Sevimli jamoamiz Fransiyaning “Lion” klubi bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘ymoqda. Mazkur hamkorlik doirasida “Lion” jamoasi Xalqaro ishlar boshqarmasi rahbari Klement Mishon 15 may kuni Namanganga tashrif buyurdi. Mazkur tashrifning ilk kunida fransiyalik mehmon Namangan shahridagi “Markaziy” o‘yingohda Namangan viloyat hokimi, viloyat futbol assosiasiyasi prezidenti Xayrullo Hayitbayevich Bozarov bilan uchrashib, hamkorlik masalalari bo‘yicha o‘zaro suhbatlashdi.
Shundan so‘ng, martabali mehmon “Navbahor” jamoasi a’zolari bilan ham uchrashib, suhbatlashdi.
So‘ngra, Klement Mishon Namangan viloyat futbol akademiyasiga tashrif buyurdi. U yerda Klement Mishon akademiya direktori G‘anisher Ismoilov, bundan tashqari, akademiya murabbiylari bilan uchrashdi.
Shuningdek, martabali mehmon ayollar futboli bo‘yicha Superliga 5-turi doirasidagi “Navbahor” – “Bunyodkor” jamoalari o‘rtasidagi bahsni ham tomosha qildi.
Klement Mishon viloyatimizda yana 2 kun davomida bo‘lishni rejalashtirgan. Tashrif doirasidan “Navbahor” PFK qoshidagi 17-sonli akademiyaga ixtisoslashtirilgan bolalar-o‘smirlar sport maktabi, To‘raqo‘rg‘on tumanidagi bolalar-o‘smirlar sport maktabi, Uchqo‘rg‘on tumanidagi olimpiya va milliy sport turlariga ixtisoslashtirilgan davlat maktab-internati faoliyatlari bilan tanishi o‘rin olgan.
“Navbahor” PFK matbuot xizmati.