Kirish Ro'yxatdan o'tish

MDH hududidagi «yangi Messilar»ga yana bir bora e’tibor beramiz...

MDH hududidagi «yangi Messilar»ga yana bir bora e’tibor beramiz...

Baho:
+ | -
Bo'lim: JAHON FUTBOLI
Rukn: Yangiliklar

«Yangi messi» - bu maqtov shakli: Rossiya matbuoti «Rostov» vakili Eldor  Shomurodovni tez-tez «O‘zbek Messisi» sifatida maqtamoqda. Bu e’tirof osmondan olingan emas, albatta. Chunonchi, Buyuk Britaniyaning eng obro‘li nashrlaridan biri sanalgan The Sun oldinroq butun dunyodagi eng istiqbolli futbolchilardan alohida ro‘yxat shakllantirgandi. Inglizlar bunda vaqtida loaqal bir marta aynan «Barselona» yulduzi Lionel Messiga taqqoslangan iste’dodlarga e’tibor qaratishgan. Qiziq, ham hududiy tomondan, ham futbol nuqtai nazaridan bizga yaqin mamlakatlarda kimlar «Yangi Messi» yorlig‘iga munosib ko‘rilganlar? «SE» gazetasi The Sun tomonidan tuzilgan o‘sha ro‘yxatga qarab, sobiq ittifoq hududida bosh ko‘targan «Yangi Messi»larni yana bir bora esga soldi.

«Qozog‘iston Messisi» - Yerkebulan SEIDAXMET

19 yoshli hujumchini buyuk argentinalik bilan taqqoslay boshlaganlariga 2 yilcha bo‘ldi. Yerkebulan o‘shanda qadrdon klubi - «Taraz»da o‘ynar va kuchli dribling salohiyatiyu, yuqori tezligi bilan ko‘zga tashlangan edi. Qozog‘istonlik jurnalistlar Seidaxmet ayniqsa, to‘p bilan ishlashda Messini eslatib yuborishini bot-bot yozishgandi. Iqtidorli hujumchi o‘tgan yili Rossiya Premyer-ligasi ishtirokchisi «Ufa» safiga qo‘shildi, ammo bir urinishda Bosh­qirdiston jamoasi asosiy tarkibiga kirolmadi - jarohatlar pand berdi. Ufaliklar bundan 3 oy oldin Seidaxmetni ijara kelishuvi asosida «Levski»ga jo‘natishdi. Endilikda Bolgariya OAVda ham «Qozoq Messisi» haqida ko‘p yozilmoqda. To‘g‘ri, hozircha hayratlangan holda emas. Misol uchun, Gol.bg sayti yaqinda «Levski» bosh murabbiyiga achinish hissi bilan yozdi: «Qozoq yigitini tarkibga qo‘shish juda qiyin, albatta. Bunga legionerlarga nisbatan o‘rnatilgan cheklov imkon bermaydi».

«Latviya Messisi» - Kristaps GRABOVSKIS

Boltiq bo‘yi mamlakatlarida futbol unchalik ommalashgan emas, shuning uchunmi, bu hududda to‘p suruvchi yulduzlar yo‘q, hisobi. Lekin yaqin kelajakda kamida bir nafar yorqin ijrochi katta sahnaga chiqishi mumkin. Gap bir necha yil ilgari «Latviya Messisi» maqomini olgan Kristaps Grabovskis haqida ketmoqda. O‘shanda 10 yoshli bolakayning texnik qobiliyati, to‘p bilan muomala qilish va zarba yo‘llash masalasidagi mo‘’jizaviy harakatlari aks etgan videoyozuv butun internet kengliklariga yoyilgandi. Keyinchalik Grabovskis hattoki, Adidas bilan shartnoma tuzdi. Ammo u hozircha maydonda emas, ijtimoiy tarmoqlarda faollik ko‘rsatmoqda.

«O‘zbekiston Messisi» - Eldor SHOMURODOV

- O‘ylashimcha, men Messiga umuman o‘xshamayman, - dedi «Rostov» sharafini himoya qilayotgan 23 yoshli hamyurtimiz rossiyalik kasbdoshlarimizga intervyu berar ekan. Darhaqiqat, Eldor na o‘yin uslubi va na gavda tuzilishi (bo‘yi 190 santimetrga teng) bilan argentinalik «mitti sehrgar»ni eslatadi. Lekin O‘zbekistonda Osiyo kubogida va Rossiya Premyer-ligasida birdek gol uradigan kuchli futbolchilar har doim ham baralla bosh ko‘taraverishmaydi. Deylik, Eldor joriy mavsum RPLda «Spartak» va «Krasnodar»ga qarshi kechgan o‘yinlarda 3ta gol muallifiga aylandi. Xullas, kimdir shularni nazarda tutib, Shomurodovni Messi bilan taqqoslab ko‘rishga qaror qildi va...

«Armaniston Messisi» - Aras OZBILIS

Umuman, Armanistonda bitta fikr hukmron: «Arman Messisi» - bu Messining o‘zi». Aytishlaricha, Leoning bobokaloni va momokaloni arman millatiga mansub emishlar. Ular 100 yil oldin majburiy holatda Argentinaga ko‘chib ketishgan... Xullas, shu tushunchaga muvofiq, «Barselona»ning buyuk goleadorini arman sifatida ko‘rsatish mumkin ekan. To‘g‘ri, alohida «Arman Messisi» ham bor - Aras Ozbilis. «Ayaks» tizimida tarbiyalangan bu futbolchi vaqtida aqlga sig‘mas darajadagi iqtidori bilan ko‘pchilikni hayratga solgan. Aras keyinchalik «Spartak» (Moskva)da to‘p surdi. 29 yoshli Ozbilis hozirda «Beshiktosh» ixtiyorida.

«Qirg‘iziston Messisi» - Erbol ATABAYEV

2012 yili «Barselona» akademiyasida qirg‘izistonlik bola shug‘ullana boshladi. Shu munosabat bilan Bishkekda hattoki maxsus matbuot anjumani ham o‘tkazildi va unda 10 yoshli Erbol hamda uning bir qator muhim o‘rin tutuvchi «amaki»lari ishtirok etishdi. Erbol Atabayev 300 nafar iqtidor qatnashgan ikki bosqichli saralash tanlovidan muvaffaqiyatli o‘tib, La Masiyaga dunyoning turli mamlakatlaridan jalb etilgan 12 nafar bola qatori yo‘l olgandi. Tushunarliki, Atabayevga shu zahoti tabiiy ravishda «Qirg‘iz Messisi» yorlig‘i yopishtirildi. 17 yoshli futbolchi hamon Kataloniyada o‘ynamoqda, ammo «Barselona» emas, «Xosep Mariya Gene» jamoasida.

«Gruziya Messisi» - Giorgi ARABIDZE

21 yoshli xavbek yakunlangan mavsum Portugaliya chempionati yuqori divizionida Sardor Rashidov bilan birga «Nasyonal» sharafini himoya qildi, ammo muvaffaqiyatsiz.... Giorgi bunga qadar bir yilcha «Shaxtyor» (Donesk)da tajriba oshirgandi. Iqtidorli futbolchining vakili Mixail Metreveli mijozini «Gruziya Messi» sifatida e’tirof etish barobarida mashhur rumin Georgi Xadji bilan taqqoslashlarini tez-tez eslatib turadi. Ko‘rinishidan, barchasi reklama va tashviqot uchundek. Har holda, Arabidze hali aytarli karomat ko‘rsatgani yo‘q va yarim himoyachining loaqal Xadji darajasiga ko‘tarilishiga ham ishonish qiyin.

«Ozarbayjon Messisi» - Nixat AHMADZODA

O‘tgan yili kuzda Ozarbayjonning «Sumgait» klubi maktabidan «Beshiktosh» akademiyasiga yo‘l olgan Nixat Ahmadzoda o‘ta yuqori texnik salohiyatga ega. U 12 yoshidayoq «Ozarbayjon Messisi» maqomini olgandi. Vaqtida Bokuda faoliyat yuritgan «Manchester Yunayted» maktabi filialida ham shug‘ullangan bolakay endi Istanbulda katta futbol sirlarini o‘zlashtirmoqda.

«Tojikiston Messisi» - Parvizjon UMARBOYEV

Bu futbolchi o‘z vaqtida Rossiya o‘smirlar terma jamoasi safida o‘ynagan, «Rubin» akademiyasida tahsil olgan. Hozir esa Plovdivning «Lokomotiv» klubida to‘p surmoqda. Parvizjon shuning barobarida Tojikiston milliy jamoasi a’zosi hamdir. 24 yoshli futbolchi o‘smirlik chog‘iyoq «Tojik Messisi» nomini olgan. Har holda, bo‘yi nisbatan past (168 santimetr), dribling mahorati ham zo‘r. To‘g‘ri, Bolgariyada tojik yigitini ko‘proq  Aleksis Sanchesga qiyoslamoqdalar. Ammo Parvizjon bundan uncha xursand bo‘lmasa kerak. Axir chililik hujumchi Angliya chempionatining yakunlangan mavsumida atigi 1ta gol urdi. Darvoqe, Umarboyevning o‘zi ham Bolgariyada raqiblar darvozasiga bir martagina yo‘l topdi, xolos.

«Ukraina Messisi» - Aleksey KARAS

Ukraina matbuoti 2 yilcha oldin «Kommunar» (Xarkov)ning 10 yoshli mallasoch futbolchini muhokama qila boshladi. Aleksey Karas tarixi «Latviya Messisi»nikiga o‘xshash - ijtimoiy tarmoqlarda uning eng yaxshi gollari va fintlari videoyozuvi rosa «aylantirildi». Natijada Karasga «Ukraina Messi»si nomi berildi. E’tiborlisi, Karas haqida hattoki, mahalliy televideniyeda ham ko‘rsatuv berildi. Karas hozir 12 yoshda va uning YouTube tarmog‘idagi kanali muntazam ravishda yangi  videoyozuvlar bilan boyitib borilmoqda.

«Rossiya Messisi» - Denis DAVIDOV

- Davidov agar havolanib ketmasa, aqlini yo‘qotmasa, uni kelasi yili terma jamoada ko‘ramiz. «Spartak» esa shu sur’ati bilan tez orada termaning bazoviy klubiga aylanadi. Bizda «Yangi Messi» ulg‘aymoqda. Ishqilib, uni ortiqcha maqtab yubormasak, bas - bu so‘zlar 2014 yili «Spartak» xo‘jayini Leonid Fedun tomonidan aytilgandi. Klub sohibining fikri o‘sha vaqtdayoq keng muhokama qilindi. Binobarin, u o‘z gapini inkor etgandi («Yangi Messi» - bu ortiqcha maqtov emasmi?). Mana, Davidov argentinalik buyuk futbolchi darajasiga yaqinlashish u yoqda tursin, loaqal Rossiya Prem­er-ligasi miqyosida ham o‘z o‘rnini topolmadi. Xususan, bir necha ijara sayohatlaridan keyin yil boshida «Spartak» bilan xayrlashib, «Nijniy Novgorod» safiga qo‘shildi. Denis hozir 24 yoshda, vaqt esa to‘xtamay o‘tib boryapti...

Manba: InterFutbol
Kiritildi: 21:17, 24.05.2019.
O'qildi: 5794 marta.
Fikrlar: 1 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.