Karantin qoidalari yumshatilib, yana sport musobaqalari tashkil etila boshlanmoqda. Xususan, professional boksning yuragi bo‘lgan Amerika Qo‘shma Shtatlarida ham boks oqshomlari tashkil etilmoqda. Jahon boksiga nafaqat havaskor, balki prof boksda ham o‘z yulduzlarini taqdim etayotgan O‘zbekistondan ham bokschilar asta-sekin okean ortiga borib, navbatdagi jangga tayyorgarlikni boshlab yuborishgan. Hozirga kelib, bir necha bokschimizning jang sanasi aniq bo‘lib ulgurgan.
15 avgust kuni (Toshkent vaqti bilan 16 avgust tongida) AQSHning Oklaxoma shtatida «Matchroom Boxing» promouterlik kompaniyasi tomonidan boks oqshomi tashkil etiladi. Unda biryo‘la ikki nafar bokschimiz ringga ko‘tariladi.
O‘zbekiston terma jamoasi a’zosi Isroil Madrimov (5-0-0, 5 KO) WBA vaqtinchalik chempionlik kamari uchun amerikalik Erik Uolkerga (20-2-0, 9 KO) qarshi jang qiladi. Ushbu jang kechaning ikkinchi darajali markaziy jangi bo‘lishi kutilmoqda.
Aynan ushbu kechada Olimpiya o‘yinlari sovrindori, jahon chempioni Shahram G‘iyosov meksikalik Fransisko Roxodan o‘zining WBA International kamarini himoya qiladi.
Shuningdek, ayni paytda Amerikada bo‘lib turgan Bektemir Meliqo‘ziyev ham katta ehtimol bilan avgust oyida ringga ko‘tariladi. Faqat hozircha uning raqibi kim bo‘lishi noaniq.
O‘zbek professional bokschilari ichida yuqori reytingga ega bo‘lgan Qudratillo Abduqahhorov 10 oktyabr kuni IBF vaqtinchalik chempionlik kamari uchun rossiyalik Sergey Lipinesga qarshi ringga ko‘tariladi. Faqat hozircha Qudratilloda viza bilan bog‘liq muammolar yuzaga kelgan va shu sababli u AQSHga jo‘nab keta olmayapti.
O‘zbekiston boks federasiyasi matbuot xizmati