Kirish Ro'yxatdan o'tish
15/11 02:00 Venesuela 1-1 Braziliya
15/11 04:30 Paragvay 2-1 Argentina
15/11 05:00 Ekvador 4-0 Boliviya
15/11 17:00 Indoneziya 0-4 Yaponiya

Umid Ahmadjonov: «Iste’dodli futbolchilarni O‘zbekiston bo‘ylab izlash kerak»

Umid Ahmadjonov: «Iste’dodli futbolchilarni O‘zbekiston bo‘ylab izlash kerak»

Baho:
+ | -
Bo'lim: O'ZBEK FUTBOLI
Rukn: Yangiliklar

O‘zbekiston futbol assosiasiyasi birinchi vise-prezidenti va O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi prezidenti Umid Ahmadjonov futbol bo‘yicha O‘zbekiston o‘smirlar va yoshlar terma jamoalari bosh murabbiylari bilan uchrashdi. Bu haqda Milliy olimpiya qo‘mitasi xabar bermoqda.

O‘zbekiston futbol assosiasiyasi turli yoshdagi terma jamoalari xalqaro musobaqalarda muvaffaqiyatli ishtirok etishi va yurtimiz sharafini munosib himoya qilishi uchun bir qator chora-tadbirlarni amalga oshirib kelmoqda, deyiladi xabar boshida.

Barcha yoshdagi terma jamoalar uchun Toshkentda va xorijda yig‘inlar, kuchli terma jamoalar bilan o‘rtoqlik o‘yinlari tashkil qilinmoqda. Bu boradagi murabbiylarning rejalari va dasturlari bilan tanishish va shundan kelib chiqqan holda ish olib borish maqsadida, bugun, 30 aprel kuni Milliy olimpiya qo‘mitasida O‘FA birinchi vise-prezidenti Umid Ahmadjonov O‘zbekiston o‘smirlar va yoshlar terma jamoalari bosh murabbiylari Azamat Abduraimov va Otabek G‘ulomxo‘jayev bilan uchrashdi.

Uchrashuv davomida o‘smirlar va yoshlar terma jamoalari olimpiya va milliy terma jamoalarimiz poydevori ekanligi, shu sababdan bu terma jamoalarning asosini shakllantirish va iste’dodli yoshlarni jalb qilib borish muhimligi ta’kidlandi.

“Milliy va olimpiya terma jamoalarimizning tayyorgarlik ishlarini yo‘lga qo‘yib olganmiz. Endi o‘smirlar va yoshlar terma jamoalarining salohiyatini ham kuchaytirishimiz zarur. Bu terma jamoalarda faqat munosib nomzodlar to‘p surishi kerak. Buning uchun iste’dodli yoshlarni butun Respublika bo‘ylab izlash kerak.

9 may kuni o‘smirlar va yoshlar terma jamoalari ishtirok etadigan Osiyo chempionati saralashiga qur’a tashlash marosimi bo‘lib o‘tadi. Qur’a tashlash marosimida bizga qaysi terma jamoalar raqib bo‘lishidan kelib chiqqan holda, o‘z reja va dasturlaringizni tuzib chiqishingiz kerak. O‘zbekiston futbol assosiasiyasi ana shu dastur asosida tayyorgarlik ko‘rishingiz uchun barcha shart-sharoitlarni yaratib beradi. O‘smirlar va yoshlar terma jamoalari bosh murabbiylari mamlakatimizdagi barcha shu yoshdagi futbolchilar uchun mas’ul hisoblanadi. Sizlarning rejangiz asosida biz ish olib boramiz. Asosiy maqsad bo‘lajak Osiyo chempionatida muvaffaqiyatli ishtirok etib, yurtimiz sharafini munosib himoya qilish”, dedi Umid Ahmadjonov.

Ma’lumot uchun, shu yilning 9 may kuni U-16 va U-19 terma jamoalari ishtirokidagi Osiyo chempionati saralashiga qur’a tashlash marosimi bo‘lib o‘tadi. Avval xabar qilinganidek, U-16 terma jamoasining saralashi shu yilning 14-22 sentyabr kunlari Toshkentda bo‘lib o‘tadi. U-19 terma jamoasining saralashi qayerda bo‘lishi qur’adan keyin ma’lum bo‘ladi.

Yana bir ma’lumot, O‘zbekiston kelasi yili bo‘lib o‘tadigan U-19 Osiyo chempionati final bosqichini qabul qilish uchun OFKga ariza topshirgan. Shu munosabat bilan, joriy yilning 5-6 may kunlari OFK inspeksiyasi O‘zbekistonga tashrif buyurib, stadionlar, mehmonxonalar, umuman, shart-sharoitlar bilan yaqindan tanishadi. Agar OFK U-19 Osiyo chempionati final bosqichini o‘tkazishni O‘zbekistonga topshirsa, Otabek G‘ulomxo‘jayev shogirdlari uchun saralash o‘yinlari navbatdagi yig‘in vazifasini o‘tab beradi.

Manba: Olympic.uz
Kiritildi: 21:12, 30.04.2019.
O'qildi: 3532 marta.
Fikrlar: 8 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.