Kirish Ro'yxatdan o'tish
22/12 00:45 Lechche 1-2 Lasio
22/12 01:00 Barselona 1-2 Atletiko
22/12 16:30 Roma 5-0 Parma
22/12 18:00 Valensiya 2-2 Alaves
22/12 19:00 Fulhem 0-0 Sautgempton
22/12 19:00 Lester 0-3 Vulverhempton
22/12 19:00 Man. Yunayted 0-3 Bornmut
22/12 19:00 Everton 0-0 Chelsi
22/12 19:00 Venetsiya 2-1 Kalyari
22/12 20:15 Real Madrid 4-2 Sevilya
22/12 21:30 Tottenhem 3-6 Liverpul
22/12 22:00 Atalanta 3-2 Empoli
22/12 22:30 Leganes 2-5 Vilyarreal
22/12 22:30 Las-Palmas 1-0 Espanyol
23/12 00:45 Monsa 1-2 Yuventus
23/12 01:00 Betis 1-1 Rayo Valyekano
23/12 22:30 Fiorentina - Udineze
24/12 00:45 Inter - Komo

Xayrulla Hamidov maqolasi: Uvol bo‘layotgan iste’dod

Xayrulla Hamidov maqolasi: Uvol bo‘layotgan iste’dod

Baho:
+ | -

Bugun 15 mart. Dunyoning eng iste’dodli yarim himoyachilaridan biri, qobiliyati darajasida baholanmaydigan Pol Pogba tavallud topgan kun. Fransiyalik yulduz kechagi Anelka voqeasining ham, Drogba voqeasining ham davomiga o‘xshaydi. Jamoasini izlayotgan yoki topgan jamoasidan ham ketib qolgan iste’dod...

Ser Aleks davrida Pogba MYUdan “Yuventus”ga ravona bo‘ldi. Turinliklar tarkibida hozirga qadar eng yaxshi o‘yinlarini namoyish etdi. Keyin kattaroq klubga ketgisi kelib qoldi. Yo dunyoning eng qimmat o‘yinchisi nomini taqdim etadigan klub bo‘lsa, ketaveraman, dedi. Ketdi. Qizig‘i, yana Manchesterga. Yana qizillar tomoniga. Tushunaman, agar Siti tomoniga o‘tganida ham uning reysidan mazmun topardim. Chunki Gvardiola jamoasi moliyaviy tomondan ko‘proq taklif qiladigan darajaga chiqib ulgurgandi. Va yanada qizig‘i, hozirgi harakatlari bilan yana ketmoqchi va yana “Yuventus”ga.

Yoshligimizni eslaganimizda, vaqt tez o‘tib ketganini yodga olamiz. Xatolarimizni takrorlaganimizga kulib qo‘yamiz. Futbolchining maydondagi hayoti ham yoshligimiz singari g‘o‘r va tez o‘tib ketadi. Pol ham kechagina kelajakning eng yulduzli vakili bo‘lishi taxmin qilinadigan yoshda edi. 1993 yili tug‘ilgan yigit 20 yoshidayoq yoshlar o‘rtasidagi mundialni yondirib tashlagandayoq undan yaqinda qo‘rqinchli kelajak kutishga asoslarimiz bor edi. Kattalar o‘rtasidagi jahon chempionatida ham oltin medalni qo‘lga kiritdi, albatta. Lekin bu uninggina mehnati bilan emas, Fransiyaning tarkibi yovvoyiligidan edi.

Mayli, qay yerga borsa ham baxtini topsin, deb qolamiz. Zotan, uning futbolchilik faoliyati nafaqat qisqa, balki o‘rnini ham boshqalar egallab olishlarini bugungi MYU misolida ko‘ryapmiz. Qobiliyat e’tibori bilan fransiyalikning yaqiniga yaqinlashmaydigan Bruno mehnatlari evaziga Pogba degan nomni esdan chiqartirib ham qo‘ydi. Sulsher agar o‘ynagisi kelmasa, shunday iste’dod o‘rni bo‘sh qolib ketmasligini ommaga ko‘rsatib bo‘ldi. “Yuventus”ga borib ham shu xarakterini ko‘rsataversa, o‘ylashimcha, hozirda 27 yoshni qarshilab qo‘ygan yulduz sekin-asta so‘nish bosqichini ham boshlaydi. Afsus.

Xarakterni bir chetga sursak, Pol dunyoning eng ideal yarim himoyachisi ekanligini ko‘ramiz. “Yuve”da Pirlo, Vidal va Markizio kabi metrlar bilan o‘ynagani uchunmi, ko‘p xususiyatlarni o‘zida jamlay olgan. Maydon markazining istalgan hududida o‘ynay oladi. Ba’zan yakkakurashlarga chiqishini ko‘rsak, tayanch zonasidagi o‘yinlarini kuzatsak, Patrik Viyera uchranglilarga qaytib kelib qoldimi, deymiz. Yaya Turening eng yaxshi davrlarini ham unda ko‘rgandek bo‘laman. Desham uni orqaroqda o‘ynatganida, ishonchli harakatlari evaziga uchranglilarning yengishlariga yordam bergandi. “Yunayted”ga kelganida, yangi Roy Kin kelyapti, deb ham o‘ylaganman. Irlandning xususiyatlarini ham topsa bo‘ladi undan. Qobiliyat e’tibori bilan esa, Pol kashf etilgan paytlari Zidanni yodga solardi. Ha, shaxsan maestroning o‘zini.

Xarakterini kimdir Neymarga o‘xshatadi. Yo‘q, men o‘xshatmagan bo‘lardim. Braziliyalik yigit hatto o‘ziga yoqmaydigan jamoada ham darajasidan juda tushib ketganicha yo‘q. “Barsa”ga qaytishni istayotgani ham PSJdan ko‘ngli to‘lmagani, kataloniyaliklar tarkibida rohatlangani uchun. Pogba esa, “Yuve”ga nega qaytmoqchiligini-da bilmaydi. Xuddi yosh bola metro ichida u bekatdan bu bekatga tushib, narigi vagonga yugurib yurganiga o‘xshaydi.

Futbol Pogbadan ustun. Futbol Poldan kattaroqlarini ham jazolagan. Hozir, eng navqiron payti o‘zini yig‘ib olmasa, bu erkatoy yulduz keyinchalik ikkinchi Balotelli bo‘lib achchiq qismat ichida yig‘lab qolishi hech gap emas. Istardimki, Pogba vatandoshi Anelka singari oxirida bo‘lsa ham jamoasini topsa. Tasavvur qilganimizda, libosi yarashib turadigan jamoasini topsa...

Xayrulla Hamidov.

Manba: https://t.me/x_hamidov
Kiritildi: 07:13, 15.03.2020.
O'qildi: 7795 marta.
Fikrlar: 3 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.