Kirish Ro'yxatdan o'tish
29/04 00:00 Marsel 2-1 Lans
29/04 00:00 Betis 1-1 Sevilya
29/04 23:45 Jenoa 3-0 Kalyari
30/04 00:00 Barselona 4-2 Valensiya
30/04 05:00 Borussiya D - PSJ
30/04 05:00 Borussiya D - PSJ
01/05 00:00 Bavariya - Real Madrid
01/05 00:00 Bavariya - Real Madrid

«Hozir Shomurodov Dzyuba, Azmun, Smolov va CHalovdan kuchsiz emas». Rossiyalik mutaxassislarning Eldor haqidagi fikrlari

«Hozir Shomurodov Dzyuba, Azmun, Smolov va CHalovdan kuchsiz emas». Rossiyalik mutaxassislarning Eldor haqidagi fikrlari

Baho:
+ | -

«Rostov» hujumchisi Eldor Shomurodov Rossiya premyer-ligasining 8-turidan keyin 7ta gol bilan to‘purarlar bahsida peshqadamlik qilmoqda. Xo‘sh, o‘zbekistonlik futbolchi haqida rossiyalik mutaxassislar qanday fikrda?

«Rostov» klubi menejer-seleksioneri Igor Gamula, «Rostov» klubi sobiq futbolchisi va sobiq murabbiyi Dmitriy Kirichenko va «Rostov» klubi sobiq sport direktori Aleksandr Shikunov hamyurtimiz haqidagi bir nechta savollarga javob berishdi.

Savol: — Shomurodovning ustunligi, o‘ziga xosligi nimada? Ushbu mavsumdan undan yorqin o‘yin kutganmidingiz?

Igor Gamula, «Rostov» menejer-seleksioneri:

— Klub rahbariyati uni kuzatib, hali yosh paytida «Rostov»ga olib kelishdi va asta-sekin asosiy tarkibga tayyorlab kelishdi. Umuman, uni yaxshi saviyadagi hujumchiga aylantirishdi. Uning o‘zi ham yaxshigina mehnat qildi. O‘zbekiston terma jamoasidagi o‘yinlari orqali u ko‘p skautlar — asosan osiyoliklarning qiziqishiga sabab bo‘ldi. Unga Xitoy klubidan qiziqish bo‘lganini bilaman. U jamoamizda o‘sib borayotgani juda yaxshi holat. Valeriy Karpinga ham qoyil qolish kerak. U futbolchini yaxshi tayyorlab keldi.

Hozir Eldor Sigurdarsson bilan raqobatda yengib chiqdi. Hammasi haqqoniy. Kamtar, madaniyatli, tarbiyali yigit. Uning ustun jihati? Yuqoridan uzatilgan to‘p uchun yaxshi harakat qiladi. Yerda ham ajoyib o‘ynaydi. Yakkama-yakka vaziyatda alday oladi, tezligi yuqori va yaxshi driblingga ega. Umuman olganda, Yevropa saviyasidagi hujumchiga aylanishi uchun barcha xislatlarga ega. Eng muhimi, u maqsad sari intiluvchi inson. Uning dardi-fikri faqat futbol!

Dmitriy Kirichenko, «Rostov» klubi sobiq hujumchisi va sobiq murabbiyi. Rossiya chempionatining 2002 va 2005 yillardagi eng yaxshi to‘purari:

— U keng qamrovli futbolchi. Katta hajmdagi qora mehnatni amalga oshiradi. Tutgan joyini kesadigan yigit. So‘nggi vaqtlarda uning vaziyatlardan foydalanish samaradorligi yuqori bo‘lmoqda. O‘ziga bo‘lgan ishonchi yuqori ekani sezilib turibdi. Hujumchi uchun bu eng muhim xislat.

Aleksandr Shikunov, «Rostov» klubi sobiq sport direktori:

— O‘tgan mavsumdayoq u iqtidorli, qobiliyatli hujumchi ekani ko‘rinib turgandi. U jamoaga va chempionatimizga moslashib olishi kerak. Hozir esa hammasi joyiga tushdi. Eldor tezlik, golni his qilish, doimo xavfli vaziyat markazida bo‘lish kabi kerakli xislatlarga ega. Qo‘shimcha qilib shuni aytish mumkinki, u katta hajmdagi ishni amalga oshiradi. Bu hujumchilar uchun kamyob hodisa. «Rostov» o‘z taktikasini o‘zgartirdi. Hujumkor futbol tufayli oldinda ko‘p imkoniyatlar yuzaga kelmoqda.

Savol: «Rostov»ning bunday markaziy chizig‘i bilan Shomurodov to‘purarlar poygasida g‘olib chiqishi mumkinmi?

Gamula: — Shomurodovning jamoadoshlari hozir juda kuchli. Birgina Roma Yeryomenko nimalarga qodirligini yaxshi bilamiz. Bundan tashqari, Ivelin Popov ham bor. Bu yigitlar istalgan paytda, maydonning istalgan joyiga uzatma berishi mumkin. «Rostov» qanotlari — Aleksey Ionov va Xorik Bayramyan ham yaxshi ishlamoqda..

Shomurodovni uzatmalar bilan ta’minlash qiyin emas. Uning o‘zi ham yaxshi ochiladi, vaziyatni yaxshi his qiladi. Karpin «standart»lardan, qanotdan beriladigan uzatmalardan yaxshi foydalanmoqda. O‘yin paytida bunday "uy vazifa"lari yaxshi ishlamoqda.

Kirichenko: — Ha, Eldor chempionatning eng yaxshi to‘purari nomiga asosiy nomzod. Lekin oldinda hali o‘yinlar ko‘p.

Shikunov: — Yeryomenko Shomurodov uchun ko‘p vaziyatlar yaratib bermoqda. Roman hujumchini nozik his qiladi. Yaratganing o‘zi ham Eldorga to‘purarlik qobiliyatini bergan. Yodingizda bo‘lsa, 1996 yilda «Rostelmash» hujumchisi Aleksandr Maslov chempionat to‘purari bo‘lgandi. O‘shanda Dmitriy Loskov uni uzatmalar bilan ta’minlab turgan edi. Noboa paytida Azmun ko‘p gol urgan, Jano payida — Dzyuba. Hozir esa Yeryomenko bor. Maydon markazida bunday ijrochilar bilan to‘purarga aylanish uchun imkoniyat bor. «Rostov» yarim himoya chizig‘i kuchli.

Savol: — Shomurodov ushbu mavsumda nechta gol uradi?

Gamula: — Aniq aytish qiyin. Buni yolg‘iz Xudo biladi. Ko‘z tegib qolishini istamayman. Qancha gol ursa ham, ularning barchasi bizniki (kuladi). Umid qilaman, u chempionat to‘purariga aylanadi.

Kirichenko: — Shunday ruhda davom etsa, bemalol 20ta gol urishi mumkin.

Shikunov: — Barchasi hozirgidek ketsa, 20tadan ko‘proq gol urishi mumkin.

Savol: — Shomurodov O‘zbekiston terma jamoasida o‘ynayotgani uchun sizda achinish hissi bormi?

Gamula: — Bizda ham yaxshi hujumchilar bor. Smolov, Dzyuba, Chalov. Achinishga hojat yo‘q. U O‘zbekistonda tug‘ilgan va o‘z mamlakati sharafini himoya qilmoqda. Bu yerda barchasi tushunarli. Eldor «Rostov» safida ekanidan xursand bo‘lishimiz kerak. Muxlislar uni yaxshi ko‘rishadi. Shomurodov o‘zini yaxshi his qilmoqda.

Kirichenko: — U Rossiyaga O‘zbekiston terma jamoasi a’zosi sifatida tashrif buyurdi. Bu mavzuda gapirishdan ma’no yo‘q. Shomurodov hozirgi holati bilan Rossiya terma jamoasiga to‘g‘ri kelar edi. O‘z navbatida Cherchesov Ionovni yig‘inga chaqirdi. Aleksey va Eldorning vazifalari o‘xshash. Ikkalasi ham tezkor.

Shikunov: — Messi Argentina fuqarosi ekanidan afsulanish kerakmi (kuladi)? Hech narsa qila olmaysan. O‘zbekistonlik hujumchi bizda, Rossiyada ochilgani juda yaxshi.

Savol: — Stanislav Cherchesov Rossiya terma jamoasiga Dzyuba, Smolov, Komlichenkoni chaqirdi. Hozirgi Shomurodovni ushbu hujumchilar bilan taqqoslash mumkinmi?

Gamula: — Bir xil hujumchilar bo‘lmaydi. Har birining kuchli tomonlari bor. Shomurodov — o‘ziga xos zamonaviy hujumchi. U ham yuqorida, ham yerda samarali o‘ynay oladi. Men uni hech kim bilan taqqoslamagan bo‘lardim.

Kirichenko: — Shomurodov uslubi bo‘yicha Dzyuba va Komlichenkoga o‘xshamaydi. Eldor boshqacha hujumchi. U ko‘proq Smolovga yaqin. Hozirda Eldor saviya borasida Premyer-ligada o‘ynayotgan shunday uslubdagi istalgan futbolchi bilan tenglasha oladi.

Takrorlayman, uni Dzyuba va Komlichenko bilan taqqoslab bo‘lmaydi. Azmun? Hozir Shomurodov undan kuchsiz emas. Lekin Sardor istalgan paytda gol urish qobiliyatiga ega. Eronlik futbolchi bir kirishib qolsa, gollar seriyasini amalga oshirishi mumkin. Shuning uchun uni ham to‘purarlar poygasida safdan chiqarish kerak emas. Chalov va Shomurodov bir-biriga o‘xshash. Ularning antropometrik ko‘rsatkichlari taxminan bir xil. Saviya borasida ularni taqqoslash mumkin.

Shikunov: — Men ularni taqqoslamagan bo‘lardim. Shomurodov, «Krilya»dagi Sobolyov kabi hozir endi porlamoqda. Bu futbolchilar ochilganiga endi 2 oy bo‘ldi, Smolov va Dzyuba — tajribali yigitlar. Shomurodovni olis davom etadigan musobaqa davomida kuzatish lozim. Iyul yoki avgustdan keyin bu futbolchi yo‘qolib qolishini istamasdim.

Savol: — «Rostov» hozir peshqadamlar safida bormoqda. Bu qancha vaqt davom etishi mumkin?

Gamula: — «Rostov» yorqin, hujumkor o‘yin namoyish qilmoqda, ko‘p gol urmoqda. Lekin ko‘p gol o‘tkazyapti ham. Bunday futbol muxlislarga yoqadi. Qaysi askar general bo‘lishni istamaydi? Ishtaha tanovul paytida keladi.

Kirichenko: — «Rostov» o‘tgan mavsumni ham yaxshi boshlagan edi. Hozir jamoa o‘yin uslubini o‘zgartirdi. «Lokomotiv» ustidan safarda qozonilgan g‘alaba o‘yinchilarga ishonch bag‘ishlaydi. O‘ylashimcha, rostovliklar yevrokubok yo‘llanmalari uchun kurash olib borishadi. Aniq o‘rin haqida to‘xtalmayman.

Shikunov: — Oldindan biror narsa deyish qiyin. Eng muhimi, hozirgi «Rostov» sifatli va chiroyli futbol namoyish etmoqda!

Manba: sport-express.ru
Kiritildi: 08:53, 05.09.2019.
O'qildi: 13220 marta.
Fikrlar: 8 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.