Bugun, 13 may kuni Jismoniy tarbiya va sport vazirligida bir guruh sport faxriylariga “Mehnat faxriysi” ko‘krak-nishonlari topshirilishiga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi.
9 may – Xotira va qadrlash kuni munosabati bilan ushbu ko‘krak nishonlari bilan taqdirlanganlar qatorida sport sohasi faxriylari ham bor.
Ko‘krak nishonlarini egalariga topshirgan jismoniy tarbiya va sport vazirining birinchi o‘rinbosari Oybek Qosimov sport faxriylarini mukofotlar bilan qutlar ekan, ularga yurtimizda jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirish va ommallashtirish yo‘lidagi sa’y-harakatlari uchun minnatdorchilik bildirdi.
Yengil atletika bo‘yicha Respublika oliy sport mahorati maktabi murabbiylari Ozod Ro‘zmetov, Alim Axmedjanov hamda O‘zbekiston sport tashkilotlari faxriylari Kengashi raisi Komiljon Xudoyberganovga I darajali “Mehnat faxriysi”ko‘krak nishoni topshirildi.
Shuningdek, Jismoniy tarbiya va sport bo‘yicha mutaxassislarni ilmiy-metodik ta’minlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish markazi kafedra mudiri Maxmud Axmatov, sport o‘yinlari bo‘yicha Respublika oliy sport mahorati maktabining basketbol bo‘yicha murabbiyi Stepan Lebedev hamda Sport yakkakurashlari bo‘yicha Respublika oliy sport mahorati maktabining boks bo‘yicha murabbiyi Najib Arlanovga II darajali “Mehnat faxriysi”ko‘krak nishoni topshirildi.
Ma’lumot uchun, I, II va III-darajali “Mehnat faxriysi” ko‘krak nishoni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2016 yil 28 dekabrdagi “O‘zbekiston faxriylarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash “Nuroniy” jamg‘armasi faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoniga asosan mamlakatimizning iqtisodiyot, ishlab chiqarish, ilm-fan, madaniyat, ta’lim, sog‘liqni saqlash va boshqa sohalarida ko‘p yillar davomida halol va samarali mehnat qilgan shuningdek, farzandlarimizni jamiyat oldida mas’uliyat, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga, kattalarga va yosh avlod vakillariga hurmat, ona-Vatanga muhabbat, istiqlol g‘oyalariga sadoqat ruhida tarbiyalash ishlariga bag‘ishlab, jamiyatimizda hurmat qozongan nafaqa yoshidagi yurtdoshlarimizni, munosib taqdirlash maqsadida ta’sis etilgan.