Kirish Ro'yxatdan o'tish
24/12 00:45 Inter 2-0 Komo
26/12 17:30 Manchester Siti - Everton
26/12 20:00 Bornmut - Kristal Pelas
26/12 20:00 Chelsi - Fulhem
26/12 20:00 Nyukasl - Aston Villa
26/12 20:00 Nottingem Forest - Tottenhem
26/12 20:00 Sautgempton - Vest Xem
26/12 22:30 Vulverhempton - Man. Yunayted

Davron Fayziyev: «Mag‘lubiyat uchun uzr so‘rayman, murabbiy sifatida aybdorman»

Davron Fayziyev: «Mag‘lubiyat uchun uzr so‘rayman, murabbiy sifatida aybdorman»

Baho:
+ | -

“Dinamo” – “Qo‘qon-1912” (0:1) uchrashuvidan keyin mezbonlar bosh murabbiyi Davron Fayziyev jurnalistlar savollariga javob qaytardi.

- Avvalambor, Arafa kuni va ertangi Qurbon hayiti bilan barchani tabriklayman. Bugungi o‘yin haqida gapiradigan bo‘lsam, kayfiyat juda yomon. Sababi, men o‘z jamoamni taniy olmayapman. Ketma-ket to‘rtinchi o‘yinda ham mag‘lubiyatga uchrayapmiz, bu safar ham juda alamli mag‘lubiyatni tan olishga majbur bo‘ldik.

Yigitlarimizda o‘zlariga nisbatan ishonch yo‘qolgandek yoki futbolchilarimiz o‘zlarini raqibdan ustun qo‘yotgan bo‘lishi mumkin. Bugungi uchrashuv 6 ochkolik emas, hattoki 9 ochkolik bahs edi. Bizga ham, raqiblarimizga ham bugun g‘alaba juda zarur edi. Mag‘lubiyat uchun uzr so‘rayman, bunda murabbiy sifatida aybdorman. Kamchiliklarni bataraf etib, o‘z holimizga qaytishimiz shart.

Afsuski, oldingi turlarda bo‘lgani kabi, raqiblar yarimta imkoniyatni golga aylantirishmoqda, biz esa qator golli vaziyatlardan foydalana olmayapmiz, axir men murabbiy sifatida maydonga tushib gol ura olmayman, yigitlar o‘z mahoratlarini ishga solib, o‘z ustlarida yanada ko‘proq ishlab, gol urishlari lozim. Mehmonlar vaziyatdan foydalanishdi, biz esa yo‘q. Mehmonlarni g‘alaba bilan tabriklayman. Omad ham biz tomonda emasdi. Xuddiki bizni sehrlashgandek, darvozaga kirishi kerak bo‘lgan to‘p ham golga aylanmayapti.

Yigitlarimizni shijoat va harakatiga e’tirozim yo‘q, shunchaki ba’zida oddiy vaziyatlarda bolalarcha yo‘l qo‘yilayotgan xatolarni ko‘rib, Superliga futbolchilariga bunday xato qilish yarashmaydi, deysiz.

- Davron aka, “Dinamo” 20 daqiqacha bir kishi ko‘p bo‘lib o‘ynadi. O‘shanda jamoa oldida qanday o‘ylangan reja bor edi?
- Rejamiz uzun masofadagi paslar orqali emas, kichik uzatma va kombinasiyalar orqali raqib jarima maydonida bosim yaratish edi. Bunda qanotlardan ko‘proq paslar kerak edi. Ammo bir kishi kam o‘ynayotgan jamoa himoyasiga qanotlardan bosim qila olmadik. Shu bois, men bu jamoamni taniy olmadim deyapman. Jamoa ko‘rsatmalarimni bajara olmadi, tayyorgarlik, mashg‘ulotda umuman boshqa jamoa edik, maydonga tushib esa o‘ylangan rejalarni bajara olmadik.

- Futbolchilar raqibga to‘pni oson berib qo‘yishmoqda. Oddiy vaziyatlarda futbolchilar bir-biriga og‘zaki yordam berib, “podskazka” bermayotgandek...
- Hattoki men siz bilan futbol o‘ynasam ham, oldingda yoki orqangda futbolchi bor, shoshilma, to‘xta deb aytib turaman. So‘nggi uchta o‘yinimizni ko‘rib chiqib, menda shunday taassurotki, xuddiki futbolchilarimga kimdir maydonda umuman gaplashma deb ruxsat bermayotgandek, maydondagi oddiy ish jarayonida kamchiliklarga yo‘l qo‘yapmiz. Bu men uchun katta muammo, bu menga bayramona kayfiyatda bo‘lishimga yo‘l qo‘ydirmay, asabiylashtirmoqda. Raqib jamoa bizdan bir bosh baland bo‘lib yutqazsak – tushunaman, ammo bugungidek alamli mag‘lubiyatni hazm qilish qiyin.

- Sizni vaqtida tajribali himoyachi sifatida bilardik. Tajribali futbolchilarning ham muhim pallada pand berishayotgani bugun ko‘rindi. Xatolarni tahlil qilib chiqasizmi?
- Albatta. Ayniqsa, o‘yin boshlanishi bilan raqib hujumchisi uchta futbolchimiz orasidan darvozamizga qanday gol urib ketdi, haligacha tasavvurimga sig‘dira olmayapman. Siz jurnalistlar oldida ham aytaman, tarkibga hech kimga joy kafolatlanmagan. Chindan ham mana shunday pallalarda ularning tajribasi qo‘l kelishini o‘ylagandim. Ammo bu futbol, futbolda hamma o‘ylaganingiz ham amalga oshavermaydi. Bugun tarkibda ko‘p o‘zgarishlar qilishim mumkin edi, ammo afsuski faqat uchta o‘zgartirish imkonim bor edi.

Damir Temirovni vaqtli o‘zgartirishim sababi? Uni “Lokomotiv”ga qarshi o‘yinda qanday o‘ynaganligi bilan bugun dastlabki 25 daqiqada qanday to‘p surganligini ko‘rdingizmi? Oyog‘iga bitta to‘p ham ololmadi. Yoshlarimizga ham barqarorlik kerak. “Lokomotiv”ga qarshi ham, bugun ham raqibdan ko‘p imkoniyat yaratdik, ammo biz gol ura olmay, raqiblarimiz gol urib ketishmoqda. Bu mehnatlarimiz samara bermasligi juda alamli.

Ayrim muxlislarning noroziligini, e’tirozini tushunishim mumkin, hammasini tashlab, jamoani shunchaki tark etish juda oson, ammo klubning keyingi taqdiri uchun ham kemani hammadan oldin tashlab chiqish bu mening yo‘lim emas, hamma e’tirozlarga chidash mumkin, ammo ular to‘g‘ri bo‘lsa, tanqidlarni to‘g‘ri qabul qilaman. Ammo, kutilmaganda Pro-Ligadan Superligaga chiqib, kutilmagan natijalar qayd etdik, endi esa omadimiz kelmaganda ham unutmaylikki – yaxshi natijalarni ham mana shu yigitlar bilan qayd etgandik. Aybdorlarni topish eng oson ish, ammo biz tezroq barchasini unutib, keyingi o‘yinlar uchun xatolardan xulosa chiqargan holda tayyorlanishimiz kerak.
 
Usmon Ibodov yozib oldi.

Manba: fcdinamo.uz
Kiritildi: 07:41, 11.08.2019.
O'qildi: 4465 marta.
Fikrlar: 2 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.