Deyarli har mavsum ingliz futbolida matbuot va har xil tahlilchilar tomonidan yuksaklarga ko‘tariladigan futbolchilar paydo bo‘ladi. Biroq haqiqat shundan iboratki, birgina shartli ravishda Ueyn Runi yoki Stiven Jerrardning o‘rniga o‘nlab salohiyatini to‘liq namoyon eta olmagan futbolchilar to‘g‘ri keladi. Quyida aynan mana shunday ishonchni oqlolmagan ingliz vunderkindlari haqida so‘z boradi.
Teo Uolkott
31 yoshni urib qo‘ygan Teo Uolkotning faoliyatini muvaffaqiyatsiz deb atash biroz qiyin, ammo undan hozirgacha erishganidan ko‘ra ko‘proq narsa kutilgandi. «Arsenal» 2006 yilning yanvar oyida Uolkottning transferi uchun «Sauthempton»ga 10 million yevrodan ko‘proq pul to‘laganida va bir necha oydan so‘ng u Angliya terma jamoasida debyut qilib, Germaniyadagi mundialga yo‘l olganida, matbuotda Britaniya futbolida yangi yulduz paydo bo‘lgani haqida bong urila boshladi.
Teoning tezligi tahsinga loyiq edi, go‘yo aynan shu va shunga o‘xshash xususiyatlari uni muvaffaqiyat sari yetaklagandek taassurot uyg‘otadi. Uolkott esa oxir-oqibat Premyer Liga darajasidagi o‘rtamiyona futbolchiga aylandi. 2018 yilda «to‘pchilar» Teoni «Everton»ga sotib yubordi va u hozirgacha o‘sha yerda to‘p surib kelmoqda. Shubhasiz, 14 yil avval ko‘pchilik Uolkottning kelajagini ancha yuqori baholagandi.
Reyvel Morrison
«Manchester Yunayted» akademiyasi tarbiyalanuvchisi o‘z yosh toifasida ingliz futbolining asosiy figuralaridan biri hisoblangan. Ammo noto‘g‘ri yondashuv Morrisonni birinchi bo‘lib, «qizil iblislar» lagerini tark etishiga olib keldi, Manchester klubi futbolchi bilan shartnoma muddati tugashidan olti oy oldin hamkorlikni uzaytirish niyati yo‘qligini bildirgandi, keyin esa Reyvel turli jamoalarda darbadarlikda yurdi.
Morrison atigi 27 yoshda bo‘lishiga qaramay, Italiya, Shvesiya va hatto geografik jihatdan Tumanli Albiondan ancha uzoq bo‘lgan Meksika chempionatlarida ham o‘ynashga ulgurdi. Ayni damda uning transfer huquqi «Sheffild Yunayted»ga tegishli, o‘zi esa Chempionshipning «Midlsbro» klubida ijara asosida harakat qilmoqda.
Jek Roduell
«Everton» akademiyasi bitiruvchisi Jek Roduell klubning Yevrokuboklar doirasidagi uchrashuvlarda maydonga tushgan eng yosh o‘yinchi hisoblanadi. Debyut o‘yinida Jek bor-yo‘g‘i 16 yoshda edi. Vaqt o‘tishi bilan u «Everton»ning asosiy tarkibiga kirishga ham muvaffaq bo‘ladi. Uning iqtidoriga «Manchester Siti» ham ishonib, uni 15 million yevroga sotib oladi. Biroq Roduell «shaharliklar» safida o‘tkazgan ikki yilida atigi 25 ta o‘yin o‘tkazib, ikki bor raqiblar darvozasini ishg‘ol etadi.
2014 yilning yozida «Manchester Siti» kutilgan o‘yinni ko‘rsata olmagan Roduellni hech qanday ikkilanishlarsiz «Sanderlend»ga 12,5 million yevro evaziga qo‘yib yuboradi. Bu qaysidir ma’noda uning professional faoliyati tugaganidan darak berardi. Shundan so‘ng Roduell yarim yil o‘ziga jamoa topa olmadi. Hozirda esa u «Sheffild Yunayted»da zaxira o‘yinchisi hisoblanadi.
Josh Makikran
Angliya Premyer Ligasining haqiqiy muxlislari Josh Makikran ismli «Chelsi»ning yosh va iqtidorli o‘yinchisini hali unutmagan bo‘lsa kerak. Uni hatto italiyalik Karlo Anchelotti «ko‘klar»ning asosiy tarkibiga jalb etardi. O‘shanda ko‘pchilik uni uzoq yillar davomida «Chelsi»ning asosiy o‘yinchisi bo‘lishiga ishongandi, ammo vaqt hammasini o‘zgartirib yubordi.
Uning o‘yini Luka Modrichni eslatib yuborardi. Josh ketma-ket ijaralardan keyin faoliyatini qutqarib qolish uchun 2015 yilning yozida «Chelsi»ni tark etishga majbur bo‘ladi va kamtarona «Brentford»ga yo‘l oladi. U yerda o‘rtamiyona o‘yin ko‘rsatadi. Natijada o‘tgan yilning yozida yarim himoyachi erkin agentga aylanadi. Afsuski, hech qaysi bir klub uning xizmatlariga ehtiyoj sezmaydi. Transfer oynasi yopilganidan bir necha oy o‘tgachgina, o‘ziga yangi klub topishga muvaffaq bo‘ladi, uni «Birminghem» o‘z safiga qo‘shib oladi. Bu yerda ham u asosan zaxira o‘rindig‘ida qolib ketmoqda.
Cherno Samba
Cherno Samba yoshligida ancha shov-shuvli o‘yin namoyish etib, 13 yoshida bir mavsum davomida 32 ta o‘yinda 132 ta gol urgandi. Tabiiyki, o‘z akademiyasidan bunday olmos topilganidan «Milluoll» klubi xursand edi, ammo unga sayqal berish nasib etmadi.
«Milluoll» Sambani «Liverpul»ga sotish borasida muzokaralar o‘tkazishdan bosh tortgani sabab uning faoliyatini boshlanishidan avval tugagan deyish mumkin. Bunday qarordan so‘ng, Sambaning futbolga bo‘lgan ishtiyoqi so‘nadi. Shunga qaramay u Ispaniya, Angliya, Finlyandiya, Gresiya va Norvegiya jamoalarida o‘ynashga muvaffaq bo‘ladi, 2013 yilda esa Samba hech kimga keraksiz bo‘lib qoladi. Ushbu maqomda u professional futbolni tark etganini ma’lum qildi. O‘sha paytda u atigi 30 yoshda edi.
Mayka Richards
Mayka Richards «Manchester Siti» himoyasining yangi qo‘rg‘oni bo‘lishiga umid qilingandi. Jamoaning sodiq ishqibozlari uchun futbolchilarning klub tarbiyalanuvchisi bo‘lish muhim edi. Mayka «Siti» tarbiyalanuvchisi bo‘lgani uchun unda bu borasida hech qanday muammolar bo‘lmagan. U himoyachi uchun kerak bo‘lgan barcha xususiyatlarga ega edi – temp, kuch, ko‘p qirralilik va pozision futbol. Bu Maykaning himoyaning markazi va qanotida o‘ynashiga imkon berardi. Biroq jarohatlar Maykaning faoliyatiga katta ta’sir o‘tkazdi. U «Aston Villa»ga ko‘chib o‘tadi. Biroq U yerda ham Maykaning omadi chopmaydi.
2019 yilning yozida Mayka Richards «Aston Villa»ni tark etdi va 31 yoshida faoliyatini yakunlashga qaror qildi.
Maykl Jonson
O‘z vaqtida Mixael Ballak bilan taqqoslagan Maykl Jonson o‘z salohiyatining yarmini ham namoyish eta olmadi. 16 yoshida u «Manchester Siti» akademiyasiga o‘tadi va Angliya yoshlar terma jamoasida bir nechta muvaffaqiyatli o‘yinlar o‘tkazadi. Shundan so‘ng Jonsonning iste’dodi haqida matbuotda jar solinadi. Bu shunchaki balandparvoz gaplar emasdi, haqiqatan ham u boshqalardan ajralib turardi.
Afsuski, Mayka Richardsda bo‘lgani kabi jarohatlar Jonsonning faoliyatini izdan chiqarib yubordi. Maykl Jonson 25 yoshida futbolni tark etdi. Faoliyatining so‘nggi yillarida jarohatlari tufayli Maykl ruhiy tushkunlikka tushib qoladi va spirtli ichimliklarni iste’mol qila boshlaydi. Bundan tashqari uning vazni oshib ham ketadi. Jonsonning misolida ingliz futboli katta yo‘qotishlarga duch keldi. Agar hammasi boshqacha bo‘lganida, uning qay darajadagi futbolchi bo‘lishini tasavvur qilish oson bo‘lmasdi.
Nil Reynjer
Ushbu o‘yinchining faoliyati boshidanoq yaxshi yakun topmasligi aniq edi. Boisi Nil bolaligida qurolli talonchilikda ishtirok etgani uchun ozodlikdan mahrum etilgandi. Shu sababli «Kristal Pelas» akademiyasidan, keyinchalik «Sauthempton»dan haydaladi. Ammo u «Nyukasl»da o‘zining so‘nggi imkoniyatidan foydalanayotgandek tuyulardi. Nil haqiqatan ham yaxshi o‘yin namoyish etdi va 2009 yildan 2013 yilgacha 60 dan ortiq o‘yin o‘tkazdi. Biroq unda intizom masalasi hamon oqsardi. Shu bois 2013 yilda «Nyukasl» Reynjerdan xalos bo‘lishni ma’qul ko‘rdi.
Qonun bilan bog‘liq muammolar ham uni tark etmagandi. 2017 yilda Nil Reynjer firibgarlikda aylanib, bir necha oyni qamoqda o‘tkazadi. Shundan so‘ng faoliyatini yakunlashga majbur bo‘ladi.
Frensis Jeffers
«Everton» tarbiyalanuvchisi Frensis Jeffersning iqtidoriga boshqalardan kam baho berilmagandi. Hujumchi klub va Angliya U-21 terma jamoasida ajoyib o‘yinlar ko‘rsatdi, shu sababli u «Arsenal»dan taklif oldi. «To‘pchilar» futbolchi uchun 15 million yevrodan ko‘proq sarfladi, ammo uch yildan so‘ng Frensis «Charlton» klubiga bor-yo‘g‘i 4 million yevroga sotib yuboriladi.
Jeffersda tartib-intizom borasida hech qanday muammolar yo‘q edi. Uning faoliyati jarohatlar tufayli ko‘ngildagidek kechmadi. «Arsenal»dan ketganidan so‘ng u avvalgi darajasiga chiqa olmaydi. Futbolchilik faoliyatini 2013 yilda kamtarona «Akkrington Stenli»da yakunlab, «Everton»ga jamoatchilik asosida akademiyada ish boshlaydi. Keyinroq «Everton» U-23 jamoasi bosh murabbiyiga yordamchi etib tayinlanadi.
Jek Uilsher
Uilsher «Arsenal» akademiyasidan asosiy jamoaga o‘tgan mahal Angliyada «britan Inyesta»si paydo bo‘lgani haqida gapirildi. Jismonan baquvvat bo‘lmasa ham, yarim himoyachi boshqa xususiyatlari – maydonni ko‘ra olishi va o‘yinni a’lo darajada baholay olishi bilan bilan ajralib turardi. Shuningdek, uning to‘p uzatishlari ham tahsinga loyiq edi. Afsuski, jarohatlar Uilsherning zafar yo‘lida katta to‘siq bo‘ldi. To‘pig‘idagi muammolar tufayli Jek 2015/16 yilgi mavsumni deyarli o‘tkazib yubordi. Jarohatidan forig‘ bo‘lgach esa, u yana qaytalanadi.
Katta yutuqlarga erishishi taxmin qilingan Uilsher 2018 yilning yozida «Arsenal»dan «Vest Hem»ga o‘tadi. Afsuski, u yerda ham yetarlicha o‘yin amaliyotiga ega bo‘lolmayapti. Buning o‘rniga tez-tez lazaretda mehmon bo‘ladi. Uilsher hamon o‘tgan kuzda sonidan olgan jarohatini davolash bilan ovora.