Kirish Ro'yxatdan o'tish
15/11 02:00 Venesuela 1-1 Braziliya
15/11 04:30 Paragvay 2-1 Argentina
15/11 05:00 Ekvador 4-0 Boliviya
15/11 17:00 Indoneziya 0-4 Yaponiya

Bobur Akmalovdan anons: To‘fonlarga nima uchun ayollar ismi beriladi?

Bobur Akmalovdan anons: To‘fonlarga nima uchun ayollar ismi beriladi?

Baho:
+ | -

Bu an’ana odatda AQSH va Yevropada mavjud. Kim bilsin, G‘arbda ayollar vayronkorlik bilan sinonimdir balki. Bu nomlanish aniq erkaklarning ishi. Hayotida ayollar bobida omadi chopmagan va ko‘p kuygan biror aqlli shu amaliyotni kiritgan bo‘lsa kerak. Katrina, Santa-Anna, Sabina...

Yaponiyada unday emas, masalan. Ular to‘fonu bo‘ronlarga daraxtlar va gullar nomini berishadi. Janubi-SHarqiy Osiyoning boshqa mamlakatlarida ham bunday amaliyotni deyarli uchratmaysiz.

Xullas, Ovro‘po tomonlarda bugun va ertaga to‘fon. Shamolning tezligi soatiga 150km.gacha yetishi mumkin ekan. Germaniya sharqida boshlanib bo‘ldi bu tabiat hodisasi. Unga qanday nom berishdi, bilasizmi? Yashang, topdingiz - ayol ismi. Inglizzabon mamlakatlar Sabina, deb atayotgan shamol Olmoniyada Zebina, deb nomlandi va ayni daqiqalarda u mamlakatning shimoli-g‘arbida zabtiga olmoqda. Ayfel, Quyi Reyn, Saar hududlarida ayni paytda favqulodda holat. Kechroq to‘fon Bavariya o‘lkasiga yetib borishi meteorologlar tomonidan taxmin qilingan. Shimoliy Reyn-Vestfaliyada maktablar va boshqa dargohlarda darslar bekor qilindi. Germaniya bo‘ylab transportlar harakati cheklanishi mumkin. To‘fonlar odatda qanday talafotli bo‘lsa, Olmoniya shunday talafotni kutyapti.

Bugun Bundesliga 21-turi doirasida "Kyoln" - "Borussiya Myonhengladbax" o‘yini qoldirilishiga ham Zebinexon aybdor. Hamkasblarimiz o‘yinni sharhlashga, futbol muxlislari esa uik-end oqshomida chiroyli o‘yin ko‘rishga hozirlanayotgandilar. Nachora, Xudo xohlagani bo‘ladi.

Soat 22:00 da esa nafaqat 21-tur, nafaqat 2-davra, ehtimol, butun chempionatning hal qiluvchi o‘yini bo‘lishi belgilangan. Bavariya o‘z uyida Leypsig bilan o‘ynaydi. 1 va 2-o‘rinlardagi jamoalar chempionlik masalasiga oydinlik kiritishar, balki?!

1-davrada "Leypsig" uyida o‘tgan o‘yin 1:1 hisobi bilan yakunlangandi. Lekin u paytlar o‘tdi, u suvlar oqib ketdi. 19 tur davomida yetakchilar qatorida yurgan Leypsig, Dortmund, Gladbax degan jamoalar endi yana "Bavariya"dan orqada. Har bahor shu bo‘lar takror, agar bugungi supermatchda "Leypsig" mag‘lub bo‘lsa. Yulian Nagelsman jamoasi uchun chempionlik masalasidagi hayot-mamot jangi. Biroq jamoa tushkun ahvolda, "Bavariya"da esa aksi - ko‘tarinkilik.

Ishqilib, ayting-ayting, soat 22:00-24:00 oralig‘ida to‘fon Myunxenga yetib bormay tursin. Aks holda 2018 yilgi Libertadores kubogi finalini kutgandek bu o‘yinni kutib yashashga mahkum bo‘laman ma’lum muddat.

Hozircha esa 22:00 da uchrashamiz, deb qolaman.
Supermatch. "Bavariya" - "Leypsig". 22:00. SportTV.
Sharhida o‘zim.

Bobur Akmalov

Kiritildi: 17:49, 09.02.2020.
O'qildi: 4775 marta.
Fikrlar: 0 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.