Kirish Ro'yxatdan o'tish
26/12 17:30 Manchester Siti - Everton
26/12 20:00 Bornmut - Kristal Pelas
26/12 20:00 Chelsi - Fulhem
26/12 20:00 Nyukasl - Aston Villa
26/12 20:00 Nottingem Forest - Tottenhem
26/12 20:00 Sautgempton - Vest Xem
26/12 22:30 Vulverhempton - Man. Yunayted
27/12 01:00 Liverpul - Lester

Yosip Ilichich - №14 yoki YECHLdagi barcha «poker»/«flesh»lar...

Yosip Ilichich - №14 yoki YECHLdagi barcha «poker»/«flesh»lar...

Baho:
+ | -

«Atalanta»ning sloveniyalik hujumchisi Yosip Ilichich yevrofutbolning bosh turniri - CHL tarixida bitta o‘yinda 4ta yoki ko‘proq gol urgan 14-futbolchi bo‘ldi. Soccer.ru sayti shu munosabat bilan darhol tarix varaqlarini titkilab, barcha «poker»|«flesh»larni yodga olishni lozim topdi.

№ 1. Marko van Basten (Niderlandiya)

O‘yin: «Milan» — «Gyoteborg» — 4:0 (1992 yil 25 noyabr)

CHLning zamonaviy tarixidagi birinchi «tetra-trik» yoki «poker» Yevropa Chempionlar kubogi turniri yangi shaklga kirgan dastlabki mavsumdayoq qayd qilindi. «Milan» mavsum-1992|1993 guruh bosqichi 1-turida «Gyoteborg»ni qabul qiladi va «uchqur» Marko van Basten shvedlarni 4ta aniq zarbasi bilan alohida «siylaydi». Aytgancha, o‘sha o‘yin guvohlari niderlandiyalik tomonidan urilgan gollardan birini o‘z miyalariga muhrlab qo‘yishgan - chin shedevr sifatida.

№ 2. Simone Inzagi (Italiya)

O‘yin: «Lasio» — «Marsel» — 5:1 (2000 yil 14 mart)

Marko van Basten o‘zini tezda ko‘rsatgan bo‘lsa, keyingi «poker»ni naq 8 yil kutishga to‘g‘ri kelgan. O‘sha vaqt uncha samarador hujumchi sanalmagan va hozir «Lasio»ni muvaffaqiyat bilan boshqarayotgan Simone Inzagi ikkinchi guruh raundi doirasidagi o‘yinda «Marsel»ni shunchaki, nokautga uchratadi. Simone Rim kolizeyi - «Olimpiko»da bo‘lib o‘tgan bahsning birinchi bo‘limidayoq 3ta gol urgach, raqib jamoa bosh murabbiyi darvozabonni almashtiradi, ammo bu chora ham ish bermaydi.

№ 3. Dado Prsho (Xorvatiya)

O‘yin: «Monako» — «Deportivo» — 8:3 (2003 yil 5 noyabr)

Monegasklar va galisiyaliklar mavsum-2003|2004da bitta guruhga tushishadi va taqvimga ko‘ra, 3-4-turlar (ikki hafta oralig‘i)da o‘zaro kuch sinashishadi. Qanday xilma-xil o‘yinlar! «Riasor»da mezbonlar Diyego Tristan tomonidan urilgan gol evaziga g‘alaba qozonib, knyazlikka xotirjam yo‘l olishadi. Biroq ularni sharmandali hisob kutib turgandi. Xullas, naq 11ta gol urilgan bahsda «Monako»ning 50 foiz aniq zarbasini xorvatiyalik hujumchi Dado Prsho ijro etadi. Eng e’tiborli jihati, u o‘sha kuni 29 yoshga to‘lgandi. O‘zining tug‘ilgan kuniga chiroyli sovg‘acha!

№ 4. Ruud van Nistelroy (Niderlandiya)

O‘yin: «MYU» — «Sparta» — 4:1 (2004 yil 3 noyabr)

Noyabr — CHLda «tetra-trik»larni to‘plash oyi. Ushbu an’anani van Basten 25-sanada boshlagandi, Inzagi esa martda o‘zini ko‘rsatgach, Prsho va van Nistelroy kuz fasliga xotima yasab beruvchi oyning ilk kunlari (tegishlicha 5 va 3-sana)da «poker» rasmiylashtirishadi. Gollandiyalik hujumchi Praga «Sparta»sini yolg‘iz o‘zi taslim qilgandi, hisob. Qizig‘i, Ruud faoliyatidagi birinchi «xet-trik»ni ham aynan shu nomdagi jamoa bilan bahsda qayd etgan, farqi shuki, o‘shanda Rotterdam drujinasi jabrlanuvchi rolida bo‘lgandi.

№ 5. Andrey Shevchenko (Ukraina)

O‘yin: «Fenerbaxche» — «Milan» — 0:4 (2005 yil 23 noyabr)

Marko van Bastenning «Gyoteborg»ga qarshi uchrashuvda ajoyib natija ko‘rsatganidan 13 yil o‘tib, «Milan» vakili CHLda yana bir «poker» muallifiga aylanadi, yana noyabrda. O‘shanda «rossonerlar» tomonidan urilgan 4ta gol ham ukrainalik Andrey Shevchenko nomiga yozilgandi. 5-«poker»ning dastlabki 4tasidan farqli tomoni, u safar uchrashuvida kuzatilgandi.

№ 6. Lionel Messi (Argentina)

O‘yin: «Barselona» — «Arsenal» — 4:1 (2010 yil 6 aprel)

Lionel Messi ham bir necha yo‘nalish bo‘yicha birinchi bo‘ladi. Argentinalik yulduz - CHL o‘yinida 3tadan ko‘p gol urgan janubiy Amerikaning ilk vakili va «pley-off» bosqichida «poker»ga erishgan birinchi futbolchi. Aytgancha. «Kamp Nou»dagi o‘sha chorak final uchrashuvi lord Niklas Bendtner golidan boshlangan va qirol Leo bunga 4ta aniq zarba bilan javob berib, «kanonirlar»ni shunchaki, «ko‘mib» qo‘ya qolgandi.

№ 7. Bafetimbi Gomis (Fransiya)

O‘yin: «Dinamo» Zg. — «Lion» — 1:7 (2011 yil 7 dekabr)

CHL-2011|2012 turli tryuklar va «trik»larga boy bo‘ldi. Xususan, guruh bosqichi oxirgi turida «Lion» Zagrebga yirik hisobli g‘alaba umidida bordi (yakuniy turnir jadvalida «Ayaks»dan oldinga o‘tib olish uchun to‘plar nisbatini yaxshilashi kerak edi). Bu o‘yin keyinchalik ko‘pchilikda shubha uyg‘otdi, ammo kelishuv xarakterini hech kim isbotlay olmadi. Shu asnoda uchrashuv tarixga «to‘quvchilar»ning ajoyib irodali g‘alabalari sifatida kirdi. Qisqasi, Bafetimbi Gomisning 4ta goli «Lion»ga «pley-off» yo‘lini ochgani bilan ham alohida qadrlangandi.

№ 8. Lionel Messi (Argentina) 

o‘yin: «Barselona» — «Bayer» — 7:1 (2012 yil 7 mart)

2011|2012 yillar mavsumi «pley-off» raundlarida quvnoqlik darajasi yanada oshdi. O‘sha mavsum hozirgacha CHL uchun noyob hisoblanadi. Deylik, Lionel Messi «Bayer» bilan uchrashuvda «flesh» (4 } 1ta gol)lar hisobini ochdi. Umuman, u hozirgacha Chlning «hayot-mamot» raundi doirasidagi 1ta o‘yinda 5ta gol urgan yagona futbolchidir. Bundan tashqari, Leo turnirning 2ta o‘yinida 4 marta yoki ko‘proq gol quvonchini tuygan birinchi futbolchiga aylangandi.

№ 9. Mario Gomes (Germaniya)

O‘yin: «Bavariya» — «Bazel» — 7:0 (2012 yil 13 mart)

Messining qoyilmaqom natijasiga bir hafta bo‘lar-bo‘lmay, CHLdagi «poker»chilar safi yana kengaydi — hech qachon turnirda bunchalik qisqa muddat oralig‘ida 2ta yuqori ko‘rsatkich kuzatilmagandi. «Bavariya» o‘z maydonida «Bazel» bilan duelga alam bilan kirishgandi. Zero, myunxenliklar Shveysariyada sensasion tarzda yutqazib qo‘yishgandi (0:1). Shu mag‘lubiyat ta’siridami, nemislar javob bahsida mehmonlarni sira ayamadilar - 7:0. Mario Gomes esa hammadan ko‘proq harakatlandi va CHL tarixiga alohida ko‘rsatkichi bilan kirdi.

№ 10. Robert Levandovski (Polsha)

O‘yin: «Borussiya» D. — «Real» — 4:1 (2013 yil 24 aprel)

Hisob bo‘yicha yubiley - 10-«poker» CHL tarixida alohida ahamiyatga ega. Birinchidan, Levandovsktgacha hech kimga turnirn yarim finalida «hunar» ko‘rsatish nasib etmagandi. Ikkinchidan, Robert «Bazel», «Bayer» yoki «Dinamo» Zg. kabi o‘rtamiyona darajadagi raqib emas, Joze Mourinyo boshqaruvidagi «Real»dek qudratli jamoa darvozasini 4 marta nishonga olgandi. «Qirollik klubi» prezidenti Florentino Peres o‘sha uchrashuvdan keyin polshalik goleador transferi haqida bosh qotira boshlagan bo‘lsada, haligacha niyatiga yetmadi. Aytgancha, «qaymoqranglar»ning javob o‘yinida barchasini o‘z o‘rniga qo‘yishlariga oz qolgandi. Eh, qanday vaqtlar!

№ 11. Zlatan Ibragimovich (Shvesiya)

O‘yin: «Anderlext»  - «PSJ» — 0:5 (2013 yil 23 oktyabr)

Bunday elit ro‘yxat Zlatansiz to‘kis bo‘larmidi? Umuman, shvesiyalik mag‘rur futbolchi imkoniyatni qo‘ldan chiqarmaydiganlar toifasidan. U jumladan, 2013 yilning kuzida «Anderlext» stadionidagi go‘zal oqshomni mutlaq o‘z foydasiga hal qildi. Ibra hattoki, stadionni to‘ldirib o‘tirgan belgiyalik muxlislar ahvolini ham o‘ylamagandi.

№ 12. Luis Adriano (Braziliya)

O‘yin: BATE  - «Shaxtyor» — 0:7 (2014 yil 21 oktyabr)

Luis Adriano 1ta o‘yin mahsuli o‘laroq, kimsan Messi bilan bir qatorga joylashdi. Ya’ni unga ham CHLda «flesh» qayd etishdek baxt nasib etdi. Lekin farqi bor - braziliyalik futbolchi argentinalik yulduz kabi «pley-off» bosqichi emas, guruh doirasidagi o‘yinga joziba bag‘ishladi. Yana bir tomoni, Adriano o‘sha mavsum bechora BATE darvozasiga naq 8ta gol urdi («konchilar» o‘z maydonlarida 5:0 hisobida g‘alaba qozongan bahsda Luis «xet-trik»ka erishgandi).

№ 13. Krishtianu Ronaldu (Portugaliya)

O‘yin: «Real»  - «Malmyo» — 8:0 (2015 yil 8 dekabr)

CHL tarixidagi eng sermahsul futbolchi ro‘yxatdan chetda qolishi mumkinmi? To‘g‘ri, Ronaldu «4 } gol klubi»ga kirish yo‘lida uzoq urindi va 2015 yil oxirida nihoyat, niyatiga erishdi. O‘shanda «Madrid» guruh raundining oxirgi turida Shvesiyaning majolsizgina «Malmyo»sini butunlay «tilka-pora» qilib tashlagan va Krishtianu 8ta golning teng yarmini o‘z nomiga rasmiylashtirgandi. Karim Benzema esa maydondan «xet-trik» bilan chiqqan, ya’ni u ham «poker»ga yaqin kelgandi.

№ 14. Serj Gnabri (Germaniya)

O‘yin: «Tottenxem»  - «Bavariya» — 2:7 (2019 1 oktyabr)

Ronaldu uzoq kutilgan «poker»ga erishgach, futbolchilar bu borada deyarli 4 yil sukut saqlashdi. Mana, joriy mavsum quvnoqlik yana davom etdi. Avvaliga «Arsenal»ning sobiq futbolchisi Serj Gnabri 2-tur bahsida «Tottenxem»ni shunchaki, tahqirladi. Axir turnirning amaldagi finalchisi darvozasiga urilgan 4ta golga boshqacha ta’rif berib bo‘lmaydi.

№ 15. Robert Levandovski (Polsha)

O‘yin: «Srvena Zvezda»  - «Bavariya» — 0:6 (2019 yil 26 noyabr)

Keyingi «tetra-trik» ham «Bavariya» vakili tomonidan qayd etildi. E’tiborli jihati, Levandovski ham xuddi Gnabri kabi safar o‘yinida o‘zini ko‘rsatdi. Myunxenliklar Belgradda «Srvena Zvezda»ni uyaltirgan bahsda polyak to‘purari CHLda 2 marta 4ta gol marrrasiga yetgan ikkinchi futbolchiga aylandi (Messidan keyin). 

№ 16. Yosip Ilichich (Sloveniya)

O‘yin: «Valensiya»  - «Atalanta» — 3:4 (2020 yil 10 mart)

Bu «qariya»ning elit ro‘yxatni to‘ldirishini hech kim kutmagan bo‘lsa kerak. Ha, Yosip Ilichich «Atalanta»ning «A» seriyadagi o‘yinlarida juda zo‘r o‘ynamoqda, ammo 32 yoshli sloveniyalik CHLda endi debyut mavsumini o‘tkazmoqda. U yosh Erling Xoland debyutini 10ta gol bilan bezaganidan ilhomlandimi, har holda, «pley-off»ning safar uchrashuvida «poker»ga erishgan birinchi futbolchi maqomini oldi. Qoyil, Yosip!

A.AHMEDOV tayyorladi.

Manba: interfutbol.uz
Kiritildi: 20:22, 22.03.2020.
O'qildi: 3998 marta.
Fikrlar: 0 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.