Kirish Ro'yxatdan o'tish
24/12 00:45 Inter 2-0 Komo
26/12 17:30 Manchester Siti - Everton
26/12 20:00 Bornmut - Kristal Pelas
26/12 20:00 Chelsi - Fulhem
26/12 20:00 Nyukasl - Aston Villa
26/12 20:00 Nottingem Forest - Tottenhem
26/12 20:00 Sautgempton - Vest Xem
26/12 22:30 Vulverhempton - Man. Yunayted

Baxtiyor Ashurmatov: «Qo‘qon futbolini yuqori darajaga olib chiqish, muxlislar mehrini qozonish uchun yurakdan ishlayman»

Baxtiyor Ashurmatov: «Qo‘qon futbolini yuqori darajaga olib chiqish, muxlislar mehrini qozonish uchun yurakdan ishlayman»

Baho:
+ | -

Barchangizga ma’lumki, “Qo‘qon-1912” futbol klubiga Baxtiyor Ashurmatov bosh murabbiy etib tayinlandi. Bu voqea barcha OAV xodimlari hamda muxlislar o‘rtasida anchagina qizg‘in muhokama qilindi va bu jarayon davom etmoqda. Jurnalistlar hamda muxlislarni qiziqtirgan ko‘plab savollarga javob olish maqsadida , “shunqorlar”ning yangi bosh murabbiyi bilan suhbat o‘tkazdik.

— Assalomu alaykum. "Qo‘qon-1912" jamoasiga kelishingiz qanday amalga oshdi. Klub bilan qancha muddatli shartnoma imzoladingiz?
— Va alaykum assalom. “Qo‘qon-1912” futbol klubiga, jamoa rahbari Baxtiyor aka Tolipov tomonidan taklif bo‘ldi. Qo‘qonga kelib jamoa rahbarlari bilan ko‘rishdik va maslahatlashib ishni boshladim. Gapni ochig‘i, qachondir Qo‘qon jamoasini boshqarishni niyat qilib yurardim. Va bu niyatim amalga oshdi. Men uchun shartnoma muddati muhim emas. Men uchun eng asosiysi — rahbariyat va muxlislar ishonchini oqlash. Niyatim — “Qo‘qon-1912” jamoasida ko‘prok vaqt davomida ishlash va Qo‘qon jamoasining yukori o‘rinlar uchun kurashadigan jamoalar safiga qaytarish. Yurakdan ishlasak, xudo xohlasa, natija yaxshi bo‘ladi, natija bo‘lgach shartnoma muddati ham uzayaveradi. Imkoniyatdan foydalanib, ishonch bildirishgani uchun jamoa rahbariyatiga minnatdorchilik bildiraman.

— Jamoa rahbariyati oldingizga qanday maqsad va vazifalarni qo‘yishdi?
— Rahbariyat jamoani barqaror o‘yin ko‘rsatadigan, muxlislarga manzur bo‘ladigan jamoaga aylanishini istashadi va bu yo‘lda tinimsiz mehnat qilishmokda. Rahbariyat oldimga yaqin yillar ichida jamoani yuqori o‘rinlar uchun kurashadigan jamoaga aylantirishni vazifa kilib qo‘ymokda. Rahbarlarimizning orzusi “Qo‘qon-1912” jamoasini Osiyo chempionlar ligasida ishtirok etishini ko‘rish. To‘g‘ri, bu bosqichma-bosqich amalga oshiriladi. Lekin, ishonchim komilki, xudo xohlasa, “Qo‘qon-1912” tez orada yuqori o‘rinlar uchun kurashadigan jamoaga aylanadi. Bu yilgi mavsum uchun aniq vazifa esa mavsum boshlanishidan oldin rahbarlar bilan bo‘ladigan uchrashuvda belgilanadi.

— "Qo‘qon-1912" murabbiylar shtabida sizga kimlar yordam beradi?
— Murabbiylar shtabida menga Qo‘qon futboli uchun ko‘p mehnati singgan Aziz To‘xtaboyev, darvozabonlar murabbiyi Andrey Baklanov yordam berishadi. Shuningdek, murabbiylar shtabida Muxiddin Abduvaliyev ish olib boradi. Murabbiylar shtabining to‘liq tarkibini yangi yilgacha aniqlab olamiz.

— Jamoa qachondan yangi mavsumga tayyorgarlikni boshlaydi? Rejalar haqida gapirib bersangiz?
— Yangi mavsumga tayyorgarlikni 20 dekabrdan Qo‘qon shahrida boshlaymiz. Qo‘qonda 28 dekabrgacha bo‘lamiz. Yangi yil bayramini o‘tkazib olganimizdan keyin tayyorgarlikning keyingi bosqichini 4-yanvardan 24-yanvargacha Toshkentda o‘tkazamiz. Xudo xohlasa, 26-yanvardan Farg‘ona shahrida bo‘ladigan Hokim kubogi musobaqasida ishtirok etamiz. Keyingi rejalarimizda, imkoniyatlarimizga qarab Turkiyada yoki yana Toshkent shahrida yig‘in olib boramiz. Tayyorgarlikning aniq rejasini 1-2 kunda tasdiqlab olamiz.

— "Qo‘qon-1912" jamoasining o‘tgan mavsumdagi o‘yinlarini kuzatib borganmisiz?
— Albatta, “Qo‘qon-1912” jamoasining o‘yinlarini kuzatib bordim. Bu jamoa ona shahrim jamoasi bo‘lgani uchun hech qachon Qo‘qonliklarning ishtiroklariga befarq bo‘lmaganman. O‘tgan mavsumlarda Qo‘qonda ishlagan murabbiylar yaxshi jamoa tuzishdi. Lekin ko‘p o‘yinlarda omad yetishmadi deb o‘ylayman. Shu o‘rinda o‘tgan mavsumda “Qo‘qon-1912” jamoasiga mehnatlari singgan murabbiylarga minnatdorchilik bildiraman. No‘’mon aka Hasanov, keyin Aziz To‘xtaboyev mehnat qilishdi. Mavsum oxirida esa Timur Kapadzening ham xizmatlari katta bo‘ldi.

— Tarkibda o‘zgarishlar bo‘ladimi? Qaysi chiziqlarni kuchaytirish lozim deb hisoblaysiz?
— Albatta tarkibda o‘zgarishlar bo‘ladi. Eng asosiysi jamoa o‘zagini saqlab qolishimiz kerak. Jamoa sardori, jamoa uchun jonini berib o‘ynaydigan Murod Xolmuhammedov, Quvondik Ro‘ziyev va boshqa bir nechta yetakchi futbolchilarni saqlab qolmoqchimiz. Va qo‘shimcha har bir pozisiyaga yaxshi saviyadagi futbolchilarni taklif qilishimiz kerak bo‘ladi.

Aytib o‘tganimdek, oxirgi paytlarda jamoani omad tark etgan. O‘z mehnatimiz bilan omad yana biz bilan hamroh bo‘lishini istaymiz. Muxlislarimiz ozgina jamoaga ishonchni yo‘qotishgan. Biz chiroyli, jangovor o‘yinlarimiz bilan muxlislarimiz ishonchini qaytarishimiz kerak. Muxlislarimizning mehrini qozonishimiz kerak.

Oxirgi paytda murabbiylik faoliyatim bir tekisda kechmayapti. Muxlislarda ham ikki xil fikr paydo bo‘lgan. Shu sababli Qo‘qonda ko‘p yillar davomida ishlab, murabbiy sifatida yangi darajaga chiqmoqchiman. Qo‘qon shahridan 17 yoshimda chiqib ketgan edim. Mana 26 yil o‘tib o‘zim tug‘ilib o‘sgan shahrimga qaytibman. Xudo xohlasa Qo‘qon futbolini yuqori darajaga olib chiqish, muxlislar mehrini qozonish uchun yurakdan ishlayman. Menga rahbariyat, muxlislar katta ishonch bildirishyapti. Bu ishonchni qadriga yetgan holda, ishonchni oqlash uchun bor kuchim bilan ishlayman.

— Qo‘qonlik muxlislarga tilaklaringiz?
— Kelayotgan yangi yil O‘zbekiston xalqi uchun, jamoamiz muxlislari uchun ilohim omadli kelsin. Futbolchilarimizning baxtiga muxlislarimiz doimo sog‘-salomat bo‘lishsin. Xonadonlarida faqat xursandchilik kunlar bo‘lsin. "Qo‘qon-1912" jamoasining juda ham jonkuyar muxlislari bor. Ilohim yangi mavsumda stadionni to‘ldirib o‘tirishsin, jamoamizga ishonishsin. Xudo xohlasa, futbolchilar bilan birgalikda har bir o‘yinda jangovor, muxlislarga manzur bo‘ladigan o‘yin namoyish qilish uchun harakat qilamiz.

Akramjon Mamadaliyev suhbatlashdi.

Manba: kokand1912.uz
Kiritildi: 08:30, 14.12.2019.
O'qildi: 2830 marta.
Fikrlar: 0 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.