"Yo‘llanma" bekati
Yevropaning eng nufuzli turnirida so‘nggi o‘yinini 2014 yilda bahorida o‘tkazgan "Milan" bu mavsum chempionatda to‘rtlikka kirib yo‘llanmani qo‘lga kirita oladimi?
Albatta, chempionlik hali olis-olislardagi orzu. Lekin, 3-4-o‘rinlar uchun kurashda raqobatdoshlaridan kam joyini ko‘rmadim bu tarkibni. "Yuventus" va "Inter"dan keyin tilga olinadigan klublar — "Atalanta", "Lasio", "Napoli" va "Roma" bilan bemalol teng kurasha oladigandek "Milan".
Avvalgi yillardagi omadsizlikni beqaror boshqaruv tizimi va buning natijasida yuzaga kelgan har mavsum avvalidagi rivojlanish yo‘nalishining keskin o‘zgarishi bilan bog‘lash mumkin. So‘nggi 3 mavsumni milanliklar doim boshqa-boshqa rivojlanish vektorlari bilan boshlashgan.
2017/18: «Milan» xitoyliklar boshqaruvida edi, nazorat Mirabelli i Fassone qo‘lida bo‘ldi. Birinchi davra 25 ochko, ikkinchisida – 39 ochko.
2018/19: «Milan» amerikaliklar boshqaruviga o‘tdi, Leonardo loyihani amalga oshirishga mas’ul bo‘ldi. I=31, II=37.
2019/20: Amerikaliklar endi Maldinini jalb qilishdi. I=25, II=41.
Xulosa uchun ayrim ma’nolarni beradigan ko‘rsatkichlar, shunday emasmi?
Pioli jamoada qolgan, Maldini o‘z lavozimida ekan nihoyat joriy mavsum "Milan" birinchi davrani samaraliroq o‘tkazishidan umid qilsa bo‘ladi. Buning ustiga klub bu safar transferlar bobida A seriyaning eng faollaridan biri bo‘ldi. Ammo, bu endi keyingi bekatdagi gaplar...
“Pioli ta’sir”
“Milan” mavsumga 14 uchrashuvdan iborat mag‘lubiyatsiz seriya bilan kirib kelmoqda. Bu 2008 yildan keyindan beri eng yaxshi ko‘rsatkich. O‘shanda Anchelotti 16 o‘yinli mag‘lubiyatsiz seriya taqdim etgandi “rossoneri”ga.
Piolo tarkibdagi bir qator futbolchilarga chin ma’noda yaxshi ta’sir o‘tkaza oldi. Bu ularning o‘yinidan kelib chiqib aytilayotgan gap, albatta. Kessi, Kastelyexo, Rebich va turgan gapki – Chalxono‘g‘lu. Turkiyalikka alohida urg‘u berilishiga sabablar yetarli. Masalan u Milandagi Piolisiz 2,5 yilida 7 gol va 18 assistni o‘z hisobiga yozgan bo‘lsa Pioli bilan o‘tgan qisqa davrda ichida bu ko‘rsatkich 11+13 ko‘rinishiga kelib ulgurdi. Hoqon erkinroq harakat qilib, bu harakatlardagi aniqlik foizini oshirdi.
Bundan tashqari, Zlatan Ibrahimovich bilan uzaytirilgan shartnoma va yosh Sandro Tonali hamda Braim Diasning ijaraga olinishi muhim kelishuvlar, aslida. Ibra dastlab maoshi borasida ayrim istehzoli fikrlarni aytayotgandi, keyin klub bilan qoniqarli kelishuvga erishdi chog‘i, so‘nggi intervyularining birida “jamoa men bilan Skudetto uchun kurashadi”, - deb aytgan.
Bularning barchasi fonida nazdimdagi eng omadli transfer bu Ante Rebichning to‘la-to‘kis jamoa vakiliga aylangani bo‘ldi. So‘nggi mavsumni ijara asosida Italiyadan o‘tkazgan Rebich uchun “Ayntraxt”ga 10 kun ilgari 30 mln. yevro to‘lab berildi. Uning o‘zi bilan 5 yillik shartnoma imzolandi.
Pioli ham va’danamo so‘zlarni aytib ulgurgan. Stefano muxlislarni start restrartdan kam bo‘lmasligiga ishontirdi.
*Darvoqe, muxlislar haqida. Bugun Toshkent vaqti bilan 23:45’da boshlanadigan “Milan” – “Bolonya” o‘yinini stadionda mingga yaqin tomoshabin kuzatadi. Klub shuncha chiptani minnatdorlik ramzi sifatida tibbiyot xodimlarga taqdim etgan. Ajoyib. Shunday emasmi?!
Orif Tolipov.