Fransiyaning "Pari Sen-Jermen" va Germaniyaning "Bavariya" klublari o‘rtasidagi Yevropa chempionlar ligasining final uchrashuvi yakunlandi.
Kutilganidek, myunxenliklar jamoaviy o‘yinda ustunlik qiltgan bo‘lishsa, parijliklarning hujum chizig‘i vakillari individual mahorat va bir-birlarini yaxshi tushunishlari evaziga raqibni qiyin ahvolga tushirib qo‘yishga harakat qilishdi.
Birinchi bo‘lim davomida "PSJ" golga tortadigan 3ta vaziyat yaratdi: Neymarning zarbasini Noyer qaytardi, Di Mariyaning zarbasiga aniqlik yetishmadi, Mbappe esa yaqin masofadan kuchli zarba bera olmagani uchun posbon to‘pni egallab oldi.
"Bavariya" esa tanaffusga qadar 2ta golga tortadigan vaziyatni yuzaga keltirdi: Levandovskining birinchi zarbasidan keyin to‘p ustunga tegib qaytgan bo‘lsa, ikkinchi vaziyatda polshalik futbolchi tomonidan bosh bilan berilgan zarbani Keylor Navas qaytardi.
Ikkinchi taymda "Bavariya" to‘p nazoratini yanada kuchaytirdi hamda ba’zi vaziyatlarda Neymar va Di Mariyaga nisbatan qo‘pollik ishlatib, ularni asabiylashtirdi. Bahsning 59-daqiqasida esa hisob ochildi. Yozua Kimmix jarima maydoni burchagidan olis ustun tomon uzatma berdi. Levandovski himoyachilarni chalg‘itdi hamda Kingsli Koman xotirjam holatda bosh bilan darvozani zabt etdi.
Oradan 3 daqiqa o‘tib germaniyaliklar yana shunday hujum tashkil etishdi. Koman bu safar oyoq bilan zarba bergan bo‘lsa, Tiago Silva shundoqqina chiziq oldida to‘pni qaytarib qoldi.
Shundan so‘ng "PSJ" o‘z o‘yinini kuchaytirib, hujumga o‘ta boshladi. Uchrashuvning 70-daqiqasida Di Mariyaning ajoyib pasidan keyin Markinyos raqib jarima maydoniga kirib keldi va yakkama-yakka vaziyatda zarba berdi. Noyer oyog‘i bilan to‘pni qaytarib qoldi.
Ikkinchi bo‘limga qo‘shib berilgan daqiqalarda parijliklar yaxshi hujum tashkil etishdi. Mbappening uzatmasidan keyin Neymar jarima maydoni ichida to‘pni egalladi va zarba berdi. Shupo-Moting oldidan o‘tib ketayotgan to‘pni darvoza tomon bura olmadi.
Xulosa. O‘yin va to‘p nazorati jihatdan "Bavariya" ustunlikka ega bo‘ldi, golga tortadigan vaziyatlar yaratishda "PSJ" ustunlik qildi. Ammo yuqori saviyadagi futbolchilar muhim pallalarda gol ura olishmadi. Sovuqqon germaniyaliklar esa kerakli to‘pni kiritishdi va Yevropa chempionlar ligasi sovrinini qo‘lga kiritishdi!
Yevropa chempionlar ligasi. Final
"PARI SEN-JERMEN" - "BAVARIYA" - 0:1 (0:0)
Gol: 0:1 – 59 Koman.
PSJ – Navas, Kimpembe, Kerer, Tiago Silva, Markinyos, Errera (Draksler, 72), Paredes (Verratti, 65), Di Mariya (Shupo-Moting, 80), Bernat (Kurzava, 80), Mbappe, Neymar.
Bavariya – Noyer, Boateng (Zyule, 25), Alaba, Kimmix, Goretska, Devis, Alkantara (Tolisso, 86), Koman (Perishich, 68), Gnabri (Koutinyo, 68), Levandovski, Myuller.
Ogohlantirishlar: Devis (28), Paredes (52), Gnabri (52), Zyule (56), Neymar (81), Tiago Silva (83), Kurzava (85), Myuller (90).