NEYMAR: «MENING O‘RNIMDA HECH KIM BEFARQ TUROLMASDI». «PSJ» yulduzi Neymar Fransiya kubogi finalidan keyin yana mojaro markaziga tushdi. Braziliyalik yulduz bu safar muxlisga tashlandi. Avvalo, eslatish joiz, parijliklar billur sovrin uchun bahsda kamtarin «Renn»ni mag‘ub etolmadilar. Aniqrog‘i, Tomas Tuxel shogirdlari o‘yindan keyingi penaltilar seriyasida omadsizlikka uchrashdi. Neymarning xurmacha qilig‘iga kelsak, jarohatdan endigina qutulgan futbolchi taqdirlash marosimi arafasida yosh muxlis telefonini tortib olishga urindi, keyin uning yuziga zarba berdi. Xabarlarda ta’kidlanishicha, jabrdiyda fanat Tomas Tuxel jamoasini haqoratlagan ekan, ammo uning o‘zi buni qat’iyan inkor etdi. Neymar esa o‘z aybini qisman tan olish barobarida qo‘shib qo‘ydi: «Mening o‘rnimda har qanday futbolchi xuddi shunday qilardi...».
Aslida hal qiluvchi o‘yin «PSJ» uchun juda yaxshi boshlandi va parijliklar 21-daqiqadayoq hisobni 2:0 ko‘rinishiga keltirishdi. Biroq Liga 1da ishi uncha yurishmagan «Renn» shunda ham taslim bo‘lgani yo‘q va yakunda muvozanatni tiklab, penaltilar seriyasi vositasida zafar quchdi. Uchrashuv yakunlangach, Tomas Tuxel shogirdlari tribuna orqali taqdirlash marosimi markaziga ko‘tarilishdi. Ya’ni alamzada futbolchilarning fanatlar qurshovidan o‘tishlariga to‘g‘ri keldi. Tabiiyki, ayrim muxlislar parijlik yulduzlarga tasalli berishdi. Boshqa fanatlar esa bu holatni suratga olishga tushishdi. «Renn» tarafkashlaridan biri esa biroz ehtirosga berildi, chog‘i. U yonidan o‘tib ketayotgan Janluiji Buffon, Leven Kurzava va Marko Verrattiga luqma tashladi, ammo aynan nima degani noma’lum. Jamoadoshlari ortidan xohlamaygina qadam bosib kelgan Neymar esa yosh muxlis yonida to‘xtadiyu, uning qo‘l telefonini tortib olishga urindi. Shunda yarim himoyachi Mussa Diabi o‘rtaga tushib, Neymarni tinlantirmoqchi bo‘ldi. Ammo befoyda - u braziliyalikni to‘xtatib qololmadi va fanat yuziga tarsaki tushdi. Ko‘p o‘tmay, nantlik 28 yoshli o‘sha fanatning Instagram tarmog‘idagi sahifasida mojaro videoyozuvi paydo bo‘ldi. U kadr ostiga kinoyali izoh qoldirishni ham unutgani yo‘q: «Mening yuzimga urgan Neymar...».
OAVda yozilishicha, yosh yigit «PSJ» futbolchilarini birma-bir haqoratlashdan tiyilmagan. Xususan, videoyozuvlardan biri orqali taxmin qilinishicha, u Buffonni «iflos masxaraboz», Verrattini esa «irqchi» iboralari bilan siylagan va Neymarga achchiq maslahat bergan: «Maydonga tushishdan oldin o‘ynashni yaxshilab o‘rganib ol...». To‘g‘ri, Neymardan zarba qabul qilgan fanat bu taxminiy ayblovlarni butunlay inkor etdi. U parijlik futbolchilarga gap otganini tan oldi, ammo birovni kamsitish yoki haqoratlashni xayoliga ham keltirmaganini alohida ta’kidladi.
Eduard (fanatning ismi) keyinroq Fransiyaning yetakchi sport nash-ri - L~Eqipue jurnalistlari iltimoslariga ko‘ra, aynan qanday luqmalardan foydalanganini esladi: «Neymarga shunchaki, juda sust o‘ynaganini aytdim. Verratti va Buffon yonimga yaqinlashishganida ham oddiy gapirdim - «Hech kim emassizlar! Tezroq o‘tinglar. Olg‘a, «Renn»!» Eduard shuning barobarida yuz bergan noqulaylikdan rosa ranjiganiyu, polisiyaga braziliyalik yulduz ustidan shikoyat yozishni rejalashtirganini yashirgani yo‘q: «PSJ» klubi xavfsizlik xizmati vakillari oldimga kelib, barchasini o‘rnida hal qilishga va’da berishdi. O‘sha vaqt meni titroq bosgandi, labim yorilgan, burnimdan qon oqayotgandi. Aslida o‘yindan keyinoq mashinada Nantga qaytishim kerak edi, biroq Parijda qolishimga to‘g‘ri keldi».
Ma’lum bo‘lishicha, Eduard «Renn» futbolchilaridan biri (ism-sharifi oshkor qilinmadi)ning yaqin do‘sti ekan. Har holda, u Fransiya kubogi finalidan oldin ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida futbolchi do‘stining taklifiga binoan, o‘yinni voqea joyida tomosha qilishi haqida yozgan. Bu orada Neymarning qadrdonlaridan biri - Aleks Bernardo Instagramda uni qo‘llab-quvatladi. Ya’ni braziliyalik yulduz jamoa yetakchisi sifatida sheriklarini haqoratlagan kishiga shunday munosabatda bo‘lish huquqiga ega emish... Lekin hujumchining o‘zi noto‘g‘ri ish tutganini tan oldi. «Ha, o‘z xatti-harakatimni oqlolmayman. Bunday qilmasligim kerak edi. Biroq mening o‘rnimda hech kim fanatning so‘zlariga befarq qarab turolmasdi», — deb yozdi hujumchi Bernardo qoldirgan izoh ostiga.
«PSJ»da Eduardning qilmishini qasddan uyushtirilgan provokasion harakat sifatida baholashmoqda. Klub vakillarining aytishlaricha, rahbariyat yuz bergan noxush hodisa uchun futbolchini jazolamaydi, aksincha, uni to‘liq qo‘llab-quvvatlaydi. «Jamoamiz futbolchilari o‘z medallarini olish uchun yuqoriga ko‘tarilganlarida o‘sha muxlis hammani birma-bir haqoratladi. Boz ustiga, u barchasini atayin suratga oldi. Demakki, shov-shuv ko‘tarishni ko‘zlagan», — deyiladi Parij klubi vakili bayonotida.