Kirish Ro'yxatdan o'tish
23/12 00:45 Monsa 1-2 Yuventus
23/12 01:00 Betis 1-1 Rayo Valyekano
23/12 22:30 Fiorentina 1-2 Udineze
24/12 00:45 Inter 2-0 Komo

“Buxoro PFK” va “Dinamo plyus” PFKga yangi direktorlar tayinlanishi yuzasidan ma’lumot

“Buxoro PFK” va “Dinamo plyus” PFKga yangi direktorlar tayinlanishi yuzasidan ma’lumot

Baho:
+ | -

O‘zbekiston Professional futbol ligasi “Buxoro” futbol klubiga yangi rahbar tayinlanishi masalasida o‘rganishlarni amalga oshirganidan xabaringiz bor. Unga ko‘ra, joriy yilning 05 iyun sanasida Buxoro shahar hokimligi hamda Buxoro viloyati Jismoniy tarbiya va sport boshqarmasidan vakil ishtirok etgan yig‘ilishda futbol klubining amaldagi direktori Jamshid Botirov ishdan olinib, Alisher Rustamov futbol klubining yangi  direktori sifatida tanishtirilgan.

Futbol klubi Ustavining (2013 yil 22 martda 148-son bilan ro‘yxatdan o‘tkazilgan) 15.2-bandiga muvofiq futbol klubi direktori ta’sischilarning Umumiy yig‘ilishi tomonidan tayinlanishi va lavozimidan ozod qilinishi belgilangan. Shuningdek, mazkur Ustavning 1.2-bandida futbol klubining  ta’sischilari sifatida Buxoro neftni qayta ishlash zavodi va Buxoro shahar hokimligi qayd etilgan.

Aniqlanishicha, 2020 yilning 05 iyun kuni futbol klubi ta’sischilarining Umumiy yig‘ilishi bayoni rasmiylashtirilgan. Mazkur Umumiy yig‘ilish bayonining rasmiylashtirilishida “Mas’uliyati cheklangan hamda qo‘shimcha mas’uliyatli jamiyatlar to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonunining  35-moddasi talablari buzilgan. Jumladan, Bayonnomada ishtirok etganlar (to‘liq bo‘lmagan), kun tartibidagi masala va qaror qismi yozilgan bo‘lsa-da, bayon qismi — Umumiy yig‘ilish ishtirokchilarning aytgan gaplari, bergan ovozlari, bildirgan taklif va fikrlari — qaror qilishga yetarlicha asos mavjud emasligini ko‘rsatadi. Yig‘ilishda Buxoro shahar hokimi O‘.Jumayev, Buxoro viloyati Jismoniy tarbiya va sport boshqarmasi boshlig‘i I.Mirzayevlar qatnashgani bayon etilgan. Biroq, yig‘ilish bayonida futbol klubining yana bir ta’sischisi — Buxoro neftni qayta ishlash zavodining vakolatli vakili ishtirok etgani to‘g‘risida birorta ham so‘z bormagan. Bundan tashqari, Bayonnomani kim bayonlashtirgani, ya’ni, Umumiy yig‘ilish kotibi kim ekanligi, uning ismi-sharifi biror joyda ko‘rsatilmagan. Qo‘shimchasiga, futbol klubining amaldagi direktori  Jamshid Botirov bilan tuzilgan mehnat shartnomasi qanday asoslar (o‘z arizasi yoki boshqa sabablar)ga ko‘ra bekor qilingani ham  qayd etilmagan.

Yuqoridagilardan kelib chiqib, futbol klubi ta’sischilarining Umumiy yig‘ilishini o‘tkazish va yig‘ilish bayonini rasmiylashtirish tartibiga rioya qilinmaganini ko‘rish mumkin. Shundan kelib chiqib, O‘zPFL futbol klubiga yangi direktor tayinlanishida huquqiy jihatdan xatoga yo‘l qo‘yilgani yuzasidan “Buxoro” futbol klubiga hamda uning ta’sischilariga rasmiy xat yuborgan. O‘zPFL klubga kim direktor etib tayinlanishi masalasiga aralashmaydi. Ammo tayinlanish jarayoni qonun-qoidalar asosida o‘tishi tarafdori. Bu masalalar qonun doirasida hal etilmaguniga qadar, O‘zPFL yangi direktorni ro‘yxatdan o‘tkazmaydi. 

Bundan tashqari, futbol klubiga yangi rahbar tayinlash bilan bog‘liq o‘rganish  “Dinamo plyus” futbol klubida ham amalga oshirildi. Joriy yilning 12 iyun kuni Samarqand shahar hokimligi, Samarqand viloyati Jismoniy tarbiya va sport boshqarmasi hamda Samarqand viloyati futbol assosiasiyasidan  vakil ishtirok etgan yig‘ilishda “Dinamo plyus” PFKning  amaldagi bosh menejeri (direktori) Ilxom Sharipov ishdan olinib, uning o‘rniga Uchqun Qobilov futbol klubining yangi  direktori sifatida tanishtirilgan.

Futbol klubi Ustavining (2020 yil 01 mayda 260984-son bilan ro‘yxatdan o‘tkazilgan) 20.1-bandiga muvofiq futbol klubi direktori ta’sischilarning Umumiy yig‘ilishida  ikki yil muddatga tayinlanishi belgilangan.  Shuningdek, mazkur Ustavning 1.3-bandida futbol klubining  ta’sischisi O‘zbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi etib qayd etilgan.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 4 dekabrdagi “O‘zbekistonda futbolni rivojlantirishni mutlaqo yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF-5887-son Farmoniga muvofiq,                     13 ta professional futbol klubining ustav fondidagi xo‘jalik jamiyatlari va hokimiyatlarning ulushlari Davlat aktivlarini boshqarish agentligiga o‘tkazilgach, ularni sotish bo‘yicha tender savdolarini o‘tkazish Davlat komissiyasining qaroriga asosan amalga oshirilishi belgilangan. Xususan, “Dinamo plyus” futbol klubining ustav fondidagi davlat ulushi ham to‘liq O‘zbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligiga o‘tkazilgan.

Aniqlanishicha, 2020 yilning 12 iyun kuni Samarqand shahar hokimi B.Obloqulov tomonidan futbol klubiga yangi direktor tayinlash bo‘yicha “Dinamo plyus” PFK MJCHning Umumiy yig‘ilishi bayoni rasmiylashtirilgan. Mazkur Umumiy yig‘ilish bayoni asosida futbol klubiga yangi direktor tayinlash noto‘g‘ri ekanligi yuzasidan O‘zPFL futbol klubi rahbariyatiga ma’lumot taqdim  etdi. Shundan keyin 2020 yilning 19 iyun kuni “Dinamo plyus” futbol klubining ayni vaqtdagi Yagona ta’sischisi — Davlat aktivlarini boshqarish agentligi nomidan agentlikning Samarqand viloyati hududiy boshqarmasi boshlig‘i S.Mahmaraimov raisligida yig‘ilish o‘tkazilgan. Jamiyatning Yagona ta’sischisi qarori bilan Uchqun Qobilov futbol klubi direktori vazifasini vaqtincha bajaruvchi etib tayinlangan.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 26 apreldagi “Davlat aktivlarini boshqarish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi  356-sonli qaroriga asosan, ustav fondida davlat ulushi 50 foiz va undan ortiq bo‘lgan xo‘jalik jamiyatlari ijroiya organi rahbari va rahbar o‘rinbosari lavozimlariga nomzodlarni ko‘rsatish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri yoki uning tegishli o‘rinbosarlari va maslahatchilari bilan kelishgan holda amalga oshirilishi belgilangan. Shu sababli futbol klubi direktori lavozimiga taklif etilgan nomzod Vazirlar Mahkamasi bilan kelishilgunga qadar direktor vazifasini vaqtincha bajaruvchi etib tayinlanishi maqsadga muvofiqligi bildirilgan. Shundan kelib chiqib, O‘zPFL Uchqun Qobilovni “Dinamo plyus” futbol klubi direktori vazifasini vaqtincha bajaruvchisi sifatida ro‘yxatdan o‘tkazdi.

Manba: pfl.uz
Kiritildi: 20:04, 22.06.2020.
O'qildi: 3316 marta.
Fikrlar: 2 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.