Kirish Ro'yxatdan o'tish
15/11 02:00 Venesuela 1-1 Braziliya
15/11 04:30 Paragvay 2-1 Argentina
15/11 05:00 Ekvador 4-0 Boliviya
15/11 17:00 Indoneziya 0-4 Yaponiya

Abdujamol Isroilov: «Qiyin kunlarimiz ortda qoldi»

Abdujamol Isroilov: «Qiyin kunlarimiz ortda qoldi»

Baho:
+ | -
Bo'lim: O'ZBEK FUTBOLI
Rukn: Intervyular

Superliganing yangi mavsumiga katta maqsadlar bilan kirib kelgan «Navbahor» klubi joriy yil hisobidan o‘tgan turda o‘z maydonidagi ilk o‘yinni o‘tkazdi. FIFA talablariga mos ravishda qaytadan rekonstruksiya qilingan stadion yanada ko‘rkam qiyofa kasb etdi.

Maydon chimi yangilandi, yangi elektron tablo o‘rnatildi. Muxlislar uchun barcha shart-sharoitlar yaratib berildi. «So‘g‘diyona»ga qarshi bahsda markaziy stadion haqiqiy bayramona tusga kirdi. Futbolchilar shunga monand o‘zgacha kayfiyat va shiddat bilan to‘p surishdi.

3:1 hisobida mezbonlar g‘alabasi bilan tugagan o‘yinda «Navbahor»ning barcha futbolchilari o‘z ishlarini a’lo darajada bajarishdi, hujumchidan tortib darvozabongacha... Hamma o‘z ishiga jiddiy yondashdi.

«Lochinlar» nazorati ostida o‘tgan uchrashuvdan keyin maydon markazida raqib o‘yinchilariga imkoniyat bermagan Abdujamol Isroilov bilan suhbatlashdik.

- Avvalo, Namangan shahridagi shodiyona, o‘z navbatida, qo‘lga kiritilgan g‘alaba bilan tabriklayman. O‘zgacha tusga kirgan stadion haqidagi dastlabki taassurotlaringiz bilan o‘rtoqlashsangiz.

- Albatta, uy stadionimiz tayyor bo‘lganidan xursandmiz. Minglab muxlislarning qo‘llab-quvvatlashi, ajoyib atmosfera bizga qo‘shimcha kuch bag‘ishlashi shubhasiz. Arenadagi holat a’lo darajada, gap-so‘z bo‘lishi mumkin emas. Maydon chimining yangilangani bizga ham, raqiblarga ham sifatli o‘yin ko‘rsatishda qo‘l keldi. Axir kim ham shunday maydonda chiroyli futbol o‘ynashni istamaydi deysiz? Mazkur uchrashuvda g‘alaba qozonib, Namangan ahliga xursandchilik ulashganimizdan boshimiz ko‘kka yetdi. Bizni har tomonlama qo‘llab-quvvatlab turgan barchaga cheksiz minnatdorchiligimni bildiraman.

- Jamoaning qiyin kunlari ort­da qolganiga ishonsak bo‘ladimi?

- Ha. Ilk g‘alabadan so‘ng o‘zimizga bo‘lgan ishonch ortdi, keyingi turlardan o‘zimiz istagan futbolni namoyish eta oldik. Jamoamizga yangi kelgan futbolchilar ham bir-birlarini tushunib olishdi. Umuman, barcha qiyin kunlar ortda qoldi, endi buyog‘iga ijobiy natijalar qayd etish uchun bor kuchimizni ishga solamiz.

- Markaziy stadion xalqaro uchrashuvlarni o‘tkazishga tayyormi?

- Ha, albatta. Bu arena FIFAning barcha talablariga muvofiq yangilandi. Shunday ekan, bemalol terma jamoa o‘yinlarini o‘tkazsa bo‘ladi.

- Andrey Kanchelskis tanaffusda yigitlarni ruhlantirish uchun qanday so‘zlardan foydalanadi? Uning bu borada ajralib turadigan jihatlari bormi?

- Avvalo, Andrey Antanasovichning juda yaxshi inson ekanligini aytib o‘tmoqchiman. Uning oldiga bemalol borib, fikringizni bildirishingiz mumkin. Bizni kiyinish xonasida qanday ruhlantirishni yaxshi biladi. Muntazam takidlaydigan gapi - maydonda aytgan ko‘rsatmalarini esdan chiqarmaslik, muxlislar uchun rohatlanib, futboldan zavq olib o‘ynashimiz kerak.

- «Dinamo» - «Navbahor» uchrashuvi O‘FA tomonidan yuqori baholandi. Chunonchi, o‘sha bahsda ikki jamoa ham shiddatli va hujumkor futbol ko‘rsatdi. So‘nggi daqiqalarda o‘yinni cho‘zish holati kuzatilmadi...

- Haqiqatan ham juda tomoshabop o‘yin bo‘ldi. Raqib ham, biz ham qulay vaziyatlardan foydalanib, g‘alaba qozonishimiz mumkin edi. Ikki jamoa ham so‘nggi soniyalarda o‘yinni cho‘zishni emas, 3 ochkoni ko‘zlab harakat qildi. Turli usullar bilan vaqtni yo‘qotish futbol jozibasini o‘ldiradi. O‘FA ham bunga jiddiy qaramoqda.

- Aleksandr Kasyan yuqori saviyali legioner ekanligini isbotlamoqda...

- U chindan ham kuchli hujumchi, o‘yindan-o‘yinga ochilib boryapti. Aksariyat uchrashuvlarda raqib jamoa a’zolari uni qo‘pollik bilan to‘xtatib qolishmoqda.

- Abbos G‘ulomovning harakatlari ham chakki emas, u olimpiya terma jamoasiga jalb etilsa, o‘zini ko‘rsata oladimi?

- Abbosning harakatlari jamoamizga faqat foyda keltirmoqda. To‘pni o‘zida biroz ko‘proq ushlab qolib, qizg‘anchiqlik qilishini aytmasa, yaxshi futbolchi. Oston O‘runovni ham jamoamizning muhim a’zosi sifatida e’tirof etishim mumkin.

Bu ikki iste’dod vakillaridan kelajakda ko‘p narsa kutsa bo‘ladi. Agar ma’lum vaqtdan so‘ng ular terma jamoa yetakchisiga aylanishsa, aslo ajablanmayman. Chunki shunga munosib o‘yin ko‘rsatishmoqda.

Manba: InterFutbol
Kiritildi: 10:58, 12.05.2019.
O'qildi: 1954 marta.
Fikrlar: 1 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.