Stadion.uz yangi asrda futbol vatani tarixidagi eng yaxshi hujumchi kim ekanligi haqida fikr almashadi. Ushbu ro‘yxat g‘olibi kiritilgan gollar soni bilan emas, ushbu gollarni kiritish uchun nechta o‘yin sarflagani bilan aniqlanadi. Soddaroq qilib aytganda, har bir o‘yinda o‘rtacha nechta gol kiritgani birinchi planga ko‘tariladi. Bugungi ro‘yxatimizda terma jamoa safida 40 dan ortiq o‘yin o‘tkazgan futbolchilargina ishtirok etishi mumkin.
5-o‘rin. Dani Uelbek
Gol kiritish uchun o‘rtacha o‘yin soni: 2,62
Bir qarashda g‘alati ko‘rinishi mumkin, ammo kuchli beshlikni «Uotfurd» futbolchisi ochib beradi.
«Manchester Yunayted» jamoasi tarbiyalanuvchisi katta futbolga dadil qadamlar bilan kirib keldi, ammo «qizil iblislar»dagi ichki raqobatga dosh bera olmadi. Ko‘proq o‘yin amaliyotga ega bo‘lish maqsadida “Arsenal” safiga borib qo‘shilgan futbolchi jarohatlar seriyasini boshidan o‘tkazdi. Oqibatda, u bilan birorta top klub shartnoma imzolashni istamadi.
Dani qisqa muddat kuchli sport formada bo‘lgan bo‘lsada, terma jamoa safida 42 bor maydonga tushdi. Qahramonimiz ushbu uchrashuvlarda 16 bor raqib darvozalarini ishg‘ol qilishga muvaffaq bo‘ldi.
4-o‘rin. Ueyn Runi
Gol kiritish uchun o‘rtacha o‘yin soni:2,26
Yana bir «Manchester Yunayted» klubining sobiq a’zosi. Danidan farqli o‘laroq, Runi «Manchester Yunayted»ning tirik afsonasi maqomiga erishishni uddaladi. Klub tarixidagi eng yaxshi to‘purar futbolchi bir paytlar Angliya terma jamoasining ertasi sanalgan edi.
Terma jamoaga juda erta kirib kelgan hujumchi deyarli 15 yil davomida muntazam o‘yinlarda ishtirok etdi. 120 ta rasmiy o‘yin va 53 ta gol. To‘g‘ri, Runining gollari va o‘yinlari soni kishi ko‘zini qamashtiradi, ammo inglizlar bu yigitdan ko‘proq narsa kutishgan edi. Aynan Ueyn deyarli yarim asrdan beri sovrin yuta olmayotgan «uch sherlar»ning xaloskori bo‘lishi taxmin qilingan edi. Afsuski, Ueyn bugungi kunda «Derbi Kaunti» a’zosi sifatida kamtarin faoliyat olib bormoqda.
3-o‘rin. Maykl Ouyen
Gol kiritish uchun o‘rtacha o‘yin soni: 2,22
2001 yilda «oltin to‘p»ni o‘ziniki qilib olgan «tilla bola» uzoq muddat yuqori darajada futbol namoyish eta olmadi.
«Real Madrid»dagi o‘rtacha mavsumdan so‘ng, qahramonimiz ortga qaytishga qaror qildi.
Keyinroq «Manchester Yunayted» Ouyenga ikkinchi imkoni taqdim etdi, biroq bu ham aytarli katta effekt bergani yo‘q.
Klub miqyosidagi omadsiz faoliyatga qaramay, Maykl terma jamoa sharafini munosib himoya qildi.
Vatani sharafini 89 ta o‘yinda himoya qilgan hujumchi o‘z hisobiga 40 ta gol yozdirib qo‘ydi. Qahramonimiz 2013 yilda «Stok Siti» bilan shartnomasi yakunlangach, katta futboldan ketishga qaror qildi.
2-o‘rin. Piter Krauch
Gol kiritish uchun o‘rtacha o‘yin soni:1,9
201 sm bo‘yga ega futbolchini muxlislar hali-beri unutishgani yo‘q. Asosan ikkinchi qavatdagi ustunligi evaziga gollar kirituvchi futbolchi ham Angliya terma jamoasida o‘zidan iz qoldirishga muvaffaq bo‘lgan.
Futbolchilik faoliyatida «Tottenhem», «Liverpul» va «Stok Siti» singari jamoalarda to‘p surgan va APL tarixida bosh bilan eng ko‘p gol kiritgan futbolchi o‘tgan yili butsalarini mixga ilib yubordi.
Qahramonimiz terma jamoa ixtiyorida juda kam muddat bo‘lgan bo‘lsada, 22 bor raqib darvozasini ishg‘ol qilishni uddalagan. Uning 42 bor terma jamoa libosini kiyganligini inobatga olsak, 22 ta gol ajoyib natija.
1-o‘rin Xarri Keyn
Gol kiritish uchun o‘rtacha o‘yin soni: 1,4
«Tottenhem» hujumchisi endigina 26 yoshga qadam qo‘ydi. Uning klub va terma jamoadagi faoliyati uzoq davom etishi deyarli aniq. Shu sababli, unda Runi o‘rnatgan rekordni yangilash imkoniyati mavjud.
Terma jamoa safida 45 ta o‘yinda maydonga tushgan hujumchi 32 bor gol kiritishga muvaffaq bo‘lgan. Bu nafaqat Angliya, balki boshqa terma jamoa safidagi hujumchilar uchun ham namuna bo‘lishi mumkin bo‘lgan natija.
Keynda o‘yinlar va gollar sonini oshirib olish uchun barcha imkoniyat mavjud.