Xabaringiz bor, joriy yil Yaponiyaning Tokio shahrida o‘tkazilishi kerak bo‘lgan Olimpiya o‘yinlarining bir yilga qoldirilishi haqidagi xabar barcha sport jamoatchiligining muhokamasiga sabab bo‘lmoqda. Biz fursatdan foydalanib, Tokio Olimpiadasiga yo‘llanma olgan velosportchimiz Murodjon Xolmurodov bilan bog‘lanib, uning bu boradagi fikrlari bilan qiziqdik.
 
–  Tokio Olimpiadasining qoldirilishiga qanday qaraysiz?
–  Dunyo bo‘ylab kechayotgan pandemiya tufayli Olimpiada 1 yilga kechiktirildi. Bu Olimpiya tashkilotchilarining har tomonlama o‘ylab qilingan tashabbusidir. Birinchi o‘rinda sportchilar, ishtirokchilar, qolaversa, sayyohlarning sog‘lig‘i. Qolaversa, insoniyatni tashvishga solayotgan virus yanada avj olishining oldini olish bo‘yicha bunday qaror qilingan. Olimpiya o‘yinlarini qabul qilayotgan har qanday davlat nafaqat sport sohasida erishgan muvaffaqiyatlari, balki mamlakatning iqtisodiy imkoniyatlarini, nimalarga qodirligini, turistik salohiyatining rivojlanganligi, innovasion texnologiyalarining qay darajada taraqqiy etganligini ko‘rsatishga harakat qiladi. Qolaversa, musobaqaning chet el sayyohlarisiz o‘tishi mumkinligini inobatga holda Olimpiadaning qoldirilishiga ijobiy qarayman.
 
–  Bu sportchilarning tayyorgarligiga qanday ta’sir o‘tkazadi?
–  Hozir butun dunyo bo‘ylab barcha sport tadbirlari to‘xtatilgan. Atletlar mashg‘ulotlarni hech qanday musobaqasiz o‘tkazishyapti. Buning natijasida sport formasiga kirish juda qiyin masala. Shunga qaramasdan mashg‘ulotlarni davom ettiryapmiz. Yaqin vaqt ichida hamma narsa o‘z iziga tushib ketishiga ishonchim komil.
 
–  Endi Olimpiadaga tayyorgarlik bo‘yicha yangi reja tuzsangiz kerak. U taxminan qanday bo‘ladi?
–  Dastlabki reja yilni ko‘tarinki kayfiyatda yakunlab olish. Olimpiya o‘yinlaridagi ishtirokimiz professional sportchilar bilan o‘tishini inobatga olgan holda, inventarlarimizni ham shunga mos darajada tayyorlashimiz, natijalarimizni ham yaxshilab borishimiz talab etiladi. Endi mashg‘ulotlardagi asosiy tayyorgarlik shu jihatlar asosida bo‘ladi. Davlatimiz va sportimiz rahbariyatining qo‘llab-quvvatlashi bilan bu rejalarimizni ko‘ngildagidek amalga oshiramiz, degan umiddaman.