Avvaliga viloyatning ko‘p yillik jamoasi, uzoq yillar viloyat sharafini munosib himoya qilib kelgan “Neftchi” bu stadiondan “haydalgandi”, endi esa “Istiqlol” jamoasiga ham “ko‘cha eshiklari” ko‘rsatildi
O‘zbekiston milliy chempionati A Pro-ligasida navbatdagi 7-tur o‘yinlari bo‘lib o‘tdi. E’tiborli jihati, ikki turdirki mehmon jamoa muvaffaqiyat qozona olmayapti
A Pro-liga musobaqasi boshlanibdiki birinchilik turnir jadvalining yuqori to‘rtligi “Sho‘rtan”, “Istiqlol”, “Xorazm” va “Mash’al” jamoalaridan “bo‘shamayapti”. Dastlabki ikki turda “Istiqlol” jamoasi birinchi pog‘onani band etib turdi, orada “Xorazm” ham “o‘zini namoyish etdi”. Uch turdan buyon esa shoxsupani “Sho‘rtan” hech kimga bo‘shatmayapti. G‘uzorliklar garchi kecha Farg‘onada “Istiqlol” jamoasidan mag‘lubiyatga uchragan bo‘lsa-da, peshqadamlik mavqeini saqlab qoldi.
Aslida o‘yin har doimgidek viloyatning bosh arenasi – “Istiqlol” sport majmuasida o‘tishi lozim edi. Biroq uchrashuv arafasida o‘yin “Neftchi” klubi bazasi – Qirgulidagi stadionga ko‘chirildi. “Istiqlol” stadionining viloyat hokimiyatiga qarashli, ammo viloyat sharafini himoya qiluvchi jamoalar nima uchun u yerdan “badarg‘a” qilinayotganiga tushunmadik. Avvaliga “Neftchi”, endi “Istiqlol”... Yaxshiyamki “Qo‘qon-1912” jamoasi uy o‘yinlarini hozircha shu stadionda o‘tkazyapti, mahalliy muxlislar qiziqarli uchrashuvlarni zamonaviy stadionda kuzatishga muvaffaq bo‘lishyapti. Biroq, “Qo‘qon-1912” jamoasi ha demay o‘z uyiga – Qo‘qonga qaytadigan bo‘lsa (Qo‘qondagi mahalliy stadion maydoniga zamonaviy chim yotqizildi), Farg‘onadagi xayhotdek stadion futbolsiz xuvillab qolmaydimi?..
7-turdagi to‘rt uchrashuvdan uchtasida mezbonlarning qo‘li baland keldi. “Mash’al” ham, “Xorazm” ham, “Istiqlol” ham raqiblarini yaxshigina farq bilan mag‘lubiyatga uchratishdi, faqat “Sherdor” va “Oq-tepa” o‘yinida kuchlar teng keldi...
“Sherdor” – “Oq-Tepa” – 1:1
Gollar: Maradona Safarov (36) - Orifxo‘ja Abduxoliqov (53-pen.).
“Mash’al” – “NEFTCHI” – 3:0
Gollar: Bahodir Murtazoyev (51), Jahongir Qurbonboyev (54), Tursunmurod Hamdamov (65).
“Xorazm” – “Iftixor” – 5:0
Gollar: Miras Qorliboyev (10, 72), Timur Bekchanov (50, 90), Oybek Nurboyev (85).
“Istiqlol” – “Sho‘rtan” – 3:1
Gollar: Jasurbek Ermamatov (4), Sardorbek Sotvoldiyev (33), Hasanboy Ergashev (38, o‘z darv.), Sherzod Temirov (88).
Shu tariqa, 7-turdan keyin “Sho‘rtan” jamoasi 15 ochko bilan peshqadamlik qilyapti. 2-3-o‘rinlarda borayotgan “Istiqlol” va “Mash’al” jamoalarida 12tadan ochko bor. Kuchlilar qatoriga intilayotgan “Xorazm” jamoasi 11 ochkoga ega. “Neftchi”da 9, “Oq-tepa”da 8, “Sherdor”da 7 ochko mavjud. “Iftixor” jamoasi esa atigi 4 ochko bilan jadvalning so‘nggi pog‘onasini egallab turibdi.
To‘purarlar bahsida yetakchilar ikki kishi – Anvar Xojimirzayev va Sardor Sotvoldiyev ixtiyorida 4tadan to‘p bor. E’tiborli jihati, har ikkala futbolchi ham “Istiqlol” jamoasida to‘p tepadi.
8-tur o‘yinlari 29 mayga belgilangan.