Kirish Ro'yxatdan o'tish
23/12 00:45 Monsa 1-2 Yuventus
23/12 01:00 Betis 1-1 Rayo Valyekano
23/12 22:30 Fiorentina 1-2 Udineze
24/12 00:45 Inter 2-0 Komo

Akmal Shorahmedov: «Olmaliqlik muxlislar ikkinchi davrada bizni yolg‘izlatib qo‘yishmaydi»

Akmal Shorahmedov: «Olmaliqlik muxlislar ikkinchi davrada bizni yolg‘izlatib qo‘yishmaydi»

Baho:
+ | -

AGMK sardori va o‘ng qanot himoyachisi Akmal Shorahmedov jamoa mavsumning ikkinchi qismiga ko‘rgan tayyorgarligi, birinchi davradagi muvaffaqiyatsizlik sabablari, ichki muhit va kubokda o‘z oldiga qo‘ygan maqsadi haqida klub matbuot xizmati bilan bo‘lgan suhbatda aytib o‘tdi.

"Birinchi davra yakunlangach 2-3 kun hordiq chiqarib, yana tezda ishga kirishdik. Mavsumning dastlabki qismi muvaffaqiyatli o‘tmagani bois, ikkinchi davraga jiddiy tayyorgarlik ko‘rish maqsadida mashg‘ulotlarni barvaqt boshladik. Tayyorgarlik yomon o‘tmadi. Jamoamiz ikkinchi davraga ancha "qaynoq" hozirlik ko‘rdi. Bunga havo harorati ham yordamlashib yubormoqda (kuladi). Barcha qilgan ish va mehnatlarimiz samarasi bu natijaga bog‘liq. Agarda ikkinchi davrada barchasini iziga qo‘ya olsak, unda qilingan mehnatlar havoga uchmaydi.

Birinchi davrada jamoamizga keskinlik, o‘yinda "jahl" yetishmadi. Ichki muhit yaxshi. Bu borada muammo yo‘q. Futbolda asosan jamoa yutib turganda muhit zo‘r bo‘ladi. Ishlar yurishmagan paytda esa haqiqiy muhit yuzaga chiqadi. Aynan shu payt jamoa o‘zaro qanchalik birlashgani ko‘rinadi. Bizda hammasi yaxshi. Ikkinchi davraga a’lo kayfiyatda kirishamiz. Agarda natijalarni ham yaxshilab, muvaffaqiyat ko‘chasiga o‘tsak, muhit yanada a’lo darajaga chiqaveradi.

Muhimi, dastlabki o‘yinni g‘alaba bilan boshlash lozim. Shunda turnir jadvalida bizdan teparoqda turgan jamoalarga yaqinlashib olamiz. Bu esa ularni yengil nafas olishga qo‘ymasa, bizga yanada ko‘proq ishonch bag‘ishlaydi.

Istalgan jamoada o‘zgarishlardan keyin ma’lum vaqt kerak bo‘ladi. Yangi kelganlar esa o‘sha jamoaga ko‘nikib, moslashib olishlari uchun ham vaqt talab etiladi. Jamoa mavsum avvalida yangilandi. Yangi kelgan futbolchilar hozirga kelib ancha moslashib, jamoaga ko‘nikib olishdi. O‘ylaymanki, mavsumning ikkinchi qismida boshqacha jamoani ko‘ramiz.

AGMK o‘tgan mavsum O‘zbekiston kubogida zafar quchib, jamoa plankasini ko‘tarib qo‘ygan. Ayni damda jamoamiz kubok doirasidagi har ikkala frontda kurash olib bormoqda. Shu boisdan ham mazkur musobaqalarda maksimal cho‘qqi uchun kurashish lozim. Chempionatda ham imkon qadar yuqori o‘ringa ko‘tarilish vazifasi turibdi.

Joriy mavsum "Paxtakor" qolgan jamoalarga nisbatan ancha kuchli. "Lokomotiv" ularga raqobat qilishga urinmoqda. Qolgan jamoalar darajasi deyarli bir-biriga teng.

O‘zbekiston Kubogi finallarida ketma-ket mag‘lubiyatga uchrab kelyapman. "Bunyodkor" bilan ketma-ket finallarda yutqazdim, o‘tgan yili "Paxtakor" safida AGMKga sovrinni boy berdim. Bu yili mazkur noxush an’anaga chek qo‘yishni istardim. O‘tgan safar finalda AGMKga yutqazgan bo‘lsam, bu yil endi AGMK bilan O‘zbekiston kubogida zafar quchishni niyat qildim.

Olmaliqda chiroyli o‘yin va natija yaxshi bo‘lsa muxlis ko‘payadi. Birinchi davrada tomoshabinlar tashrifi tushib ketganiga o‘zimiz aybdormiz. Bekobodda bo‘ladigan o‘yinda g‘alaba qozonib, keyin uyda "Andijon"ni yutib, olmaliqlik muxlislarni kayfiyatini ko‘tarishga, ularni xursand qilishga harakat qilamiz. Maqsad - ularni stadionga qaytarish.

Tomoshabinlar qanchalik ko‘p tashrif buyursa, bu o‘sha jamoaga berilgan eng katta ustunliklardan biri. Qachonki stadionda muhit zo‘r bo‘lib, seni oldinga chorlaydigan muxlislaringni his etsang, charchab qolgan bo‘lsangda oxirgi quvvatingni ishlatib yugurasan, joningni berib o‘ynaysan. AGMKga muxlislar yordami kerak. Futbolchilarning maydondagi eng katta ilhom parisi - ishqibozlar. O‘ylaymanki, olmaliqlik muxlislar ikkinchi davrada bizni yolg‘izlatib qo‘yishmaydi", — deya o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi Akmal Shorahmedov.

Manba: www.fc-agmk.uz
Kiritildi: 06:05, 26.07.2019.
O'qildi: 1985 marta.
Fikrlar: 1 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.