«Barselona» hujumchisi Ferran Torres yaqin vaqt ichida «Pari Sen-Jermen» safiga ko‘chib o‘tishi mumkin. Bu haqda Marca xabar berdi.
Manba ma’lumotiga ko‘ra, Torres parijliklar bilan to‘rt yillik shartnoma shartlarini kelishib olgan. Endi Fransiya chempioni «Barselona» bilan transfer borasida kelishuvga erishishi kerak.
Qayd etilishicha, agar muzokaralarda kutilmagan holat yuzaga kelmasa, ispaniyalik futbolchi yaqin orada «PSJ» futbolchisiga aylanadi. Transfer qiymati taxminan 50 million yevroni tashkil qilishi kutilmoqda.
Torres o‘tgan mavsumda barcha musobaqalar doirasida 49 ta uchrashuvda ishtirok etib, 21 ta gol urdi va 3 ta golli uzatmani amalga oshirdi.
«Barselona»ga o‘tishidan avval hujumchi «Manchester Siti» va «Valensiya» klublari sharafini himoya qilgan.













