«Real» bosh murabbiyi Zayniddin Zidan La liganing 10-turi doirasida bo‘ladigan «Barselona»ga qarshi qoldirilgan o‘yin oldidan jurnalistlarning savollariga javob berdi.
— «Madrid» "klasiko"ga qanday formada kelmoqda?
— Jamoa yaxshi formada, deb o‘ylayman. Biz so‘nggi vaqtda yaxshi o‘ynayapmiz. Ham jismoniy, ham ruhiy jihatdan hammasi joyida. Hozir biz uchun vaziyat yaxshi.
— Bunday holatda "el-klasiko"da o‘ynash mumkinmi?
— Qoida barcha uchun barobar: mehmonxonadan birgalikda chiqishimizni aytishdi. Shunday ham bo‘ladi. Muhimi, o‘yinni yaxshi o‘tkazish kerak.
— Qandaydir voqea yuz berib, o‘yin qoldirilishidan qo‘rqmaysizmi?
— Yo‘q, biz bor kuchimizni maydonda sarflab, o‘z o‘yinimiz haqida o‘ylashimiz kerak. Bu o‘yindan ishtirok etamiz.
— Provokasiya yuz bersa, hakam o‘yinni to‘xtatishi kerakmi?
— Hakamni tinch qo‘yish kerak. U biz kabi o‘z ishini bajarishi lozim: u maydonda bo‘lishi va o‘yinni yaxshi o‘tishiga xizmat qilishi kerak. Ushbu o‘yin atrofida haddan ortiq shov-shuvlar ko‘p, lekin odamlar futbol tomosha qilishni istashadi.
— Valverde timsolida o‘z Pogbangizni topdingizmi?
— Biz shunchaki Valverdeni topdik: u o‘z ishini ajoyib bajarmoqda. Bizda hamisha eng kuchlilar o‘ynaydi. Federiko esa jamoaga munosib ekanini isbotladi.
— "Klasiko"dan oldin sizni bezovta qilayotgan nimadir bormi?
— Meni hech narsa bezovta qilmayapti. Barchasidan qoniqish hosil qilyapman: "klasiko"da ishtirok etishdan mamnunmiz. O‘z vaqtida bunday o‘yinni kutib yashaganman. Bor e’tiborimni ushbu o‘yinga qaratyapman.
— «Barselona» klubi hakamlik ustidan yuborgan shikoyat — "klasiko" oldidan qo‘shimcha bosimni yuzaga keltirish vositasimi?
— Yo‘q, men bunday deb o‘ylamayman. Bu meni qiziqtirmaydi, bu haqda o‘ylayotganim yo‘q. Har kim o‘z fikriga ega.
— Futbolchilarning o‘yindagi tezkor harakatlarini qanday baholaysiz?
— Biz katta kuch va ishtiyoq bilan shug‘ullanyapmiz. Biz nafaqat o‘yinlarni yaxshi o‘tkazyapmiz, balki mashg‘ulotlarda ham zo‘r ishlayapmiz. Muvaffaqiyat — mashg‘ulotlar samarasi. O‘yin paytida har qanday narsa yuz berishi mumkin, ammo 100 foizga tayyor bo‘lish muhim ahamiyatga ega.
— Messi hozir yaxshi formada, uni qanday qilib to‘xtatmoqchisiz?
— Bu futbol uchrashuvi — unda o‘n bir futbolchiga qarshi o‘n bir o‘yinchi o‘ynaydi. Bunga qo‘shimcha yana o‘yinchi almashtirishlar mumkin. Ammo biz raqibimiz kim ekanini va ularning safida qanday futbolchi borligini yaxshi bilamiz. Lekin bizda ham o‘z qurolimiz bor. «Barselona»ga qarshi yaxshi o‘yin o‘tkazishni istaymiz.
— Ertaga to‘p nazorati hal qiluvchi omil bo‘lishi mumkinmi?
— Yo‘q, bundan xavotir olayotganim yo‘q, bundan boshqa vaziyatlar ham bor. O‘zimizning eng yaxshi o‘yinimizni namoyish qilishimiz kerak. Bor-yo‘g‘i shu.
— Beyl bunday saviyadagi o‘yinga tayyormi?
— Beyl biz bilan shug‘ullanmoqda. U jamoaning muhim a’zosi va buni hamishga isbotlab kelgan. Barcha kabi u ham ertangi o‘yinga tayyor, bunga shubham yo‘q.
— O‘z vaqtida Messiga qarshi individual ta’qibchi — Kovachichni qo‘ygan edingiz. Bu reja bir marta samara bergan, ikkinchisida esa — yo‘q. Ushbu uslubdan yana foydalanasizmi?
— Har bir o‘yinning o‘z tarixi mavjud. Mateo Messiga qarshi bunday o‘ynashga mos futbolchi edi. Shuning uchun bunday qaror qabul qilgan edim. Bu esa boshqa o‘yin, boshqa tarix.
— «Madrid» «Bernabeu»dagiga nisbatan «Kamp Nou»da yaxshiroq o‘ynaydi, deb hisoblaysizmi?
— Bilmadim, bu jamoaning formasiga bog‘liq. Butun 90 daqiqa davomida barcha chiziqlarda o‘zimizning eng yaxshi o‘yinimizni ko‘rsatishimiz kerak. Bu ikki stadionda o‘ynash o‘rtasida farq bor deb o‘ylamayman. Biz har ikkala arenada ajoyib uchrashuv o‘tkazishimiz mumkin.
— O‘yin oldidan nimalar haqida o‘ylayapsiz?
— Faqat o‘yin haqida o‘ylayapman. Bu haqda nafaqat men, balki murabbiylar shtabi va futbolchilar ham o‘ylamoqda. Biz kabi mavsumni ajoyib o‘tkazayotgan raqibga to‘qnash kelamiz. Meni natija emas, qanday o‘ynashimiz qiziqtirmoqda. Vaziyat tez o‘zgarishi mumkin. Men e’tiborni har kungi ishimga qarataman. Har kuni kelajakda nima sodir bo‘lishi haqida o‘ylaganimda, ishimni o‘zgartirishga to‘g‘ri kelardi.