Ushbu yurt vakillari asosan qishki sport turlarlari bo‘yicha peshqadamlar sirasiga kirishadi. Shunga qaramay, so‘nggi yillarda sovuq o‘lkadan ham kuchli futbolchilar yetishib chiqmoqda. Ular orasida yosh va iqtidorli futbolchilarning ko‘pligi kishini quvontiradi. Bugun ana shu futbolchilarning bir nechtasi bilan tanishib o‘tamiz.
Aleksander Isak
Ikkinchi Ibragimovich bo‘lishi tahmin qilingan hujumchining iqtidorini alohida qayd etib o‘ish lozim. 2017-yilning yanvar oyida “Borussiya Dortmund” tomonidan 8 million yevro evaziga harid qilingan hujumchi AIK klubidagi o‘yinlari bilan shov-shuv ko‘targan edi. O‘zining 17 yoshida “Real Madrid” taklifini rad etgancha Dormundga ko‘chib o‘tgan hujumchining faoliyati o‘zi o‘ylagan ko‘rinishda davom etmadi. Tinimsiz murabbiylarning almashaverishi oqibatida unga 2 mavsum ichida 13 bor maydonga tushish imkoni yaratib berildi. O‘zini to‘liq namoyish etishni uddalay olmagan hujumchi keyingi mavsumni Gollandiyaning “Villim II” safida ijara asosida o‘tkazgan bo‘lsada, o‘z darajasini namoyish etishga muvaffaq bo‘ldi. Shvetsiyalik hujumchi 16 ta uchrashuvda maydonga tushgan bo‘lsa, 13 ta gol va 3 ta assistni amalga oshirishga muvaffaq bo‘ladi. Sermahsul mavsumdan so‘ng, hujumchini Ispaniyaning “Real Sosyedat” klubi harid qildi. Ayni damda, hujumchi o‘yinlarga asosan zahiradan qo‘shilayotgan bo‘lsada, allaqachon 3 ta gol kiritishga muvaffaq bo‘ldi. Uning Yoshi endigina 20 da ekanligini inobatga olsak, barchasi hali oldinda ekanligiga shubhamiz yo‘q.
Martin Edegor
Ushbu futbolchi haqida ko‘plab maqolalarda o‘qigan bo‘lsangiz kerak. Katta mashxurlikdan so‘ng “Real Madrid” safiga borib qo‘shilish, keyin Gollandiya chempionatlarida ijarada to‘p surish va ayni damda “Real Sosiyedat”ning yetakchi futbolchisi. Ayni damda yarim himoyachi o‘z faoliyatini qayta ishga tushirishga muvaffaq bo‘lgani tahsinga sazovar. Yangi mavsumning 15 ta uchrashuvida 3 ta gol va 7 ta assistni amalga oshirgan Martinning ishlari chakki emas. Eng muhimi esa, “Real Madrid” uni ijara o‘z yakuniga yetgach qaytarish haqida bosh qotirmoqda. Chaqqon va maydonni yahshi ko‘ruvchi yarim himoyachiga Madridda ehtiyoj katta. Futbolchining o‘zi ham ortga qaytishga qarshi emas. Agarda u o‘sishda davom etsa, ko‘pi bilan 2 yildan so‘ng, “qirollik klubi” yetakchisiga aylanishi mumkin.
Deyan Kulusevski
Kelib chiqishi Makedoniyalik bo‘lgan Deyan Shvetsiya poytaxti Stogolmda tavallud topgan va Shvetsiya fuqorosi sanaladi. “Atalanta” futbol maktabi tarbiyalanuvchisi sanalmush futbolchi uchun klub yetarlicha o‘yin amaliyotini taqdim etmadi. Oqibatda, qahramonimiz yangi mavsumni ijara asosida “Parma” safida boshladi va barchaning e’tiborini o‘ziga qaratishni uddaladi. Ayni damda chaqqon yarim himoyachi uchun Italiyanin “Yuventus”, “Roma” singari klublari ko‘z tikib turibdi. 186 sm bo‘yga ega bo‘lishiga qaramay, uning tezligiga havas qilish mumkin. Maydon markazi va qanotda ham birdek faol o‘yin namoyish etuvchi futbolchi Shvetsiya terma jamoasida debyut qilishga muvaffaq bo‘ldi. Katta ehtimol bilan 19 yoshlik futbolchi 2020-yilda bo‘lib o‘tuvchi qit’a birinchiligida ishtirok etadi.
Yakub Bruun Larsen
“Borussiya Dortmund” jamoasi tarbiyalanuvchisi sifatida deyarli barcha yoshdagi jamoalarda sardorlik bog‘ichini taqqan yarim himoyachini alohida qayd etib o‘tish lozim. Qanotning istalgan nuqtasida birdek faol o‘yin ko‘rsatishga qodir Larsen avvaliga klub bilan 4 yillik shartnoma imzoladi va asosiy tarkibga kirish uchun urunib ko‘rdi. Avvaliga buni uddasidan chiqa olmagan qahramonimiz o‘tgan mavsumni ajoyib tarzda o‘tkazdi va klub uchun 30 ta uchrashuvda maydonga tushdi. Bu mavsumda esa, uning o‘rnini Torgan Azar egalladi. Hozirda zahira futbolchisiga aylangan Yakub qishda jamoasini almashtirilishi tahmin qilinmoqda. Uning kelajagi borasida hech kimda shubha yo‘q. Harakatchan va mehnatkash vinger istalgan klubni kuchaytirishga qodir. Uning jismoniy xolati ham a’lo darajada bo‘lib, istalgan chempionatda to‘p surish imkonini beradi.
Sander Berge
2017-yilda norvegiyalik futbolchi uchun 2 million yevro to‘lagan Belgiyaning “Genk” klubiga qoyil qolmasdan ilojimiz yo‘q. Iqtidorlarni izlab topish bo‘yicha yetakchi sanalgan klub yana bir bor ajoyib haridni amalga oshirishga muvaffaq bo‘ldi. Ushbu mavsumda YCHLda ishtirok etgan Bergening o‘yinlari ko‘plab mutaxassislarning e’tiborini tortdi. Yosh bo‘lishiga qaramay, maydon markazida juda ishonchli o‘yin ko‘rsatayotgan Sander allaqachon top klublar e’tibor markazida turibdi. Maydon markazining istalgan nuqtasida birdek faollik ko‘rsatishga qodir futbolchi Belgiya chempionatida uzoq qolmasligi aniq. Milliy terma jamoasida debyut qilishga ulgurgan yarim himoychi uchun “Genk” 25 million yevro talab qilmoqda. Agarda, qishda Berge boshqa klubga o‘tmasa, kelasi yozda bu narx yanada ko‘tarilishi aniq.