Kirish Ro'yxatdan o'tish
22/12 00:45 Lechche 1-2 Lasio
22/12 01:00 Barselona 1-2 Atletiko
22/12 16:30 Roma 5-0 Parma
22/12 18:00 Valensiya 2-2 Alaves
22/12 19:00 Fulhem 0-0 Sautgempton
22/12 19:00 Lester 0-3 Vulverhempton
22/12 19:00 Man. Yunayted 0-3 Bornmut
22/12 19:00 Everton 0-0 Chelsi
22/12 19:00 Venetsiya 2-1 Kalyari
22/12 20:15 Real Madrid 4-2 Sevilya
22/12 21:30 Tottenhem 3-6 Liverpul
22/12 22:00 Atalanta 3-2 Empoli
22/12 22:30 Leganes 2-5 Vilyarreal
22/12 22:30 Las-Palmas 1-0 Espanyol
23/12 00:45 Monsa 1-2 Yuventus
23/12 01:00 Betis 1-1 Rayo Valyekano
23/12 22:30 Fiorentina - Udineze
24/12 00:45 Inter - Komo

Maradona undan hayratda ! Byelsa undan ilhomlangan! Baliq ovlash uchun terma jamoa ixtiyoriga kelmagan afsona haqida hikoya

Maradona undan hayratda ! Byelsa undan ilhomlangan! Baliq ovlash uchun terma jamoa ixtiyoriga kelmagan afsona haqida hikoya

Baho:
+ | -

Tomas o‘zining 74 yoshida ham uyda o‘tirishni istamas edi. Doimo velosipedini mingancha, ko‘chaga sayr qilish uchun otlanar, faqat yomg‘ir yog‘gandagina uyda qolishga majbur bo‘lar edi. Oddiy sport kiyimi va eskiroq sport oyoq kiyimidagi qariyani aslida kim ekanligini o‘tgan-ketgan payqamas, Tomas xotirjam Messi, Che Gevara va Belsaning shahri - Rosarioni aylanib yurar edi. 

Qahramonimiz velosipedni juda yaxshi ko‘rar edi, biroq doimo o‘z transport vositasi bilan muammoga duch kelaveradi. Avvaliga, 4 bor uning yangi velosipedini o‘g‘irlab ketishdi. Otasining asabiylashayotganini ko‘rgan o‘g‘li, Bruno darrov yangisini olib kelar, shu bilan hammasi unutilib ketar edi. Afsuski, 2020 yilning 8 may sanasida o‘g‘rilar qariyaning mulkini yashirincha o‘g‘irlab ketishni istashmadi. O‘z odatiga ko‘ra ko‘chada sayr qilib yurgan Karlovichning oldiga ikkita o‘g‘ri yaqin keldi va uning boshiga qattiq jism bilan tushirishdi. Oqibatda, insult va uni shifokorlar saqlab qola olmadi. 

Uning o‘limi Argentinada katta shov-shuv ko‘tarilishiga sabab bo‘ldi. Teves, Makserano singari zamonaviy argentina futboli vakillari tashabbus ko‘rsatishdi. Uning o‘limi tafsilotlari barcha Argentina kanallarida e’lon qilina boshladi. Afsuski, xalq o‘z qahramonini yo‘qotib qo‘yganini juda kech anglagan edi....

Stadion.uz futbol olamidagi qiziqarli va tarixiy hikoyalar bilan o‘rtoqlashishda davom etadi. Bugun,yaqindagina bu olamdan ko‘z yumgan Tomas Karlovichning o‘zgacha hayoti haqidagi qiziqarli voqealarni yodga oladi. Bu kichik tarix sizni zeriktirib qo‘ymasligi aniq!

1-epizod. Karlovich to‘p surgani saqlanib qolgan yagona video

Karlovich 1946 yilda Rosario shahrida tavallud topgan. Qahramonimiz asosan kambag‘allar istiqomat qiluvchi Belgaro shaharchasida katta bo‘ldi. Bu shaharchada asosan Yevropadan qochib kelgan qochoqlar va migrantlar istiqomat qilishgan. Bolakayni faqat birgina futbol katta hayotga tortib turar edi. Fayzsiz xonadonidagi ovqat taqchilligidan charchagan chog‘lari to‘p tepish uchun ko‘chaga chiqib ketar, hamma uxlaganda uyga kirib kelar edi. U tengi bolalar orzular og‘ushida yashar, biroq yosh Tomasning ikkitagina orzu bor edi. Ular yo « «Nyuyells Old Boyz»» yo «Rosario Sentral» jamoalaridan birida to‘p surish.

Tan olish lozim, qahramonimiz o‘z shaharchasidagi eng kuchli futbolchi edi. Kichik futbol maydonchasida unga teng keladigan ijrochini topa olmas edingiz! Afsuski, birdaniga katta futbolga kirib kelishning imkoni bo‘lmadi. Shu bois, butun Argentina bo‘ylab sayohat boshlanib ketdi. Hatto 2-3 divizion vakillari ham qolib ketmadi. 

Yetmishinchi yillarga kelib Tomasning maydondagi obrazi shakllana boshladi. U sira o‘zgalarga o‘xshamas edi. Futbolkasining tugmachalari qadalmagan, getrisini pastga tushirib olgan, futbolka yenglari shimarilgan. Uning maydondagi manerasi va tashqi ko‘rinishi bir xil effekt bera boshladi. Qahramonimiz maydon markazida xotirjam o‘yinni kuzatar, kerakli pallada hujum yoki himoyaga yordamga yetib kelar edi. "El Grafico" nashrining uning o‘yinini juda chiroyli tasvirlagan

«U chap oyoqda to‘p suruvchi barcha futbolchilardan kuchli edi! Uzatmalari doimo aniq chiqar, dribling borasida Maradonadan ham chaqqonroq edi. Uni baland bo‘yli Maradona desak, adashmagan bo‘lamiz.»

2000 yillarda uning o‘yin uslubini Argentina nashrlari Redondo va Rikelmening qorishmasi deb atagani ko‘pchilikning yodidan ko‘tarilmagan bo‘lsa kerak. Afsuski, qahramonimizning o‘yinlari tasvirga tushirilgan videolar ko‘p emas. Ijtimoiy tarmoqlarda faqat shu o‘yin videosi bor xolos. 

2-epizod. Qizil kartochka

 

Primeroda maydon markazini bir o‘zi boshqaradigan yosh futbolchi haqida xabarlar tez tarqalib ketdi. Oqibatda, qahramonimizni «Independente Rivadavia» klubi o‘z tarkibiga qo‘shib oldi. Mendos shahri Rosariodan 800 km uzoqlikda joylashgan bo‘lsada, Tomas imkon bo‘lishi bilan jonajon shaharchasiga yo‘l olishni hush ko‘rar edi. 
Uning sobiq jamoadoshi Ufo Memoli vaziyatni chiroyli tasvirlaydi:

«Biz "San Martina"ga qarshi to‘p surishimiz lozim edi. Tomas esa, kunduzgi avtobusda Rosarioga qaytib ketish niyatida. Agar u 90 daqiqa davomida maydonda bo‘lsa, so‘nggi avtobusga ulgurmay qolishi aniq. Shunday bo‘lsada, u maydonga tushdi va o‘yinning 20 daqiqasida qizil kartochka oldi. Darrov maydonni tark etdi va dush qabul qilmay turib avtobus shoh bekatiga jo‘nadi. Ochig‘i, Karlovich hech qachon hech narsaga jiddiy e’tibor bermas edi."


Futbolchining o‘zi ham bu voqealar aslida haqiqat ekanligini yashirib o‘tirmagan:

Ochig‘i, menga o‘z shaharchamdan uzoqda bo‘lish hech qachon manzur kelmagan. Ota-onam, uyim, do‘stlarim va sevimli qovoqxonamdan uzoqda bo‘lish men uchun o‘limga teng. 

3-epizod. Karlovichga nima uchun pul to‘lashgan?!

Qahramonimiz elitada to‘p surgan bo‘lsada, uydan uzoqda bo‘lishga chiday olmadi. Mavsum yakunida ortga qaydi va 3-divizion vakili bilan shartnoma imzoladi. Tashqaridan g‘alati ko‘rinishi mumkin, biroq aynan shu qaror yakunda uni butun Argentinaga mashhur qildi. U «Sentral Kordoba»ni bir mavsum ichida ikkinchi divizionga ko‘tarilishiga sabab bo‘ldi. "Andes Teleres"ga qarshi o‘yinda qahramonimiz chinakam shou namoyish etdi. Uning raqib sardorining oyoqlari orasida to‘pni ikki bor o‘tkazgani (3 soniya ichida) tribunadagi muxlislarning qalqib ketishiga sabab bo‘ldi. Uning bu finti tezda mashhur bo‘lib ketdi. Uni bugungi kunda ham aynan Karlovich nomi bilan yoga olishadi. 

Keyinroq, qahramonimiz tribunadagi muxlislarni xursand qilish uchun yangi ermakni o‘ylab topdi. O‘yin paytida shartta to‘p ustiga o‘tirib olishi raqiblarning g‘azabini qo‘zg‘atgan bo‘lsa, muxlislarning zavqlanishini ta’minlar edi. Hatto, klub uning har bir tryuki uchun qo‘shimcha pul to‘lashni boshladi. 

4-epizod. Argentina terma jamoasi «kapeyka»

Butun Rosario 1974 yilning 14 aprel sanasidagi o‘yinni kuta boshladi. Argentina terma jamoasi FRGdagi Jahon chempionatiga tayyorgarlik ko‘rishni boshladi. Ushbu tayyorgarlik jarayonida Argerntina termasi Rosarioda mahalliy futbolchilardan tashkil topgan jamoaga qarshi to‘p surishi lozim edi. Asosiy futbolchilar «Rosario Sentral» va «Nyuyells Old Boyz» jamoalardan chiqarildi. Ikkinchi diviziondan esa, faqat Tomas chaqiruv oldi. 

E’tiborlisi shundaki, Rosariolik futbolchilar Argentina terma jamoasini 3:1 hisobida mag‘lubiyatga uchratadi. O‘yinda Karlovich istagicha to‘p suradi. O‘z tryuklari bilan terma futbolchilarini noqulay ahvolda qoldirishda davom eta boshlagach, butun stadion o‘rnidan turib uni olqishlashga tushib ketadi. Vaziyatning jiddiylashayotganini ko‘rgan Vladislao Kap «Rosario» jamoasi murabbiyidan uni almashtirishini iltimos qiladi. O‘zining bu qarorini murabbiy 10 yildan so‘ng, quyidagicha izohlagan edi: 

«Tomas tez orada JCHda to‘p surishi kerak bo‘lgan futbolchilarni yosh bola qila boshladi. Bunga jim qarab turib bo‘lmaydi, sababi bu psixologik zarba edi.»

Ushbu uchrashuv haqida Argentina hukumati hatto hujjatli film ham suratga oladi. Ushbu film taqdimotida esa, Tomas ajoyib izoh beradi:

«Bu voqeaga ham 30 yildan oshibdi. Yodimda bor, stadionga 35 ming muxlis kelgan edi. To‘g‘risi, juda yoqimli daqiqalar edi»

5-epizod. Pelega rad javob berildi

1975 yilda Pele AQSHga ko‘chib o‘tadi va dunyoning eng katta maosh oluvchi futbolchiga aylanadi. Uning kelishi, butun Shtatlar futbolini bir qadam oldinga siljishiga sabab bo‘ladi desak, adashmagan bo‘lamiz. Braziliyalik afsonasi MLSda o‘zi istagan barcha narsaga erishadi, biroq birgina iltimosi rad etiladi...

Pele Karlovichning nimalarga qodir ekanligini juda yaxshi bilar edi. Shu bois, uning iqtidorini butun dunyoga ko‘rsatishni juda istaydi. Hatto, unga rasman telegramma ham yuboradi. Rosarioni jonidan ortiq ko‘ruvchi Tomas yiliga 2 million yevrolik maoshga qaramay «Nyu-York Kosmos» taklifni rad etadi. 

Oradan bir yil o‘tib ikkinchi divizionda barcha himoyachilarni uyaltirishdan charchamayotgan Tomas bilan «Milan» va PSJ klublari qiziqib qoladi. Ularning takliflari ham Karlovich tomonidan o‘ylab o‘tirmay rad etiladi. O‘zining amalga oshmagan transferlari haqida Karlovich sira afsuslanmasligini yashirib o‘tirmaydi:

"Agar men Nyu-York yoki Parijga ketganimda, hayotim tubdan o‘zgarib ketishi mumkin edi, biroq men «Sentral Kordoba» safida xuddi «Real»da to‘p surgandek zavq olganman. Menda hech qachon futbol bilan shug‘ullanishdan maqsad bo‘lmagan. Men bundan zavq olishni istaganman xolos. Men «Sentral Kordoba» safida istagan joyimda kiyim almashtirishim, xotirjam uyimga ravona bo‘lishim mumkin. Men uchun eng muhimi tinchlik va xotirjamlik. Hayotimdagi keskin o‘zgarishlarni suiqasddek qabul qilaman." 

6-epizod. Karlovich yana Argentina terma jamoasiga rad javob berdi

1976 yilda Karlovichni o‘z tarkibida ko‘rish uchun Argentina milliy terma jamoasi ustozi Sezar Menotti o‘z vakillarini Rosarioga jo‘natadi. Kulgilisi shundaki, ularning kelayotganidan xabar topgan futbolchi baliq ovlash uchun uzoqroqdagi orolga 3 kunga jo‘nab ketadi. 

7-epizod. Tomas «Milan»ni tor-mor qildi

1979 yilda Karlovichni dunyoga tanitgan yana bir voqea yuz berdi. Mendos shahrining «Deportivo» klubi sharafini himoya qilayotgan futbolchini Mendos shahrining boshqa klubi - "Andes Taleres« bir o‘yinga ijaraga oldi. Gap shundaki, ushbu klub »Milan"ning Janubiy Amerikadagi turnesi doirasida uchrashuv o‘tkazishi lozim edi. 

O‘sha paytlardan «Milan»ning tarkibiga e’tibor qarating! Jani Rivera, Fabio Kapella, Franko Barezilarga qarshi argentinalik futbolchi o‘zini yo‘qotib qo‘ymadi. "Andes Teleras" Yevropalik raqiblarini 3:2 hisobida mag‘lubiyatga uchratdi. O‘yinning eng yaxshi futbolchisi sezganingizdek Tomas bo‘ldi. To‘g‘ri, u gol kiritmadi, biroq 2 ta golga hammualliflik qildi

«Men »Milan«ga qarshi o‘yinda istaganimdek to‘p surdim. Raqiblarni oyoqlarini orasida to‘pni o‘tkazib maza qildim. Qarasam, muxlislar meni o‘rnilaridan turib olqishlashmoqda.»

9-epizod. Karlovichning operasiyasiga pul yo‘q, ammo...

Karlovich Argentinaning asosiy ligasida atigi 4 ta o‘yin o‘tkazgan bo‘lishiga qaramay, uni butun mamlakat muxlislari qattiq hurmat qilar edi. 2002 yilda 56 yoshli qahramonimiz og‘ir kasallik bilan og‘rib qoladi. Uni bu darddan qutqarish maqsadida vrachlar zudlik bilan operasiya qilish lozimligini aytishadi. Afsuski, bu paytda operasiya uchun talab etilayotgan 20 ming dollar Karlovich oilasida yo‘q edi.

Ular noilojlikdan mahalliy jurnalistlarga murojaat etishga majbur bo‘ldi. Qandaydir ikki kun ichida Argentina futbol yulduzlari o‘rtasida o‘rtoqlik uchrashuvi tashkillashtirildi va tushgan pullar Karlovichning oila a’zolariga topshirildi. Sokin hayot tarzini sevuvchi futbolchi 150 peso nafaqa puli bilan operasiyaga pul yig‘ishdan umidini uzgan edi. Unga bu yangilikni aytishganida, ko‘zlaridagi yoshni yashirib o‘tira olmadi. 

«Bugun bu xabarni eshitib rosa yig‘ladim. Hayotning menga qilgan sovg‘asidan minnatdorman. Meni ortga qaytargan barchaga katta rahmat»

9-epizod. Maradona uni tengisz deb atadi!

1993 yil. Diyego «Barselona» va «Napoli»dagi super mavsumlardan so‘ng vataniga qaytib keldi. U bilan «Nyuyells Old Boyz» shartnoma imzoladi. Qahramonimizning klub safidagi ilk intervyusidan parcha keltiramiz. 

 

- Dunyoning eng yaxshi futbolchisi bo‘lish qanday?

- To‘g‘risi, dunyoning eng yaxshi futbolchi allaqachon Rosario uchun to‘p surgan. Uning ismi Tomas Karlovich! 

10-epizod. Maradona Tomas bilan uchrashdi

2019 yilning fevral oyida «Ximnsia La-Plata» murabbiyi - Diyego Armando Maradona Rosario shahriga jamoasi bilan uchib keldi. Ertaga o‘yin bo‘lishiga qaramay, qahramonimiz Tomasning «ziyoratiga» oshiqdi. Maradona unga o‘z futbolkasini topshirar ekan, o‘z qo‘llari bilan dastxat yozib berishni ham unutmadi. 
«Trinche! Sen mendan kuchliroq futbolchi eding!» Sovg‘ani qabul qilgan qariya Tomas ko‘z yoshlarini berkita olmadi. So‘ng u ham Maradonaga o‘z ismi tushirilgan futbolkani sovg‘a qildi. Uchrashuv yakunida, qahramonimiz Diyegoga shu so‘zlarni aytdi: «Endi xotirjam o‘lishim mumkin. Sen mening hayotimdagi eng buyuk futbolchi eding.» Oradan bir yil o‘tgach, Karlovich bu olamdan ko‘z yumdi. 

To‘g‘ri, biz uning o‘yiniga baho bera olmaymiz. Sababi, faqat birgina o‘yin va bitta hujjatli filmgina uning faoliyatidan esdalik bo‘lib qolgan. Shunday bo‘lsada, u bilan zamondosh bo‘lgan insonlar hikoyasidan ko‘rinib turibdiki, Tomas chinakam futbol shaydosi bo‘lgan. Millionlab dollarlarni birgina tug‘ilib o‘sgan shaharchasiga almashmaslik uchun oltinga teng qalb egasi bo‘lish lozim. Pele singari zamon egallari taklifini rad etish uchun esa, futbolga bo‘lgan sevgi lozim. Futbolni pul topish, mashhur bo‘lish uchun emas, undan zavq olish uchun sevish lozim. Qahramonimiz barcha zamonlardagi eng yaxshi futbolchi bo‘lmasligi mumkin, biroq u Rosario shahrining chinakam o‘g‘loni sifatida tarixda abadiy qoladi. U olamdan o‘tgach, butun shahar o‘z qahramoni bilan xayrlashish uchun ko‘chaga chiqdi. Barchaning kayfiyati tund, havoda esa yomg‘ir maydalab yog‘ar edi. O‘z shahrining bir chetida umrini o‘tkazgan futbol shaydosini Rosario xalqi faxr bilan so‘nggi manzilga kuzatib qo‘ydi. Ana shundagina, bu shaharning asl o‘g‘lonlari soni 3 ta emas, 4 ta ekanligini ma’lum bo‘ldi! Rosarioni endi 4 ta qahramoni bor! Che Gevara, Messi, Marselo Byelsa va TOMAS KARLOVICH! 

Yahyoxo‘ja Ulug‘xo‘jayev

Manba: stadion.uz
Kiritildi: 15:10, 14.10.2020.
O'qildi: 5539 marta.
Fikrlar: 2 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.