Barchamiz orziqib kutayotgan Angliya Premyer-ligasining boshlanishiga ham bir oydan kamroq vaqt qolmoqda. 12-sentyabrdan biz yana “tumanli albion”dagi shiddatli futbol uchrashuvlarini zavq bilan tomosha qilishimiz mumkin.
Birinchi turning o‘zidayoq bizni ajoyib to‘qnashuvlar kutmoqda. Byelsa boshchiligidagi “Lids” “Enfild”da mehmon bo‘lsa, Mourinyo shogirdlari Anchelottining “Everton”ini sinovdan o‘tkazadi. Aslida, APL doimo ilk turlardanoq bizni o‘ziga rom etib kelgan. Sababi, ushbu musobaqa har mavsumda ajoyib uchrashuvlar bilan katta futbolga kirib keladi. Stadion.uz ushbu uchrashuvlarni yodga olib o‘tadi.
1992/93. «Sheffild Yunayted» — «Manchester Yunayted» — 2:1
Ushbu ro‘yxatimizni APL tarixidagi ilk uchrashuv bilan boshlamoqchimiz. Aslida, o‘sha kuni bir nechta o‘yin bir vaqtda boshlangan, lekin aynan shu uchrashuvda APL tarixidagi birinchi gol kiritilgan. Manchester shahri derbisida Brayin Din o‘yinning 5-daqiqasidayoq hisobni ochadi. Ikkinchi bo‘lib boshida Din o‘zining ikkinchi golini kiritadi va maydon egalarining ustunligini o‘rnatadi. Ushbu goldan so‘ng, APL tarixidagi eng kuchli klub va murabbiy imkonsiz vaziyatga tushib qoladi. Mark Xyuz kiritgan gol “qizil iblislar”ga biroz taskin berdi, ammo mag‘lubiyatdan qutqarib qolmadi.
E’tiborlisi shundaki, mavsum so‘nggida “Manchester Yunayted” ilk chempionlikni nishonlagan bo‘lsa, “Sheffild” 14-o‘rin bilan chegaralandi.
1996/97. «Midlsbro» — «Liverpul» - 3:3
1996-yildagi APL starti juda ko‘tarinki kayfiyatda boshlandi. Italiyalik taniqli futbolchi Ravanelli bilan tarkibini kuchaytirib olgan “Midlsbro”ning qanday futbol namoyish etishi ko‘pchilikda qiziqish uyg‘otgan edi. O‘z davrining nomdor futbolchisi sifatida APLga tashrif buyurgan Ravanelli “Liverpul”ga qarshi chinakam qarshilik ko‘rsatadi va ikkita gol kiritadi. E’tiborlisi shundaki, APLni “jangovar” ruhda boshlagan “Midlsbro”ni Ravanelli kiritgan 16 ta gol ham APLni tark etishdan qutqarib qolmaydi.
1996/97. «Uimbldon» — «Manchester Yunayted» - 0:3
Yana bir ulkan voqea aynan mavsum startida amalga oshgan edi. “Qizil iblislar”ning kamtarin “Uimbldon”ga qarshi o‘yinda yirik hisobda g‘alaba qozongani hech kimni hayron qoldirmasligi aniq, lekin Irvin va Kantonaning gollaridan so‘ng, o‘sha mashhur voqea sodir bo‘ladi...
O‘sha kuni Devid Bekxem butun dunyoga o‘z nomini tanitib qo‘yadi. Uning maydon markazidan kiritilgan goli orqali yangi super yulduz yetishib chiqayotganini barchaga namoyish etadi. Kelajakda, bu zarba Beksning tashrif qog‘ozchasiga aylanadi.
2013/14. «Arsenal» — «Aston Villa» — 1:3
London klubining “Aston Villa”dan qabul qilib olingan mag‘lubiyati vaziyatni juda jiddiy ekanligini ko‘rsatib beradi. Kristian Bentekening gollari sovuqqon Arsen Vengerni jahl ustiga minishiga sabab bo‘ladi. Oqibatda, Venger Mesut O‘zilni tarkibga qo‘shib oladi va mavsumda uzoq vaqt davomida peshqadamlikni hech kimga bermaydi. To‘g‘ri, yakunda “kanonirlar” baribir chempionlikni boy berishadi, biroq “Arsenal” Angliya kubogida zafar quchadi va 9 yillik sovrinsiz mavsumlarga barham beradi.
2014/15. «Byornli» — «Chelsi» — 1:3
Bundan bir yil avval jamoaga kelgan Joze jamoani shakllantirishni boshlaydi. 2014/15-yilgi mavsum oldidan murabbiy barchaga chempionlikni va’da beradi. Mavsum startida mehmonda “Byornli” ustidan g‘alaba qozongan “Chelsi” musobaqa jadvalida birinchi o‘ringa ko‘tarilib oldi. E’tiborlisi shundaki, Joze o‘z va’dasida turdi va uning shogirdlari turnir yakuniga qadar birinchi o‘rindan pastga tushmadi.
2016/17. «Xall Siti» — «Lester» - 2:1
“Lester” APL tarixidagi eng kutilmagan chempion bo‘libgina qolmay, amaldagi chempion bo‘la turib birinchi turda mag‘lub bo‘lgan yagona klub sanaladi. Boz ustiga, “tulkilar” endigina elitaga chiqqan, o‘z murabbiyi Stiv Bryusdan ayrilgan va moliyaviy muammolar o‘chog‘idagi klubga mag‘lub bo‘ladi. Diomande va Snodgrasslarning gollariga Mahrez javob qaytaradi va “Lester” musobaqani mag‘lubiyat bilan boshlaydi. Afsuski, yakunda bu g‘alaba “yo‘lbarslar”ga hech qanday yordam bermaydi va ular chempionshipga ravona bo‘lishadi.
2016/17. «Arsenal» — «Liverpul» — 3:4
“Emireyts”dagi shou ko‘pchilikning yodidan ko‘tarilmagan bo‘lsa, ajab emas. Teo Uolkot uchrashuvda penaltini aniq amalga oshira olmagan bo‘lsa-da, oradan 70 soniya o‘tib gol kiritishga muvaffaq bo‘ladi. Keyin, “qizillar” ishga kirishib ketishadi. Mane, Lallana va Koutinyoning dublidan so‘ng, tabloda 1:4 hisobi namoyon bo‘ladi. Vaziyat og‘ir bo‘lishiga qaramay, “Arsenal” chekinmadi va hisobni bitta golga qadar qisqartirdi. Afsuski, o‘sha oqshom ularga biroz vaqt yetmay qoldi. Ko‘plab mutaxassislar bu uchrashuvni APL tarixidagi eng tomoshabop o‘yinlardan biri deb hisoblaydi.
2017/18. «Arsenal» — «Lester» — 4:3
Oradan bir yil o‘tib, “kanonirlar” yana birinchi turda shou namoyish etishdi. Bu safar natija mehmonlarni yuz foiz qoniqtirdi desak, adashmagan bo‘lamiz. Uchrashuvning beshinchi daqiqasidayoq tabloda 1:1 hisobi yonib turgan edi. Keyin “tulkilar” ikki bora hisobda oldinga chiqadi (2:1, 3:2), ammo “Arsenal” 83 va 85-daqiqalarda kiritilgan gollar evaziga g‘alabani “tulkilar”dan tortib oladi. Bunday startdan so‘ng, ko‘pchilik “Arsenal” yana kurashga qaytdi deb o‘ylagan edi, biroq...
2017/18. «Uotford» — «Liverpul» — 3:3
O‘sha mavsum startida yana bir ajoyib uchrashuv bo‘lib o‘tganini unutmaslik lozim. E’tiborlisi shundaki, Firmino, Saloh va Manelarning goli “Livepul”ga g‘alaba qozonish uchun kamlik qiladi. O‘yin davomida ikki bor hisobda ortda borganiga qaramay, Klopp shogirdlari so‘nggi daqiqalarda g‘alabani qo‘ldan chiqarib yuboradi. Eng qizig‘i shundaki, “Uotford” Britosning o‘yindan tashqari holatda kiritgan goli bilan mag‘lubiyatdan qutulib qoladi. O‘sha mavsumda VAR hali APLda yo‘q edi. Shu sababli, Yurgen Kloppning “Liverpul”i ochko yo‘qotishga majbur bo‘ladi.
Ya . U