Iordaniya poytaxtida davom etayotgan boks bo‘yicha Osiyo/Okeaniya mintaqalari uchun Tokio Olimpiadasiga yo‘llanma beruvchi turnir davom etadi. Biroz avval hamyurtimiz Bobousmon Baturov (-69 kg) chorak final jangini yakunladi.
Xitoylik Kiong Yersunga qarshi jang olib borgan yurtdoshimiz 3 raund davom etgan bellashuvda ustunligini namoyish qildi va bahsni o‘z foydasiga hal qildi. Eng asosiysi, ushbu g‘alaba Baturovga Tokio-2020 yozgi Olimpiya o‘yinlari yo‘llanmasini taqdim qildi.
Musobaqa reglamentiga ko‘ra -69 kilogramm vazn toifasida ushbu musobaqada Tokio-2020 uchun 5 ta kvota o‘ynalmoqda. Demak, yarim final final yo‘llanmasi jizzaxlik bokschimizga Olimpiadada qatnashish huquqini beradi.
Shu tariqa, delegasiyamizning Tokio-2020 Olimpiya o‘yinlariga qo‘lga kiritgan yo‘llanmalari soni 15 taga yetdi. Bugun Olimpiada lisenziyalari uchun ringga ko‘tariladigan yana 4 nafar bokschimizga ham mana shunday g‘alabalar yor bo‘lishini tilab qolamiz.