Ushbu ruknimizdagi eng so‘nggi yangiliklar bilan tanishtirishda davom etamiz.
Bernardeski ketadimi?
Taniqli “Sky Sport”ning ma’lum qilishicha, “Yuventus” hujumchisi Federiko Bernardeski yozda jamoasini o‘zgartiradi.
26 yoshli futbolchi o‘z kuchini APLda sinab ko‘rishni istamoqda, biroq Turin klubi uni “Napoli”ga sotish orqali Milikning qo‘lga kiritmoqchi.
Ayni damda, transfermarket nashri Bernardeskini 35 million yevroga baholamoqda.
“Arsenal” ishga kirishdi
Londonning “Arsenal” jamoasi Tomas Partini qo‘lga kiritish fikridan qaytgani yo‘q.
“Sunday Mail” nashrining ma’lum qilishicha, 27 yoshli futbolchini sotib olish uchun “Arsenal” Lukas Toreyrani transferga qo‘yadi. Bundan tashqari, jamoa ganalik futbolchining agenti bilan uchrashuv o‘tkazishga ham ulgurdi.
Eslatib o‘tamiz, Parti ayni damda klubidan norozi va boshqa jamoaga o‘tish niyatida.
“Norvich” futbolchisi nishonda
Angliyaning “Norvich” jamoasi himoyachisi Ben Godfi faoliyatini Bundesliga klublaridan birida o‘tkazishi mumkin.
“The Sun” nashri ma’lum qilishicha, iqtidorli himoyachi bilan “Borussiya Dortmund” va “RB Leypsig” jamoalari jiddiy qiziqib qolgan.
“Norvich” jamoasi o‘z futbolchisini 25 million yevrodan kamiga qo‘yib yubormoqchi emas.
“Krasnodar”ga hujumchi kerak
Rossiyaning “Krasnodar” jamoasi argentinalik hujumchi bilan jiddiy qiziqib qoldi.
Rus nashrlarining ma’lum qilishicha, “Toleras” jamoasi hujumchisi Nauyel Bustos kelasi mavsumni RPLda boshlashi mumkin.
Ma’lum bo‘lishicha, rus klubi Bustos uchun 7 million yevro taklif qilgan. Argentinaliklar esa, 22 yoshli hujumchini 10 milliondan kamiga qo‘yib yubormoqchi emas.
“Milan”dan o‘zgacha yurish
Milanning “Milan” jamoasi yozda “Real Madrid” hujumchisi Luka Yovichni o‘z tarkibiga qo‘shib olmoqchi.
Italiya nashrlarining ma’lum qilishicha, “rossonerilar” serb uchun 42 million yevrodan voz kechishga tayyor.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq “Milan” jamoasi “Roma” yetakchisi Patrik Shik bilan shartnoma imzolamoqchi ekanligi haqida ma’lumot bergan edik.
“Roma” hujumchi izlamoqda
Rimning “Roma” kelasi haftada Edinson Kavani bilan shartnoma imzolashi mumkin.
Italiyalik journalist Sebastian Jovanellining ma’lum qilishicha, “PSJ” jamoasining sobiq futbolchisi allaqachon “Roma” bilan shaxsiy shartnoma borasida kelishib olgan va u bir haftadan so‘ng, rasman “bo‘rilar” futbolchisiga aylanadi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Kavani “A Seriya”ning “Palermo” va “Napoli” jamoalari sharafini himoya qilgan.