Kirish Ro'yxatdan o'tish
26/12 17:30 Manchester Siti - Everton
26/12 20:00 Bornmut - Kristal Pelas
26/12 20:00 Chelsi - Fulhem
26/12 20:00 Nyukasl - Aston Villa
26/12 20:00 Nottingem Forest - Tottenhem
26/12 20:00 Sautgempton - Vest Xem
26/12 22:30 Vulverhempton - Man. Yunayted
27/12 01:00 Liverpul - Lester

Asror Aliqulov: «Sho‘rtan»ni Superligaga chiqish vazifasini uddalaymiz»

Asror Aliqulov: «Sho‘rtan»ni Superligaga chiqish vazifasini uddalaymiz»

Baho:
+ | -

Xabaringiz bor, yangi yilning dastlabki oyida “Sho‘rtan” jamoasi boshqaruvida bir qator o‘zgarishlar yuz berdi. Ular orasida Asror Aliqulovning bosh murabbiy etib tayinlanishi, ayni diqqatga molik voqea, deyishimiz mumkin.

Ushbu mutaxassis o‘z vaqtida g‘uzorliklar tarkibida avval futbolchi sifatida, keyin esa murabbiy bo‘lib faoliyat ko‘rsatgandi.

Bir so‘z bilan aytganda, Aliqulov uchun G‘uzor jamoasi begona emas. O‘tgan yili “Mash’al”ni PRO-Ligada g‘oliblikka olib kelgan mutaxassis, endi “Sho‘rtan” bilan yuksak marralarni zabt etish uchun qadam tashlaydi.

Kuni kecha “Oq bo‘rilar” jamoasi ham qishki o‘quv-yig‘in mashg‘ulotlarini boshladi. Shu munosabat bilan biz bosh murabbiy Asror Aliqulovni muxtasar suhbatga chorladik:

Avvalo, o‘zingiz uchun qadrdon bo‘lgan “Sho‘rtan” jamoasiga kelishingiz qanday ro‘y berdi, shu haqda gapirib bersangiz?

– Jamoa boshqaruvida o‘zgarish yuz bergach, SH.YArulin ishga taklif qildi. Shamil Samigulovichni oldindan yaxshi bilaman, o‘z ishining bilimdoni, tajribali inson. Oldiga qo‘yilgan har qanday vazifa va maqsad sari dadil intiluvchan rahbar sifatida hurmat qilaman. Shuning uchun hech ikkilanmasdan rozilik bildirdim. Qolaversa, “Sho‘rtan” men uchun begona jamoa emas.

— Murabbiylar guruhida Sizga qaysi mutaxassislar yordam berishadi?
– Mavsum davomida Botir Qodirqulov va Akmal Saitqulov, shuningdek, darvozabonlar murabbiyi Sherzod Kattayevlar bilan birga ishlaymiz.

— Boshlangan yig‘in rejasi haqida to‘xtalsangiz: qanday tartibda kechadi, nechcha kun davom etadi va qaysi joylarda o‘tkaziladi?
– Shu kunlarda mavsum uchun sarflanadigan harajatlar loyhasi tasdiqlansa, klub rahbariyati bilan maslahatlashgan holda rejaga o‘zgartirish kiritib boraveramiz. Hozircha esa mashg‘ulotlarning birinchi bosqichini boshladik. Ikki hafta davomida G‘uzorda bo‘lamiz. Keyin esa poytaxt tomonlarga boramiz. Chunki mavsum arafasida sinov nazorat uchrashuvlari o‘tkazishimiz va o‘yinchilar amaliyotini shakllantirib borishimiz kerak bo‘ladi. Toshkentda raqib jamoalar topish masalasi osonroq hal bo‘ladi.

— Boshqa ko‘pgina jamoalar mavsumga tayyorgarlik ishlarini ancha oldin boshlab yuborishgan. Bu borada, “Sho‘rtan” biroz kechikmadimikan?
– Ha, shunday. Kechikkanda ham ancha orqada qolyapmiz. Lekin qo‘l qovushtirib o‘tirmaymiz. Yo‘qotilgan vaqtni o‘rnini tezkorlik bilan to‘ldirib borishga harakat qilamiz.

— Baribir bu holat ba’zi bir muammolarni keltirib chiqarsa kerak?
– To‘g‘ri, ishimizga ta’siri bor. Mana misol uchun tarkibga taklif qilmoqchi bo‘lgan ba’zi futbolchilar boshqa jamoalar bilan shartnoma tuzib qo‘ygan. Lekin yuqorida aytganimdek, qarab turmaymiz, seleksiya ishlarini jadallik bilan olib boramiz, vaziyatdan yaxshi tomonga chiqib ketishning yo‘llarini qidiramiz.

— Ayni paytdagi tayyorgarlik jarayonlarida nimalarga urg‘u berilmoqda?
– Mashg‘ulotlar kuniga ikki mahaldan o‘tkazilmoqda. Dastavval, e’tiborimizni ko‘rikdan o‘tayotgan futbolchilarning jismoniy holatini tiklashga qaratamiz. Keyin esa asta-sekin texnik-taktik tayyorgarlikka urg‘u beramiz.

— “Sho‘rtan”ning oldiga bu yilgi mavsumda Superligaga chiqish vazifasi qo‘yilgan. Bu birinchi navbatda ko‘p ming sonli G‘uzorlik va shubhasiz, “Sho‘rtan” jamoasining fidoyi muxlislari tomonidan bildirilayotgan xohish-istak. Keyin esa rahbariyatning talabi. Aytingchi, vazifa og‘ir emasmi, qanchalik darajada bajarish mumkin?
– Nafaqat futbolda, umuman olganda barcha sohalarda oson ish yoki yengil vazifaning o‘zi yo‘q. Ammo ahil jamoa bo‘lib, bir maqsad sari uyushqoqlik bilan harakat qilsak, futbolchilarimiz maydonda ishtiyoq bilan to‘p surishsa, albatta, maqsadga erishamiz. Buning uchun G‘uzorda barcha shart-sharoitlar bor. Qolaversa, rahbariyat bilan hamfikrlikda ish olib borsak hammasi ko‘ngildagidek bo‘lishi shubhasiz.

– O‘z o‘rnida o‘tgan yili PRO-Ligada g‘oliblikni qo‘lga kiritganingizni ta’kidlab o‘tish joiz…
– Bu borada yetarlicha tajribamiz bor. Bilim va malakamizni ishga solamiz. Futbolchilarni har bir o‘yinga faqat g‘alaba ruhida tayyorlaymiz. Bugungi yutuq ertangi o‘yin uchun rag‘bat bo‘lib xizmat qilishi kerak. Muvaffaqiyatdan havolanib ketmaslik, uni tezroq unutib, ya’ni tarixga aylantirib, butun diqqat e’tiborimizni navbatdagi o‘yinga va yangi yangi g‘alabalarga qaratamiz.

— Kuni kecha O‘zbekiston Professional futbol Ligasi PRO-Liga ishtirokchilari bu yil ham o‘yinlarni to‘rt davrali tizimda o‘tkazishini ma’lum qildi. Ba’zi muxlislar bu tizimni zerikarliroq, deb baholashmoqda. Sizning fikringiz?
– PRO-Ligada ishtirok etishga tayyor jamoalar holatidan kelib chiqib aytadigan bo‘lsak, ayni paytda bu tizim eng maqbuli. Qani endi zo‘r jamoalar 12 yoki 14ta va undan ham ko‘proq topilsa edi, bizga ham, PFLga ham oson va qulay bo‘lardi.
Zerikarli, degan fikrga esa qo‘shilish qiyin. Bu yilgi ishtirokchilarni bir qarab ko‘ring, deyarli barcha jamoalar teng kuchli va raqiblarni ajratish noto‘g‘ri bo‘lardi. Yangi mavsum qizg‘in va shiddatli kurashlar ostida o‘tishiga shubha ham qilmasa bo‘ladi.

– Bu yilgi PRO-Liga musobaqasida kattalar bilan bir qatorda yoshlar (U-18) jamoalarining ham ishtiroki majburiy qilib belgilandi.
– Juda foydali musobaqa, futbolimizning ertangi kuni uchun mustahkam poydevor bo‘lib xizmat qiladi, deb hisoblayman. O‘sib kelayotgan yoshlarga keng imkoniyat, katta yo‘l ochib berilmoqda. Bu toifadagi futbolchilarimizdan milliy terma jamoamiz, qolaversa olimpiyachilarimiz uchun munosib nomzodlar yetishib chiqishi shubhasiz. Muxlislarimiz uchun ham yana bitta musobaqa va o‘z-o‘zidan o‘yinlar soni ko‘payadi.

“Sho‘rtan” matbuot xizmati

Manba: nnews.uz
Kiritildi: 14:53, 08.02.2020.
O'qildi: 2402 marta.
Fikrlar: 0 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.