Kirish Ro'yxatdan o'tish
24/12 00:45 Inter 2-0 Komo
26/12 17:30 Manchester Siti - Everton
26/12 20:00 Bornmut - Kristal Pelas
26/12 20:00 Chelsi - Fulhem
26/12 20:00 Nyukasl - Aston Villa
26/12 20:00 Nottingem Forest - Tottenhem
26/12 20:00 Sautgempton - Vest Xem
26/12 22:30 Vulverhempton - Man. Yunayted

Aleksandr Golovin: «Men uchun eng qiziqarli liga - APL»

Aleksandr Golovin: «Men uchun eng qiziqarli liga - APL»

Baho:
+ | -

Bu futbolchi avvallari tortinchoq edi, OAV xodimlari bilan suhbatlashishni yoqtirmasdi, intervyu berishdan qochardi. Ammo «Monako»ga o‘tgach, unda o‘zgarish sezildi. O‘ziga ishonchi ortgan, har qanday savolga javob berishga tayyor, o‘zining mustaqil fikriga ega. Aleksandr Golovin yaqinda xorijlik hamkasblarimiz bilan suhbatda Fransiya chempionatidagi faoliyati, SSKAdagi do‘stlarini unutmaganligi hamda kompyuter o‘yinlariga shinavanda ekanligi xususida gapirdi.

- Yarim yildan buyon Yevropadasiz. Jamoani almashtirishga rozi bo‘lganingizdan biror marta afsuslandingizmi?

- Yo‘q. Ammo dastlab qiynaldim. Mentalitet, mashg‘ulotlar jarayoni - hammasi mutlaqo o‘zgacha. Boz ustiga, «Monako» tarkibiga murakkab davrda qo‘shildim. Uyda uzoq vaqt g‘alaba nimaligini bilmadik. Xayriyatki, hozir hammasi joyida. Endi o‘zimni juda yaxshi his qilyapman.

- Ilk kunlarda sizni kim qo‘llab-quvvatladi?

- Leonid Sluskiy bilan ko‘p suhbatlashdim. Shuningdek, Stanislav Cherchesov ham qo‘ng‘iroq qildi. Ular qiyinchiliklar vaqtinchalik ekani, vaqt o‘tib, vaziyat ijobiy tomonga o‘nglanishini ta’kidlashdi. O‘zim ham shunday fikrda edim. Hozir hammasi ajoyib, keyinroq bundan ham yaxshiroq bo‘lishiga ishonaman.

- SSKAdagi yigitlar bilan aloqalar saqlanib qolganmi?

- Ha, deyarli barcha futbolchilar bilan gaplashib turaman. Ijtimoiy tarmoqda o‘zimizning guruhimiz bor.

- «Monako»ga o‘tganingizdan keyin guruhdan chiqarib yuborishmadimi?

- Bu o‘zimizning alohida guruh. Asosan yosh futbolchilar - Kuchayev, Chalov, Chernov, Pomazun bilan suhbatlashaman.

- Guruhda Akinfeev ham bormi?

- Yo‘q.

- Rossiyalik qaysi yosh futbolchilar Yevropada bemalol o‘ynab keta oladi?

- Kimnidir tavsiya etishga to‘g‘ri kelsa, birinchi navbatda, Chalovni aytgan bo‘lardim. Buni faqatgina do‘st bo‘lganimiz uchun aytmayapman. Yoshlardan, o‘ylashimcha, faqat SSKAda to‘p surayotganlarni keltirishim mumkin. Axmetov juda yaxshi saviyada, termadan chaqiruv oldi. Kuchayev ham milliy jamoaga qo‘shilmoqchi edi, ammo jiddiy jarohatga yo‘liqdi. Shuningdek, Zobnin ham bor. Juda kuchli, o‘yini menga yoqadi.

- Ular Rossiyadan ketishlari kerakmi?

- Bu har kimning o‘ziga bog‘liq. Men hamisha kuchimni Yevropada sinab ko‘rishni orzu qilganman. Tavakkal bo‘lishi tushunarli, o‘xshamay qolishi hech gapmas. Hammasini qaytadan isbotlashga to‘g‘ri keladi. Murabbiy bilan munosabatlar qay tarzda kechishini bilib bo‘lmaydi - u sizni tarkibga qo‘yadimi yoki yo‘qmi, noma’lum.

- To‘g‘ri yo‘l tutganingizga hamon ishonchingiz komilmi?

- Ha. Jarohat oldim, ammo bu holat hamma yerda kuzatiladi.

- Bolalikdan qaysi jamoaga ishqibozlik qilgansiz, qaysi klubda to‘p surishni xohlagansiz?

- Muayyan bir jamoaga muxlislik qilganman, deya olmayman. Lekin ko‘proq «Real»ning o‘yini yoqardi. Angliyadan ham aniq bir klubni tanlash mushkul - hammasi bir-biridan yaxshi.

- Ya’ni, APLni ma’qul ko‘rasiz?

- Ha, bu liga birinchi raqamli. Qiziqish nuqtai nazaridan olganda shunday.

- Kompyuter o‘yinlariga befarq emas ekansiz...

- Shunday.

- Unda SSKA futbolchilari yaxshiroqmi yoki «Monako»dagilar?

- Bu yerda hech kim kompyuter o‘yinlari o‘ynamaydi. Rossiyada ko‘proq shug‘ullanardik bunday mashg‘ulot bilan.

- O‘tgan davr mobaynida kimlar bilan do‘stlashdingiz, kimlar bilan ko‘proq suhbatlashasiz?

- Leverkuzendan kelgan Xenriks bilan. Umuman olganda esa, hamma bilan munosabatlarimiz yaxshi.

- Xenriks bilan qiziqishlaringiz mos tushdimi? Yoki u inglizchani bilgani uchun suhbatlashish oson kechyaptimi?

- Dastavval, albatta, ingliz tilini biladiganlar bilan gaplashdim. Aslida inglizchani mukammal bilmayman - gapiraman va suhbatdoshimning gapini tushunaman. Faqat fransuzchada gaplashadiganlar - Sidibe, Badiashile kabilar bilan gaplashayotganda qiynalganman.

- Faqat ishoralar yordamida suhbatlashgandirsiz?

- Hozir ancha tushunib olganman, nimadir deya olaman. Ancha osonlashdi gaplashish.

- Leonardu Jardim jamoaga qaytganda, juda xursand bo‘ldingizmi?

- Shunday deyishim mumkin. «Monako»ga o‘tganimda uning uslubiga ancha moslashib qolgandim. Iste’foga chiqarilishini kutmagandim. Bir nechta mavsumni yuqori saviyada o‘tkazgandi. Pasayish esa har qaysi jamoada uchraydi. Boz ustiga, «Monako» bilan ko‘plab ijobiy natijalarga erishganiga hech qancha bo‘lmagandi. Hammasi kutilmaganda ro‘y berdi, shu bois uning qaytganidan xursandman.

- Tyerri Anrining o‘rnini egallaganidan keyin ko‘p narsalarni o‘zgartirdimi?

- Ha. Masalan, ko‘proq taktikalar ustida ishlay boshladik - to‘g‘ri himoyalanish, hujumga o‘tish bo‘yicha. Ko‘p narsalar qayta shakllantirildi, hattoki, sxema ham o‘zgardi.

- Sizningcha, Anri nega vazifani uddalay olmadi? Futbolchilar orasida obro‘ orttira bilmadimi?

- Biror fikr bildirish mushkul. Balki «Monako»ga noto‘g‘ri paytda kelgandir. Jamoada pasayish kuzatilayotgandi. Maydon markazida Fabregas tushganidan keyingina ishlarimiz o‘nglana boshladi, «Nissa» bilan durang o‘ynadik. Vaholanki, g‘alaba qozonsak ham bo‘lardi. «Marsel»ni ham mag‘lubiyatga uchratishimiz mumkin edi. Ehtimol, Anriga aynan g‘alabalar yetishmadi. Uni yomon murabbiy deyolmayman. Shunchaki, omadi yurishmadi.

- Anridan nima o‘rgandingiz?

- Deyarli hech narsa. U jamoada qisqa muddat ishladi.

- Fransiyada Anri tufayli ko‘p vaqt yo‘qotganingiz haqida yozishdi.

- Buni butun jamoaga qo‘llash mumkin - hamma vaqt yo‘qotdi. Ammo har qanday holatda ham bu o‘ziga xos tajribadir. Shunday ekan, o‘sha davrni yo‘qotish deb hisoblamayman. Faqat g‘alaba qozonish imkonsiz-ku.

- Bazadagi matbuot anjumanida mahalliy jurnalistlar to‘satdan boshqa jamoaga o‘tishingiz mumkinligi haqida savol berishdi. Sabab?

- Bilmayman. Balki, bunday vaziyatda «Monako»da qolishni istamay, ketishni xohlashim mumkinligini taxmin qilishgandir.

- «PSJ»ning yaqqol yetakchi ekani tushunarli. Fransiyaning boshqa klublarini Rossiya jamoalari bilan solishtira olasizmi?

- «Monako»ga endigina o‘tib, jarohat sabab maydonga tusholmaganimda, o‘yinlarni kuzatdim, stadionga bordim - chetdan qaraganda, Rossiya va Fransiya chempionatlari orasida farq yo‘qdek tuyuldi. Ammo o‘ynashni boshlaganimda, tafovut kattaligini tushundim. Rossiyada to‘pni erkin qabul qilish mumkin. Asosan himoyalanadigan biror-bir jamoaga qarshi to‘p surayotganda, raqiblar sizni mudofaa chizig‘ida kutib olishlarini avvaldan bilasiz. Fransiyada esa hech qaysi uchrashuvda bunday holatni ko‘rmaysiz. Har bir jamoa, qaysi o‘rinda borayotganidan qat’i nazar, yuguradi, pressing ishlatadi. Ochiq futbol. Hech kim ortga chekinmaydi, yopiq o‘yin ko‘rsatmaydi, hujum uyushtirishingizni kutmaydi, qarshi hujumlarga o‘tadi.

- Jelson Martinshning jamoaga kelganiga ko‘p vaqt bo‘lmadi, ammo u bilan yaxshi tandem hosil qildingiz. Shunchalik tez til topishishingizga sabab nima?

- U bilan birga o‘ynash qulay bo‘lib chiqdi. Bir-birimizni so‘zsiz tushunamiz. Ba’zan uning qayerdaligiga qaramayman, ammo qaysi tomonga yugurishini bilaman. Roni Lopesh va Falkao bilan ham xuddi shunday. Markazda bizda Aedrien va Fabregas to‘p surishadi. O‘zaro yaxlitlik ta’minlanmoqda, o‘ylashimcha, hammasini yaxshi uddalayapmiz.

- Fabregasning yoshi va tajribasi sezilyaptimi? U mashg‘ulotlarda maslahat beradimi?

- Ha, shunday desa bo‘laveradi. Hammasi tushunarli. U «Barselona», «Chelsi» singari jamoalarda o‘ynagan. Juda tajribali futbolchi. Shu yoshda (31) ko‘rsatayotgan o‘yinidagi saviya ko‘zni quvontiradi. Tavsiyalar beradimi? Albatta, asosan taktik masalada yordamlashadi. Xatoga yo‘l qo‘yganda, o‘ylanib qolamiz, to‘pni qaytarish uchun yuguramiz. Ba’zan esa bunday hollarda pozisiyani saqlab qolish muhimroq sanaladi.

- Tilemans bilan bo‘lgan voqea haqida gapirsangiz. Go‘yoki, Anri uni sardor etib tayinlaganidan keyin jamoada norozilik kayfiyati vujudga kelgan. Aynan shuning uchun uni ijaraga berib yuborishgan emish.

- Aslida, hech kim norozilik bildirmadi. Nima sababdan ketganini esa bilmayman.

- U bilan munosabatlaringiz yaxshi edi-ku.

- Ha. Dildan suhbatlashardik.

- Cherchesov bilan gaplashganingizni aytdingiz. Oldinda muhim o‘yinlar kutib turibdi, jumladan, belgiyaliklarga qarshi bahs bor. Nima kutyapsiz, bunday raqibni mag‘lubiyatga uchrata olasizlarmi?

- O‘ylashimcha, hozir buni uddalay olishimizga hech kim shubha qilmayapti. Raqib kuchli ekanligi tushunarli, tarkibida yuqori darajali futbolchilar bor. Jahon chempionatidan so‘ng Belgiya, Ispaniya kabi jamoalarni yenga olishimiz mumkinligiga ko‘proq ishona boshladik. Albatta, ularda kuchli o‘yinchilar bor. Ammo xatolar hammada uchraydi, barchani mag‘lubiyatga uchratsa bo‘ladi. Avvallari aynan qat’iyatlilik yetishmasdi.

- Kokorin va Mamayevni qo‘llab-quvvatladingiz. Nega bunday qildingiz? Bo‘lib o‘tgan voqeaga hozir munosabatingiz qanday?

- O‘sha payt shok holatiga tushib qoldim. Yigitlarning aybdor ekanligi tushunarli. Lekin hozirgi jarayon, vaziyat shunchalik cho‘zilib ketayotgani yaxshi emas. Men shunday deb o‘ylayman. Chunki men tug‘ilib-o‘sgan joyda shunchalik ko‘p narsa ko‘rdimki... Odamlar mast holatda mushtlashishadi... Hech kimni qamoqqa olishmaydi.

- Ota-onangizni Fransiyaga ko‘chirish haqida o‘ylamayapsizmi?

- Yo‘q, ular hattoki, Rossiyada ham boshqa shaharga ko‘chishni xohlashmaydi. Hozir yashayotgan joylaridan mamnunlar.

- Ular bilan tez-tez gaplashib turasizmi?

- Ha. Har bir o‘yindan keyin birinchi navbatda ularga qo‘ng‘iroq qilaman.

Manba: InterFutbol
Kiritildi: 21:33, 24.03.2019.
O'qildi: 1808 marta.
Fikrlar: 1 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.