Kirish Ro'yxatdan o'tish
15/11 02:00 Venesuela 1-1 Braziliya
15/11 04:30 Paragvay 2-1 Argentina
15/11 05:00 Ekvador 4-0 Boliviya
15/11 17:00 Indoneziya 0-4 Yaponiya

«Jaloliddinov ishi»: «Bunyodkor» va «Lokomotiv» o‘rtasidagi vositachilar 550 ming yevroni o‘zlashtirgan

«Jaloliddinov ishi»: «Bunyodkor» va «Lokomotiv» o‘rtasidagi vositachilar 550 ming yevroni o‘zlashtirgan

Baho:
+ | -1

O‘zbekistonlik yarim himoyachi Jasur Jaloliddinovning «Bunyodkor»dan Moskvaning «Lokomotiv» klubiga transfer qilinishi bo‘yicha Eurosport nashri jurnalisti Dimitriy Zimin tafsilotlarni e’lon qildi. «Daryo» quyida ushbu tafsilotlarni o‘zbek tilida taqdim etadi.

Iyul oyi oxirlariga borib, Moskvaning «Lokomotiv» klubi Chempionlar Ligasi oldidan tarkibni kuchaytirish fonida «Bunyodkor»dan Jasur Jaloliddinov transferini e’lon qildi. Tan olish lozim, 18 yoshli o‘zbekistonlik futbolchi haqida ko‘p narsa noma’lum edi, u haqida yagona jo‘yali ma’lumot – 2019 yilda Guardian talqiniga ko‘ra 2002 yilda tug‘ilgan 60 nafar eng yaxshi yosh futbolchilar ro‘yxatiga kirgani edi, xolos.

O‘zbekiston chempionatida faoliyat yuritgan mutaxassislar, xususan, «Navbahor» sobiq bosh murabbiyi Andrey Kanchelskis uning iqtidorli yigit ekanligini aytar ekan, aynan nimalarga qodir ekanligi haqida aniq bashorat qilmagandi. Matbuotda ushbu transfer miqdori e’lon qilinganida esa u(lar)ning og‘zi ochilib qoldi: noma’lum va 18 yoshli futbolchi uchun bir million yevro – katta tavakkal qilingan sarmoya.

Tabiiyki, buning ortidan O‘zbekistonda ham ushbu bitimning shaffofligiga (asosli) shubhalar paydo bo‘la boshladi. Ommaviy axborot vositalarida turli xil raqamlar paydo bo‘ldi: «Bunyodkor» qancha oldi bu transferdan, 1 million, 150 ming yoki 300 ming yevro? Futbolchi ketishidan oldin klub bilan shartnomasini bekor qildimi? Mablag‘ning qanchasi «Bunyodkor»ga tegdi? Demak, quyida Jaloliddinovning mojaroli transferi haqida batafsil fikr yuritiladi.

Belous va «Beshiktosh» taklifi

«Moskva» futbol klubining sobiq prezidenti Yuriy Belous «Bunyodkor» bosh murabbiyi Vadim Abramov bilan toshkentliklarning o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlarida tez-tez ishtirok etib turardi. Ma’lumotlarga ko‘ra, u Jasurni 16 yoshidayoq payqab qolgan. Jasur tengdoshlari fonida yaqqol ajralib turardi. Shundan so‘ng u asosiy jamoaga jalb etiladi va bundan ikki yil oldin yigitchaning jiddiy «aktiv» ekani ma’lum bo‘lib ulgurgan edi. Ammo Belous shoshilmadi. U yaxshi bilardiki, 18 yoshgacha faqat akademiyadan akademiyaga ko‘chib o‘tish mumkin. Shu sabab u futbolchining balog‘at yoshiga yetishishini kutdi. Klub ichidagi barcha jarayonlarga ta’sir ko‘rsatadigan Abramov orqali u futbolchi borasidagi barcha muzokaralarni o‘z zimmasiga olishini ma’lum qildi.

2020 yilning 15 may kuni Jaloliddinov (nihoyat) 18 yoshga to‘ldi. Ammo Yuriy Viktorovich harakatni qishda boshlab yuborgan va Jasurni Rossiyaning turli klublariga taklif qilishga ulgurgandi. Manbalarga ko‘ra bu yerda ritorika muhim ahamiyat kasb etgan: «O‘zbekistonda komissiya bilan 800 ming yevro evaziga olish mumkin bo‘lgan iste’dodli yigit bor. Ammo agar rozi bo‘lsangiz, narx tushirilishi ham mumkin». Shu bilan birga aynan ushbu vaqtda «Bunyodkor»ga «Beshiktosh» murojaat bilan chiqib, klubga 300 ming yevrolik (taxminan, «Bunyodkor» byudjetining uchdan bir qismi) taklif yuboradi. Biroq Abramov eski do‘sti Yuriy Belous bundan ham ko‘proq keltirishi mumkinligini bilib, shoshilmaslikka qaror qiladi.

«Loko» uchun ikki variant

Shundan so‘ng esa voqealar rivojining kulminasiyasi ro‘y berdi. Aynan turklarning taklifi «Loko»ning «Bunyodkor» bilan muzokaralarni boshlashiga turtki bo‘ladi. Moskvaliklardan ancha katta to‘lovlar kutilgan edi. Ishonchli manbalarga ko‘ra, «Loko»da ikkita variant mavjud bo‘lgan – rasmiy va norasmiy. Birinchisi – xuddi shu 800 ming yevroni tashkil etsa, ma’lumotlarga ko‘ra, bu summa futbolchining 2022 yilgacha mo‘ljallangan shartnomasida ko‘rsatilgan. Ikkinchisi – 350 ming yevro. Ushbu taklif quyidagi shartlarni o‘z ichiga olardi: futbolchi birinchi shartnomasini bekor qiladi va 2020 yilning oxirigacha mo‘ljallangan va kamroq tovon puli belgilangan yangi bitim imzolaydi. Ushbu holatda klubga 350 ming yevro beriladi (turklardan 50 ming yevroga ko‘proq), qolgan mablag‘ esa shunchaki komissiya sifatida muzokarachilarga tarqatiladi.

«Lokomotiv» norasmiy variantni tanladi: transferga pul tejaldi, lekin katta qismi vositachilarga o‘tkazib berildi. Oxir-oqibat klub 900 ming yevroga yaqin mablag‘ sarflagan, ikki manbaga ko‘ra, bu ofshor kompaniyaning hisob raqamiga o‘tkazib berilgan, O‘zbekistonga esa buning bor-yo‘g‘i 350 ming yevrosi o‘tkazilgan, xolos. Mablag‘ning yarmidan ko‘prog‘i u yoki bu tarzda muzokaralarda qatnashganlarga berilgan. Bir nechta klub rahbarlari bilan maslahatlashilganida ular bilvosita klubga mablag‘ o‘tkazilmasligi unchalik ham noyob holat emasligini ma’lum qildi. Ba’zi holatlarda futbolchiga bo‘lgan huquqlar bir nechta yuridik shaxslarga tegishli bo‘lib qoladi, bunday holatlar, asosan Lotin Amerikasi futbolchilari orasida uchrab turadi. Ba’zan esa klub egasining hisob raqamiga ham o‘tkazilishi mumkin. Shu bilan birga ekspertlar Jaloliddinov uchun komissiyani ofshor hisob raqamlariga o‘tkazilgani to‘g‘risidagi ma’lumotdan hayratga tushdi va buni soliqlardan qochish istagi bilan bog‘ladi.

Mazkur transferdan so‘ng darhol «Bunyodkor» bosh direktor Ulug‘bek Mirzayev ishdan olindi va «Jaloliddinov ishi» bo‘yicha federasiya darajasida surushtiruv boshlandi. «Bunyodkor» sobiq rahbari ikki uchrashuvda qatnashib, liga rahbariga o‘z pozisiyasini tushuntirib bergan. Uning tushuntirishlaridan barchaning mamnun bo‘lganiga ishonish qiyin. Biroq ushbu uchrashuvlardan so‘ng bironta ham rasmiy bayonot berilmadi. Shu bilan birga yaqinda klubda jiddiy moliyaviy muammolar borligi ma’lum bo‘ldi: futbolchilar to‘rt oydan beri maosh olmayotgan ekan. Yangi rahbariyat esa hozircha aloqaga chiqqani yo‘q.

Klub bazasidagi hayot va jamoaga moslashish

Moskvadagi manbalarga ko‘ra futbolchi klub ixtiyoriga kelgach, «Lokomotiv» bazasiga joylashgan. U yerda esa Jasur o‘zini unchalik ham qulay his etmagan. Marko Nikolich («Lokomotiv» bosh murabbiyi) kuchli legioner transferini xohlagandi, ammo buning o‘rniga unga juda yosh yigitchani olib kelindi. Jamoa ham yangi futbolchini jiddiy qabul qilmadi. Transferni amalga oshirgan Yuriy Belous esa bu yerda hech qanday yordam berolmadi.

Dastlab Jaloliddinov mavsum qaydnomasiga kiritildi va asosiy tarkib bilan mashg‘ulotlarni boshladi ham. Hatto bir necha marta RPLdan o‘rin olgan o‘yin qaydnomalaridan ham joy oldi. Ammo asta-sekin asosiy futbolchilar safga qaytdi va Jasur legionerlar cheklovi tufayli qaydnomadan chiqarib tashlandi.

Yarim himoyachini «Bunyodkor»da kutishayotgandi. Gap ijara haqida ketmoqda. Ammo klublar bu borada kelisha olmadi. Transfer oynasi yopilgan, shu bois ijara faqat Rossiya hududida amalga oshirilishi mumkin. Shu bilan birga «temir yo‘lchilar» Jasurni boshqa klubga jo‘natishga unchalik ham jiddiy kirishmagan. Ehtimol, ular uni «Kazanka»da («Lokomotiv»ning farm klubi) ko‘rishayotgandir. Biroq Jaloliddinov maydonga tushish imkoniyatisiz qishgacha asosiy tarkib bilan mashg‘ulot o‘tkazishi aniq.

Bularning barchasi «Lokomotiv»ga 900 ming yevroga tushdi. Klub rahbariyati legionerlar chekloviga to‘g‘ri kelmaydigan va maydonga tusha olmaydigan futbolchi uchun nima sababdan shuncha mablag‘ sarflaganini tushuntirsa to‘g‘ri bo‘lardi.

Manba: daryo.uz
Kiritildi: 14:46, 16.10.2020.
O'qildi: 4586 marta.
Fikrlar: 0 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.