ayrim jihatlarida ijobiy o‘zgarishlar ham yo‘q emas. «Vaqti-vaqti bilan bu yerda kechki bazmlar bo‘lib turadi. Ammo avvalgidek sershovqin emas. Bir paytlari kelib-ketuvchilarning safi arimasdi. Qo‘shnilar esa to‘s-to‘polonlardan shikoyat qilishardi. Endi u ancha bosilib qoldi, vazmin yigitga aylandi», - deydi hujumchining qo‘shnisi Karlos Almeyda.

Garchi bu e’tirofni jiddiy o‘zgarishga tenglab bo‘lmasada, Adrianoda ijobiy fazilatlar ko‘payganligi aniq. Avvallari u ichkilikka ruju qo‘ygan, polisiya xodimlari e’tiborini tortishga ham ulgurgandi. Endi o‘rtoqlari uning futbolga qaytish rejasi haqida gapirishmoqda. To‘g‘ri, bir paytlari hujumchi quyi liga vakili - «Mayami Yunayted»da o‘z imkoniyatlarini sinovdan o‘tkazgandi. Biroq uning «Instagram»da namoyish etgan suratidan xulosa chiqaradigan bo‘lsak, tarvuzdek qorin bilan jiddiy mashg‘ulotlarda qatnashishiga shubha uyg‘onadi. Ammo kechki bazmlarga chek qo‘yganligi haqiqatga yaqin. Futbolchining ruhiy holati ham avvalgidek emas, raqib jarima maydonchasiga o‘ziga xos shiddat bilan bostirib kirishiga ko‘pchilik ishonmayapti. Yillar o‘z ta’sirini ko‘rsatib, futbolchida ishonchsizlik kayfiyatini yuzaga keltirgan. Bu esa Adrianoga o‘z faoliyatini chinakam prfessionallarga xos tarzda yakunlashida xalal berishi mumkin.

Xo‘sh, jahon miqyosidagi yulduzga qiyoslanayotgan, Italiyada «Imperator» unvoniga sazovor bo‘lgan hujumchining g‘oyib bo‘lishi sababi nimada?

Burilish nuqtasi

Bir mudhish voqea, aniqrog‘i, fojia Adriano uchun kuchli zarba bo‘ldi va oqibatda Ronaldoning vorisi 30 yoshli baqaloqqa aylandi. Futbolchi otasidan judo bo‘lgandi.

2004 yilning 25 iyulida Adriano Amerika kubogining Limadagi finalida hisobni tenglashtirgan, keyin Braziliya penaltilar seriyasida Argentinani mahv etgandi. «Imperator» o‘sha asabiy pallada mas’uliyatni o‘z zimmasiga olib, birinchi zarbani o‘ta sovuqqonlik bilan golga aylantirgan va jamoadoshlariga ruhiy madad bergandi. Nufuzli sovrinni hujumchi eng yaqin kishisi - otasiga bag‘ishladi. «Bu kubokni otamga bag‘ishlayman. U mening eng yaqin do‘stim, doimiy hamkorim», - degandi ko‘z yoshlarini tiya olmagan Adriano o‘yindan keyin.

Afsuski, futbolchining otasi Almir jiddiy xastalikka chalingandi. Perudagi tarixiy g‘alabadan keyin 9 kun o‘tgach, 45 yoshli Almir yurak xuruji tufayli olamdan o‘tdi. O‘shanda Adriano 22ga chiqqandi. «Otasi Adrianoga doimo g‘amxo‘rlik qilar va imkoni boricha qo‘llab-quvvatlab turardi. Biroq kutilmaganda Braziliya­dan otasi vafot etganligi haqida xabar qilishdi. Go‘shakni o‘rniga qo‘yishga ham holi yetmagan Adriano o‘kirib yig‘lab yubordi. O‘sha kundan boshlab men va Moratti uni xuddi o‘z ukamizdek asrab avaylaydigan bo‘ldik», - degandi «Inter»ning sobiq himoyachisi Xavyer Zanetti o‘z jamoadoshi haqida.

Braziliyaliklarning o‘sha davrdagi bosh murabbiyi Karlos Alberto Parreyrani yosh shogirdi qanchalik lol qoldirganini quyidagi e’tirofdan bilib olish mumkin: «Adriano albatta, futbol tarixiga kiradi. Navbatdagi 3ta JCHda u bundanda samaraliroq o‘yin ko‘rsatishiga aslo shubha qilmayman». Biroq hujumchining saviyasi shiddatli tarz­da pasaya boshladi. Aytishlaricha, Adriano har oqshom hech bir sababsiz bazmlar uyushtirar, ichkilikka mukkasidan ketgandi.

«O‘sha davrda men faqat ichganimdan keyin o‘zimni baxtiyor his etardim. «Inter»dagi ustozim Roberto Manchini va jamoadoshlarim mast holda mashg‘ulotga kelayotganimni bilishardi. Men esa mashg‘ulotdan qolib ketish yoki kechikib borishdan qo‘rqib, uxlamasdim. Shu bois, tibbiy bo‘limda tunab, jurnalistlarga mushaklarimni davolayotganimni bahona qilardim», - degandi hujumchi 2017 yilda bergan intervyusida. Jamoadoshlarining Adrianoni tushkunlikdan xalos etish yo‘lidagi barcha urinishlari zoye ketdi.

«U futbol o‘ynashni, gollar urib, barmog‘i bilan osmonni ko‘rsatgan holda ularni otasiga bag‘ishlashni davom ettirdi. Bir kuni Ivan Kordoba Adrianoga shunday dedi: «Adri, sen Ronaldo va Ibragimovichning qorishmasi ekaningni bilasanmi? Istasang, futbol tarixidagi eng zo‘r o‘yinchi bo‘lasan!» Ammo bu maqtovlar ham samara bermadi», - degandi Zanetti ma’yus ohangda.

Shunga qaramasdan, Adriano o‘z faoliyatini tiklash yo‘lidagi urinishlarini to‘xtatmadi va ikki yildan keyin shunday imkoniyatga ega bo‘ldi.

2006 yilda Ronaldinyo, Kaka va Adrianolar yetakchiligidagi Braziliyaning Germaniyaga yo‘l olishiga bir necha kun qolganida, «Imperator» bazm uyushtirishga qaror qilgandi. «Tantana Riodagi Olimpiya parki yonidagi «Kuebra Mar» klubida tashkil etildi. Hammamiz Didikodan (Adrianoning eng yaqin qadrdonlari orasidagi taxallusi) hayratda edik. Uning Germaniyadan jahon kubogi va eng yaxshi to‘purar unvoni bilan qaytishiga shubha qilmasdik», - deya xotirlaydi o‘rtoqlaridan biri.

Bazm uchun bu xilvat go‘shaning tanlanishi bejiz emasdi. U Adriano ulfatlari ichidagi narkotik moddalar savdosiga aloqador kishilar uchun xavfsiz joy edi. Qahramonimiz ular bilan birga ulg‘aygan, Vila-Kruzeyro ko‘chalarida yalangoyoq to‘p surgandi. Endi ularning ko‘pchiligi taniqli jinoyatchilarga aylanishgandi.

«Depressiya va alkogol Adrianoning doimiy hamrohiga aylanib qolgandi. Oxir-oqibat, u yolg‘iz qoldi. «Instagram»da doimo muxlislar qurshovida, ammo aslida unday emas, Adriano futbolga bo‘lgan qiziqishini ham yo‘qotdi», - deydi o‘z nomini aytishni istamagan do‘sti.

Germaniya mundiali Adrianoni yanada yuksakroq cho‘qqiga olib chiqishi kutilgandi. Biroq hujumchi avvalgi «Imperator» emasdi. U Avstraliya va Ganaga gol urishdan nariga o‘ta olmadi, Fransiya bilan bo‘lgan chorak final bahsida oyoqlari to‘pga tegmadi, hisobi. Braziliya musobaqani barvaqt tark etdi.

24ga chiqqan paytida Adriano terma jamoada 12, klub miqyosida esa 156 marta maydonga tushgandi. Intihoning ilk bosqichi shu ko‘rsatkichlar bilan boshlandi.

2006|2007 yillar mavsumida hujumchi «Inter»ga atigi 6ta gol taqdim etdi, keyingi mavsumni ham sust boshladi. Muhitni o‘zgartirish zarurligini anglagan Moratti uni Braziliyaga ta’tilga jo‘natdi. Adriano «San-Paulu» bilan mashq qilib, ke­yin mavsum yakuniga qadar ijarada to‘p surishga rozi bo‘ldi. Debyut uchrashuvidagi «dubl»dan keyin muxlislarda ishonch uyg‘ondi, uning nomi yozilgan futbolkalar tezda sotilib ketdi.

Yangi joy, eski «tog‘ora»

Biroq muvaffaqiyat chaqmoqdek yarq etdiyu, so‘ndi. «Santos» himoyachisi Domingoga bosh bilan zarba bergani uchun Adriano maydondan chetlatildi, keyin mashg‘ulotga kechikkani va fotograf bilan mushtlashgani uchun jarimaga tortildi. Oxir-oqibat, hujumchi «Inter»ga qaytgan bo‘lsada, 2009 yilda yana vataniga yo‘l oldi. To‘g‘ri, bu safar tashrifi muvaffaqiyatli bo‘ldi. U «Flamengo» safida 19ta gol urib, jamoaning 17 yillik tanaffusdan so‘ng shohsupaga ko‘tarilishiga munosib hissa qo‘shdi. Keyin uni «Roma» Yevropaga qaytardi. Ammo tez orada «bo‘rilar» chuchvarani xom sanashgani ma’lum bo‘ldi - Rimdagi 7 oy davomida «Imperator» bor-yo‘g‘i 8 marta ko‘rinish berdi.

2011 yilning noyabrida «Korintians» Adriano uchun oxirgi, lekin ajoyib imkoniyatni tuhfa etdi. Natijada muxlislar yaqinda butsalarini mixga ilgan Ronaldoni eslab qolishdi. Biroq taqdirning qaltis hazili barcha umidlarni puchga chiqardi - Adriano jiddiy jarohat tufayli safdan chiqdi. Shundan keyin talab darajasida o‘ynay olishiga ko‘zi yetmagach, alamini ichkilikdan ola boshladi.

Ortga qaytib, yana olg‘a!

Olti oydan keyin tarkibga qaytgan Adriano ilk uchrashuvda «Atletiko Mineyro» darvozasini ish­g‘ol etib, «Korintians»ni faxrli chempionlikka yaqinlashtirdi. Bartaraf etishning umuman iloji bo‘lmagan kuchli zarba natijasida to‘singa tegib darvozadan joy olgan to‘p o‘z sohibiga unutilgan shuhratini qaytardi. Qizig‘i shundaki, Adriano golni nishonlash chog‘ida futbolkasini yechib, sportchiga xos bo‘lmagan do‘mboq qornini ko‘z-ko‘z qildi. Yakunda uning jamoasi shohsupaga ko‘tarildi, unga ishonmaganlar tillarini tishlab qolishdi. Biroq tez orada Adriano yana g‘oyib bo‘ldi.

So‘nggi umid uchqunlari

Katta futboldagi uzoq tanaffusdan so‘ng «Imperator»ning qaytishi xususidagi gap-so‘zlar qaytadan jonlana boshladi. Jumladan, «Flamengo»da u bilan yonma-yon to‘p surgan Leo Mouraning Adrianoga ishonchi so‘nmagan: «Uning yana o‘yinga chanqoqligini sezib turibman. Ha, sport formasi hozircha talabga javob bermasligi mumkin. Lekin ko‘pgina zararli illatlardan forig‘ bo‘ldi. Demak, faoliyatini risoladagidek yakunlashni istaydi va bunga haqli».

«Pentakampeonlar»ning amaldagi bosh murabbiyi Tite esa maydonda avvalgi Adrianoni ko‘rishiga unchalik ishonmayapti. 57 yoshli mutaxassis hujumchining «Korintians»dagi qisqa faoliyatida unga ustozlik qilgandi. Titening fikricha, Adriano matbuot vakillarining asossiz bosimi ostida qolgan. Murabbiy shunday noyob iqtidor sohibining yuksak marralarga ko‘tarilishini ta’minlay olmagani uchun o‘zini gunohkor deb hisoblaydi.

Adrianoning avgustdagi «Korintians»ga tashrifi muxlislarda uning qaytishiga umid uyg‘otdi. Ammo bir necha yil avval uni jamoaga taklif etgan klub prezidenti Andres Sanches qisqa, lekin muloyim javob bilan shov-shuvga chek qo‘ydi: «Biz uning har qanday tashrifini mamnuniyat bilan qabul qilamiz».

Shunchalik xatoliklar, asosli va asossiz tanqidlarga qaramasdan, Braziliya Adrianoni sevishda davom etmoqda. O‘z navbatida, hujumchi ham o‘zini hech qachon namunali professional deb hisoblagan emas: «Shu paytgacha hech kimga ozor bermadim. Faqat bir kishi mendan ranjishga haqli. U - menman».

Chin dildan aytilgan mana shu samimiy e’tirof har qanday muxlisni barvaqt so‘ngan yulduzga omad tilashga undaydi.

Manba: InterFutbol
Kiritildi: 14:05, 11.03.2019.
O'qildi: 5198 marta.
Fikrlar: 1 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.