Hozirda butun dunyoning e’tiborida turgan «Ayaks» klubi murabbiyi Erik ten Xag to‘g‘risida qiziq ma’lumotlarni sizlar bilan baham ko‘ramiz.
Futbolchilik davri mobaynida aytarli yutuqqa erisha olmagan qahramonimiz murabbiylikka katta ishtiyoq bilan kirishadi. U ishni 2006-yilda «Tventte» klubida murabbiy yordamchisi lavozimida boshlangan. Oradan 3 yil o‘tgach, Erik xuddi shu lavozimda ishlash uchun «PSV»dan taklif oladi…
2012-yildan qahramonimizning «yakkaxon» karyerasi start oladi. Eng qizig‘i shundaki, uning ilk klubi Gollandiya 2-dvizionidagi eng kichik byudjeti «Gou Ehed Iglz» jamoasi edi. Ten Xag butun boshli karyerasining kelajagini xavf ostiga qo‘yib bo‘lsa-da, ishga kirishadi. Jamoa 17 yildan beri oliy dvizionda harakat qilmagan, deyarli bo‘sh stadionda uy uchrashuvlarini o‘tkazar edi. Erik butun Gollandiyani hayratda qoldirgancha, birinchi mavsumning o‘zidayoq klubini oliy dvizionga olib chiqadi va yana bir bor hammani shok holatiga solgancha, klub postini tashlab, 2013-yilda Germaniyaga yo‘l oladi.
«Bavariya» klubi mutasaddilaridan biri, Mattias Zammer uni klub akademiyasida ishlashga taklif qiladi. Erikning u yerda ishlashdan asosiy maqsadi Gvardiolaning o‘yin uslubini o‘zlashtirish ekanligini o‘sha damlarda qahramonimizdan bo‘lak hech kim bilmagan bo‘lsa, ajab emas…
U Gvardiolaning birorta mashg‘ulotlarini o‘tkazib yubormas, doim mashg‘ulot jarayonini kundalik daftarga yozib borar edi. Erik o‘z intervyularining birida shu mavzuda berilgan savolga quyidagicha javob qaytargan edi.
«Men Pepdan bir daqiqaga ham uzoqlashmas edim. Uning metodikasi meni hayratda qoldirar, u deyarli hamma narsani nazorat qilar edi. Futbolchilarning qo‘l telefondan foydalanmasligidan tortib, ovqatlanish vaqtigacha to‘liq nazoratda ushlab turar, mashg‘ulotlarida kichik detallarni ham ko‘zdan qochirmas edi».
Ikki yil davom etgan «malaka oshirish» jarayonidan so‘ng, Erik Ten Xag o‘rganganlarini amalda sinab ko‘rish maqsadida 2015-yilda yana katta futbolga qaytadi. Uning navbatdagi jamoasi Gollandiyaning «Utrext» klubi bo‘ladi. U jamoaga kelgan kuniyoq revolyusiyani amalga oshiradi. Yangi murabbiylar shtabi tuziladi, raqiblarni o‘rganish uchun mutaxassislar ishga olinadi, futbolchilarning ovqatlanishi va o‘z vaqtida uxlashini nazorat ostiga olinadi.
Hammasi fantastik tezlikda o‘z samarasini beradi. Jamoa hujumkor futbol ko‘rsata boshlaydi. Muxlislarni stadionga qaytargan Ten Xag butunlay yangi uslubda ishlashda davom etadi. Oliy diviziondagi eng past byudjetli klub o‘sha mavsumda Gollandiya kubogi finaliga qadar yetib borgan bo‘lsa, ichki chempionatda 5-pog‘onani zabt etadi. Uning ajoyib murabbiylik ishlari uchun qatorasiga ikki mavsum Gollandiyaning eng yaxshi murabbiyi deb tan olishadi. U jamoa postiga kelgach, futbolchilarda keskin o‘sish kuzatiladi. Avvaliga uning qattiqqo‘llik bilan o‘tkazgan mashg‘ulotlaridan norozi bo‘lgan futbolchilar o‘z kuchiga ishona boshlaydi va tez orada omma e’tiboriga tushadi. Erik Ten Xag 2 yil davomida klub g‘aznasiga o‘z futbolchilarini sotish ortidan 15 million yevro ishlab beradi.
Bunday yutuqlarga erishayotgan murabbiyni «Ayaks» o‘z jamoasiga taklif qiladi va adashmaydi…
«Ayaks»dagi hayotidan kichik lavha
Erik Ten Xag ilk kelgan kuniyoq futbolchilar bilan uzoq gaplashib o‘tiradi. Ularning hayoti, qizishlari, qanday musiqa eshitishigacha - hammasini kundalik daftariga yozib oladi. Bir hafta faqat tanishish bilan o‘tgan, deb eslaydi murabbiyning o‘zi ham. Futbolchilarning mehri va e’tiborini qozongan murabbiy sekin-astalik bilan mashg‘ulotlarni qiyinlashtirib boradi. 6 oy davom etgan dahshatli mashg‘ulotlardan charchagan futbolchilarning ayrimlari klub rahbarlariga arz ham qilishadi, biroq vaqt o‘tib o‘zlaridagi ijobiy o‘zgarishlarni sezib Ten Xag bergan vazifani ortig‘i bilan bajarishga kirishishadi…