Fransiya chempionatining navbatdagi mavsumi «Monako»ning quyiga sho‘ng‘ishi va «Lill»ning yuqoriga parvozi bilan yodda qoldi.
Yodingizda bo‘lsa, 2017|2018 yillar mavsumini «doglar» xuddi knyazliklar singari o‘tkazishgandi. «Lill» may oyiga qadar «jon» saqlash hududida borgan, moliyaviy muammolar girdobida sal qolsa bankrot bo‘lishi mumkin edi. Soccer.ru shunday murakkab vaziyatdan sharaf bilan chiqib ketgan jamoa haqida so‘z yuritadi.
Jarlikdan chiqish
Klub prezidenti Jerar Lopes investorlarni topib, qarzlardan qutuldi. O‘sha mavsumda esa murabbiy Kristof Galtye xaloskor rolini ajoyib tarzda bajarib, «doglar»ni jarlikdan olib chiqdi. «Lill» o‘ta qiyin o‘tgan chempionatni 16-o‘rinda yakunladi.
Garchi Fransiya chempionati xususida oldindan biror taxmin bildirish qiyin bo‘lsada, yozda shimolliklarning qiyinchiliklari davom etishini ko‘pchilik ta’kidlagandi. Liga 1da faqat chempion nomi oldindan ma’lum bo‘lishi mumkin. «Monako»ning inqirozga yuz tutishini kim ham o‘ylabdi deysiz? Bevosita «Lill» haqida gapiradigan bo‘lsak, aksariyat tahlilchilar «doglar»ning yuqori o‘nlikka kirishini taxmin qilishgandi. Yevropa Ligasi yo‘llanmasiga ega chiqish katta muvaffaqiyatga tenglashtirilgandi. «PSJ»dan keyingi ikkinchi o‘rin - bunaqasi «ko‘ppaklar»ning eng fidoyi muxlislarining ham xayoliga kelmagandi.
Shilliqqurt qachondir yetib keladi
Murabbiy Kristof Galtyening malakasiga hech kim shubha qilmagandi. O‘z navbatida, unga L~escargot - «Shilliqqurt» taxallusi berishgani bejiz emasdi. Ushbu mutaxassis «Sent-Etyen»da 8 yil ishlagan, mustahkam jamoa shakllantirgan, o‘yinni izga solgan, biroq mamlakatning eng sovrindor jamoasini yetakchilar safiga qo‘shishni uddalay olmagandi. Muntazam ravishda 4-5-o‘rinlarni egallayverish jonga tekkandi. Bundan ortig‘iga «yashillar»ning kuchlari yetmasdi. Har yili bir joyda qotib turaverishdi. Shu bois 2017 yili «Sent-Etyen» murabbiy bilan shartnomani uzaytirishni xohlamadi. O‘sishning bu qadar sekinlashishi ma’qul emasdi.
Shunga qaramay, Galtye «Lill»da qisqa muddatda o‘sishga erishdi. Mavsumning katta qismini «doglar» ikkinchi pog‘onada o‘tkazishdi. Chempionlik uchun parijliklarga jiddiy raqobat tug‘dirishmadi, bu g‘oyat og‘ir yumush, biroq ikkinchi o‘rinni egallashga uringanlarni «tishlash»ga tayyor edilar. Buni qarangki, qudratli «PSJ» «Lill Metropol» stadionida 5:1 hisobida tor-mor etildi. Urilgan gollar soni bo‘yicha Galtye boshchiligidagi jamoa «Lion» bilan 2-3-o‘rinlarni bo‘lishib oldi. Bu borada ham «PSJ» peshqadam, lekin parijliklar safida Neymar va Kilian Mbappe singari yulduzlar to‘p surishadi. «Lill»ning mudofaasi ligadagi eng mustahkami bo‘ldi. Jamoaning eng yaxshi himoyachilaridan biri, Fransiya yoshlar termasi a’zosi Fode Ballo-Turening yanvarda «Monako»ga sotilgani bejiz emas.
O‘sayotgan organizm
Bir yil avval Lilldagilar Ederning «Lokomotiv»dan qaytishini kutishgan, kelishuv amalga oshmaganidan keyin xafa bo‘lishgandi. Ammo hozir bu voqeani kim ham esga olardi? O‘tgan yilning yozida muxlislar orasida birinchi navbatda hujumchi Loik Remi va Portugaliya termasi tarkibida Yevropa chempionligini qo‘lga kiritgan Joze Fonte tilga olingan bo‘lsa, bugungi «Lill» yozgi transferlar bozorida mazali pishiriqqa aylanishi kutilmoqda. Birgina Nikolya Pepe uchun kattagina navbat vujudga kelgan. Ivuarlik yigitning narxi esa ancha o‘sdi - taklif 80 million yevrodan kam bo‘lmasligi kerak.
Mayk Manyan esa bir necha oy ichida ajoyib darvozabon sifatida ko‘rinish berdi. Uni Fransiya termasiga ham chaqirishdi. O‘ng qanot himoyachisi Zeki Chelik esa Turkiya milliy jamoasidan taklif oldi. Fontening yonida avvallari mahoratli hisoblanmagan Adama Sumaoro ancha o‘sishga erishdi.
Bir yil avval Sheka, Tyago Mayya hamda Tiago Mendeshni kim tanirdi? Ha, mavsum-2017|2018 «chalajon» «Lill»da shunday yarim himoyachilar bo‘lgan. Hozir esa portugal tilida so‘zlashuvchi bu uchlik (bir portugaliyalik va ikki braziliyalik) maydon markazida porlamoqda. Tiago Mendesh hozirdanoq «Chelsi» va «Atletiko» o‘rtasida bahs yuzaga kelishiga sababchi bo‘ldi: qachonlardir bu klublarda uning adashi Tyagu Mendesh to‘p surgandi. Galtye kelishidan avval Shekani ko‘pchilik dahmazaga mengzagandi, ayni payt u Portugaliya termasiga nomzodlar safida.
Hujumkor yarim himoyachi Jonatan Ikone qachonlardir «PSJ» tomonidan yaroqsiz deb topilgandi. Odatiy chempion dastlab yosh futbolchini «Monpelye»ga ijaraga berdi, so‘ngra ortga qaytarib, ko‘p o‘tmay «Lill»ga sotgandi. Endi esa Parijdagilar o‘ylamay ish qilishganini tushunishdi. Jonatan Fransiya yoshlar termasi yetakchisiga aylandi, tez orada uni jahon chempionlarining asosiy jamoasida ham ko‘rsak, ajabmas.
Nomdor Loik Remidan «Lill Metropol»da ko‘p narsa kutishgandi. Biroq mahoratli markaziy forvard Galtyening sxemasiga moslasha olmadi. Bu chiziqda Nikolya Pepe va Jonatan Bamba o‘zlarini nisbatan erkinroq his qilishdi: bu futbolchilar avval qanot yarim himoyasida to‘p surib, keyinchalik hujumchiga aylanishgan. Ikkisi ham tezkor, zarbalari aniq va kuchli. Pepeni Liga 1dagi eng yaxshi afrikalik futbolchi deb tan olishdi. Yuqorida ta’kidlanganidek, u hozir katta klublar nishonida. Bamba hozircha bor iqtidorini namoyon etolganicha yo‘q, biroq vaqt o‘tgach bu masala ham ijobiy topishiga shubha yo‘q.
Xo‘sh, bu futbolchilarda yana vaqt bo‘ladimi? Nafaqat Pepe va Tiago Mendeshni, balki boshqa lillik iqtidorlarni ham boshqa klublarga sotish ishtiyoqi ancha baland. Talab ham bor. Muvaffaqiyatli mavsumdan so‘ng o‘yinchilarni yoppasiga pullash - Fransiya chempionati uchun odatiy hol. Hozirgi «qopag‘on itlar»ni keyingi mavsumda ham ko‘ramizmi yoki yo‘qmi, noma’lum.