Bugun Germaniyaning Berlin shahrida davom etayotgan velotrek bo‘yicha jahon chempionatining navbatdagi kun dasturida hamyurtimiz Olga Zabelinskaya ishtirok etadi. Sportchimiz bugungi dasturda omnium yo‘nalishida jahon chempionati medali qatori Tokio Olimpiadasi yo‘llanmasi uchun kurashadi.

Omnium – velotrekning ko‘pkurash yo‘nalishi bo‘lib, unda ishtirokchilar kun davomida 4 bor startga chiqishadi. G‘olib har bir yo‘nalish bo‘yicha jamg‘arilgan ochkolar yig‘indisiga qarab aniqlab olinadi.

Kunduzgi dastur Toshkent vaqti bilan 19:00 dan boshlanib, yurtdoshimiz skretch va tempo reys bo‘yicha startga chiqadi. 22:30 dan esa kechki dastur boshlanadi. Unda elimineyshn hamda ochkolar poygasi bo‘yicha dasturlar belgilab qo‘yilgan. So‘nggi start Toshkent vaqti bilan taxminan 00:30 ga to‘g‘ri keladi. Biroq vaqt avvalgi bahslar yakuniga qarab o‘zgarishi mumkin. Musobaqa “Eurosport2” telekanalida to‘liq namoyish qilinmoqda.

Jahon chempionati Tokio Olimpiadasiga yo‘llanma beruvchi so‘nggi startdir. Musobaqa yakunidan so‘ng jahon reytingining kuchli 21 taligidan o‘rin olgan sportchilar Olimpiadaga yo‘llanma oladi. Zabelinskaya ushbu yo‘nalishda reytingning 24-pog‘onasida turibdi. Musobaqada sportchimiz taxminan kuchli beshtalikka kira olsa, Olimpiada yo‘llanmasini naqd qilib qo‘yadi. Sportchimiz kuchli beshlikka kira olmasa, Olimpiada lisenziyasi raqiblarning natijasiga bog‘liq bo‘lib qoladi.

O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi sportchimizga bo‘lajak startlarda omad va zafar tilab, Olimpiada lisenziyalarimiz soni yana bittaga ko‘payishini niyat qilib qoladi.