Kirish Ro'yxatdan o'tish
23/12 00:45 Monsa 1-2 Yuventus
23/12 01:00 Betis 1-1 Rayo Valyekano
23/12 22:30 Fiorentina - Udineze
24/12 00:45 Inter - Komo

Jasur Boyqo‘ziyev: «O‘zim yeta olmagan orzuga shogirdim orqali erishmoqchiman»

Jasur Boyqo‘ziyev: «O‘zim yeta olmagan orzuga shogirdim orqali erishmoqchiman»

Baho:
+ | -

Bu sportchiga ortiqcha ta’rif berishga hojat yo‘q, og‘ir vazmin, hayotning turli sinovlariga bosh egmasdan faqat oldinga qarab intiladi. O‘zbek taekvondosida yorqin g‘alabalarga erishgan atlet.

2015 yil Rossiyaning Chelyabinsk shahri mezbonlik qilgan taekvondo bo‘yicha jahon chempionatining 87 kg vazn toifasida kumush medaliga ega chiqqan, 2012 yil Osiyo chempionatida shohsupaning ikkinchi pog‘onasidan joy olgan, 2014 yil qit’a chempioni va 2016 yil Osiyo chempionatining bronza medali sohibi, 2014 yil Incheonda o‘tgan Osiyo o‘yinlari g‘olibi. Hozirda O‘zbekiston terma jamoasida katta murabbiy bo‘lib faoliyat olib borayotgan Jasur Boyqo‘ziyev bilan suhbatlashdik.

– Har bir insonning sportni tanlashiga kimdir sababchi bo‘ladi, sizdachi?
– Sportni tanlashimga dadam sababchi bo‘lganlar. 6 yoshdan sport bilan shug‘ullanib kelaman va hamma sport turlariga mehrim baland. Dzyudo, karate, futbol va 2002 yildan taekvondo sport turi bilan shug‘ullanaman.

– Sport sizni nimaga o‘rgatdi?
– Sport meni tarbiyaladi, mehnat qilishni o‘rgatdi. Har bir soniyadan unumli foydalanishni, odobni, odamlar bilan muomala qilishni, jamoada ishlashni, kimga qanday muomala qilishni, irodali bo‘lishni va yiqilganda tura olishni o‘rgatdi.

– Juda vazmin insonsiz. Sizni xursand va mahzun bo‘lgan vaqtingizni ham bilish qiyin. Bu sizning tabiatingizmi?
– To‘g‘risini aytsam bu savolga javob berishim qiyin, balki bu mening taktikamdir (kuladi). Xursand yoki mahzun bo‘lishimni bilish qiyin. Sababi tabiatan ozgina tortinchoq bo‘lsam kerak.

– Hayotda inson o‘rnini topish uchun nima qilishi kerak?
– Birinchi navbatda o‘zi yaxshi ko‘radigan kasbini tanlay olib, shuning ustida tinmay mehnat qilishi kerak deb hisoblayman.

– Sportda ko‘plab yutuqlarga erishdingiz, lekin qalbingizni bir chetida yashirib qo‘ygan va amalga oshmagan qaysi musobaqa armon bo‘lib qoldi?
– To‘g‘ri, deyarli hamma musobaqalarda sovrindorlar qatoridan joy olganman. Men uchun Olimpiya o‘yinlarida qatnashib, shohsupaga ko‘tarila olmaganim armon bo‘lib qolgan. Lekin bundan xafa bo‘lmayman. Sababi O‘zbekiston tarixida birinchilardan bo‘lib Osiyo chempioni va Osiyo o‘yinlarida oltin medallar olganman, Gran-Pri turnirlarida sovrindorlar qatoridan joy olganman …

– Bugungi kunda murabbiysiz. Murabbiylikning nonini yeyish qiyin emasmi?
– Albatta, murabbiylik juda mas’uliyatli ish ekan va shu bilan birga sizni ruhlantiradigan kasblardan biri. Siz musobaqadan oldin oylab, yillab juda qiynalasiz, o‘ylaysiz, asabiylashasiz. Lekin shogirdingiz musobaqalarda siz qo‘ygan talabni bajara olsa, rohatlanar ekansiz. Soniyalar ichida siz o‘zingizda yo‘q xursand bo‘lasiz. Hamma qiyinchiliklar esdan chiqib ketar ekan …

– Bugungi vaziyat barchamizda uyda qolishni taqozo etmoqda. Shu vaziyatda nimalar bilan mashg‘ulsiz?
– Har kuni uy sharoitida mashg‘ulot qilayapman, kitob o‘qiyapman, kino ko‘rayapman va shogirdlarim bilan onlayn mashg‘ulotlar olib boryapman.

– Hayotda Jasur Boyqo‘ziyev bo‘lib o‘z o‘rningizni topishda yordam bergan qay bir insonga ta’zim qilgan bo‘lar edingiz?
– Birinchi navbatda ota-onamga. Qolaversa, mana shunday natijalarga erishishim uchun ko‘mak bo‘lgan murabbiylarimga, men bilan shug‘ullangan tengdoshlarimga. Shuningdek, doimiy men bilan birga bo‘lgan ayolimga…

– Tilaklaringiz?
– Barchani hozirgi karantin kunlarida barcha qoidalarga qat’iy rioya etishlarini va sog‘-salomat mana shu qiyinchiliklardan chiqib olishimizni tilab qolardim. Hech kim kasal bo‘lmasin. Yoshlarimiz esa hamisha intilishdan tolmasin deb qolaman.

O‘zbekiston taekvondo assosiasiyasi matbuot xizmati.

Manba: olympic.uz
Kiritildi: 14:09, 17.07.2020.
O'qildi: 2971 marta.
Fikrlar: 0 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.