“Goal" nashri shaxsiy ko‘rsatkichlariga ko‘ra 2019 yilning engya yaxshi 10 futbolchisi ro‘yxatini e’lon qildi.
Nashr “Liverpul” klubi hamda Gollandiya terma jamoasi himoyachisi Virjil van Deykni 2019 yilning eng yaxshi futbolchisi deb topdi. Bilaman, hozir Messining muxlislari e’tiroz bildira boshlashadi: “Messi falonta gol urgan, Messi “Oltin butsa”ni olgan deb. Van Deykning natijasi ham yomon emas. U qaytargan zarbalar, u bartaraf etgan xavfli vaziyatlar soni Messinikidan qolishmaydi. Olaylik, Messi bitta o‘yinda ikkita gol ursa, van Deyk ham bitta o‘yinda 3-4 ta golli vaziyatlarni bartaraf etadi. Qolaversa, gollandiyalik futbolchi ham “yilning eng yaxshisi” deb topilgan. Yana bir muhim fakt: Messi fenomeni, Messining harakatlari klubiga va terma jamoasiga sovrindor bo‘lishga yordam bermadi, “Liverpul” esa van Deyksiz YECHL g‘olibi bo‘la olmasdi. Axir poygada mashinangiz marraga birinchi bo‘lib yetib kela olmasa, sizning juda mohir ekanligingiz ham o‘z ahamiyatini yo‘qotadi, sizdan oldin kelgan haydovchi ustunroq hisoblanadi.
Ikkinchi o‘rin Messiga nasib etdi. Bilaman, hozir Krishtianuning muxlislari Ronalduning Millatlar ligasida g‘olib bo‘lganini pesh qilishadi. Ammo ikkalasi ham hujumchi, demakki, bu borada gollar kimningdir ustunligini ta’minlaydi. Messi gol urish borasida bu safar Ronalduni sezilarli darajada ortda qoldirgani fakt, qolaversa, ayni damda Messining Krishtianudan kuchliroq ekanligini portugaliyalik futbolchining muxlislari ham tan olishadi.
Uchinchi o‘rinda Muhammad Saloh joylashdi. Agar u hujumchi sifatida Messidan yaxshiroq natija ko‘rsatganida shak-shubhasiz ikkinchi o‘ringa joylashardi. To‘rtinchi o‘ringa tushib ketmaganiga esa “Liverpul” bilan YESLda g‘olib bo‘lgani ta’sir ko‘rsatgani aniq. Qolaversa, ushbu muvaffaqiyatda Saloh urgan gollarning ham hissasi bor.
To‘rtinchi o‘rinda Krishtianu Ronaldu. Ajablanmasak ham bo‘ladi, YECHLda “Yuventus” bilan sharmandali natija qayd etdi, Millatlar ligasida Portugaliya chempion bo‘lgan esa-da, Ronaldu emas, Bernardu Silva eng yaxshi futbolchi deb topildi. Eng muhim jihati KriRo to‘purarlik borasida sezilarli samaradorlik ko‘rsata olmadi.
Beshinchi o‘rinda — Sadio Mane. “Liverpul”ning senegallik futbolchisi keyingi yili bu ro‘yxatning yuqori pog‘onalaridan birida tursa ham ajab emas. Boisi, ayni damda “qizillar” safida Salohdan ham ko‘ra Manening xavfliroq futbolchiga aylanib borayotganini tan olishmoqda.
Oltinchi o‘rinda — Rahim Sterling. “Manchester Siti” yarim himoyachisi 2019 yilda shu paytga qadar ko‘rsatgan o‘yini bilan ushbu o‘ringa munosib.
Yettinchi o‘rinda Alisson Bekker joylashdi. “Liverpul”ga o‘tib, jamoaning darvoza chizig‘ini o‘q o‘tmas qal’aga aylantirgan braziliyalik posboni mazkur ro‘yxatdan o‘rin olishga munosib. Bekker “Liverpul”ning YECHL g‘olibi bo‘lishida alohida ahamiyat kasb etadi.
“Ayaks” safida YECHLda mo‘’jiza ko‘rsatib, buning samarasi o‘laroq yozda “Barselona”ga o‘tgan Frenki de Yong ro‘yxatning sakkizinchi o‘rniga joylashdi. Shu yoshda bunday o‘yin ko‘rsatayotgan futbolchiga ortiqcha ta’rif shart emas.
To‘qqizinchi o‘rinda — Bernardu Silva. Ayni damda Portugaliyaning eng yaxshi futbolchisi, chunki oxirgi rasmiy turnirda u shu maqomni o‘ziniki qilib oldi. Ayniqsa, 2019 yilda u “Manchester Siti” safida ham ajoyib o‘ynayapti.
Messining rekordini yangilagan Kilian Mbappe kuchli o‘nlikni yakunlaydi. “PSJ” hujumchisi kelajakda mazkur ro‘yxatni boshqarishi ham mimkin. Bu o‘ziga bog‘liq.
Nizomjon ISLOMOV