Keng jamoatchilikning fikrini o‘rganish, O‘zbekiston futbol assosiasiyasining keyingi ish rejalari bilan o‘rtoqlashish, qolaversa, O‘FA rahbariyati bilan intervyu uyushtirish bo‘yicha kelib tushayotgan ko‘plab so‘rovlarni inobatga olgan holda bugun O‘FA majlislar zalida ochiq muloqot tarzida matbuot anjumani tashkil etildi.
Unda yurtimizda faoliyat olib borayotgan bir qator gazeta, sayt va televideniye vakillari, blogerlar hamda ustoz jurnalistlar ishtirok etishdi.
Ochiq va samimiy ruhda o‘tgan matbuot anjumani avvalida Ravshan Ermatov kuni kecha kasb bayramini nishonlagan matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlarini O‘FA nomidan tabrikladi va ularning o‘zbek futboli jonkuyarlari ekanini qayd etib, futbol oilasining eng muhim vakillaridan sanaladigan jurnalistlarning fikr va mulohazalarini eshitishga, ularning takliflari va murojaatlarini tinglashga doimo tayyor ekanini bildirdi.
Savol-javoblarga o‘tish oldidan Ravshan Ermatov O‘FA tomonidan endilikda jiddiy e’tibor qaratiladigan mavzularga alohida-alohida to‘xtalib o‘tdi. Jumladan, futbolda adolat o‘rnatish, kelishilgan o‘yinlar va totalizatorlarga qarshi kurash, o‘zbek futboli tarixi va faxriylarga e’tiborni oshirish, muxlislik madaniyatni rivojlantirish va muxlislar kengashini tashkil etish, mahoratli va tajribali mutaxassislardan iborat murabbiylar kengashini tuzish, bolalar futbolidagi mavjud kamchiliklarni bartaraf etish, terma jamoalar hamda ichki chempionatga bo‘lgan e’tiborni kuchaytirish, xolis va professional hakamlikni ta’minlash, futzal va ayollar futboli saviyasini oshirish, shu bilan birgalikda OFK hamda FIFA kabi tashkilotlar bilan aloqalarni yanada rivojlantirish va yangi bosqichga olib chiqish endilikda O‘FA uchun ustuvor vazifalar sanalishi ma’lum qilindi.
Ochiq muloqot davomida jurnalistlar o‘zlarini qiziqtirgan turli mavzular yuzasidan savol hamda takliflar bilan murojaat qilishdi. O‘FA vakillari ham savollarga samimiy ruhda javob berib, bildirilgan takliflar tahlil etilgan holda albatta inobatga olinishini bildirishdi.
O‘zbek futboli manfaatiga xizmat qiladigan har qanday murojaatlar doim O‘FA tomonidan albatta o‘rganib chiqilishi ta’minlanadi.