Chempionlar Ligasi 2020/21 yilgi mavsumi guruh bosqichi o‘z ekvatoriga yaqinlashib bo‘ldi. Shunday ekan, allaqachon oraliq natijalarni sarhisob qilish, jamoalar va ularning ijrochilarini baholash mumkin. Demak, quyida Yevropaning eng nufuzli musobaqasida o‘z klublariga yordam berayotgan eng yosh (21 yoshgacha) va qimmat (Transfermarkt’ga ko‘ra) futbolchilar haqida hikoya qilamiz. Ularning aksariyati esa allaqachon o‘z jamoasining ajralmas bir bo‘lagiga aylangan.
Darvozabon
Kel Sherpen, «Ayaks» (20 yosh, 2,2 million yevro)
Sherpen – «Emen» akademiyasi tarbiyalanuvchisi hisoblanadi. Yosh darvozabon 2019 yilning iyul oyida «Ayaks» safiga kelib qo‘shilgan. Hozirda Kel Amsterdam klubidagi ikkinchi darvozaboni maqomi uchun jiddiy kurash olib bormoqda. Andre Onana jamoani tark etgach u «Ayaks»ning asosiy darvozaboniga aylanishi kutilmoqda. Uning Chempionlar Ligasi qaydnomasiga kiritilgani ham bunga misol bo‘la oladi. Shunday ekan, Kel ertami, kechmi baribir Chempionlar Ligasida o‘zini ko‘rsatish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Himoyachilar
Nyanzu Kuassi, «Bavariya» (18 yosh, 11 million yevro)
Kuassi «Ayaks»dagi hamkasbi singari, hozircha o‘z imkoniyatini kutmoqda. Fransuz hali «Bavariya» safida Chempionlar Ligasida o‘yin o‘tkazmadi, biroq bu turnir unga aslo begona emas. O‘tgan mavsumda futbolchi PSJ safida Chempionlar Ligasi bahslarida bir necha o‘yinlarda qatnashgandi. Axir bejizga uning transfer narxi 11 million yevro emas-ku. «Bavariya» himoyachilari bilan doimiy ravishda g‘ayrioddiy nimadir sodir bo‘layotganini hisobga olib, Kuassining tez orada o‘z imkoniyatiga ega bo‘lishi mumkinligiga hech qanday shubha yo‘q. Bundan tashqari, u endigina 18 yoshda bo‘lishiga qaramay, PSJning asosiy jamoasida naq 905 daqiqa o‘ynagan.
Erik Garsiya, «Manchester Siti» (19 yosh, 20 million yevro)
Garsiya yozgi transferlar oynasining bosh qahramonlaridan biri bo‘ldi. O‘zi tarbiyalangan «Barselona» haqiqatan ham yosh himoyachini o‘z safiga qaytarishni xohladi. Biroq yakunda klublar kelisha olmadi, shunga qaramay, ispaniyalik futbolchining yanvar oyida vataniga qaytish ehtimoli yuqoriligi aytilmoqda. Garsiya Chempionlar Ligasining amaldagi mavsumida bitta o‘yinda ishtirok etdi («Portu»ga qarshi o‘yinda). To‘g‘ri, Gvardiola uni Yevropaning eng nufuzli musobaqasida ko‘p ham o‘ynatayotgani yo‘q, biroq bu uning (hozircha) salohiyatiga zarracha ham shubha uyg‘otmayapti. Ko‘pchilik mutaxassislar buni futbolchining amaldagi shartnomasini uzaytirishni xohlamayotgani bilan bog‘lamoqda. Ehtimol, u «Barselona»da ko‘proq o‘yin amaliyotiga ega bo‘lar.
Ris Jeyms, «Chelsi» (20 yosh, 30 million yevro)
Jeyms Chemionlar Ligasida ikkita o‘yin o‘tkazdi va bir marta golli uzatmani amalga oshirdi. O‘tgan mavsumdan boshlab Frenk Lempard bu yigitni muntazam ravishda Yevrokuboklar o‘yinlariga jalb etib keladi. Jeyms bor-yo‘g‘i o‘tgan mavsumda asosiy jamoaga qo‘shilgan bo‘lishiga qaramay, Premyer Ligada «ko‘klar»ning asosiy himoyachilaridan biri hisoblanadi. «Chelsi» o‘z tarbiyalanuvchisidan katta umidlar kutayotgani sezilib turibdi.
Alfonso Devis, «Bavariya» (19 yosh, 80 million yevro)
«Bavariya»ning chap qanot himoyachisi o‘tgan mavsumning tom ma’nodagi yulduziga aylandi. U «qizil mashina» tarkibida treblga erishdi va barcha turnirlar, shu jumladan, Chempionlar Ligasida ham juda foydali harakat qildi (8 ta o‘yin 4 ta golli pas). «Bavariya» esa yangi va yosh yulduziga «sovchilar» chiqmasidan u bilan shartnomani qayta ko‘rib chiqishga shoshildi. Transfermarkt portali futbolchining qiymatini bir yilning ichida 10 million yevrodan 80 million yevroga ko‘tardi.
Yarim himoyachilar
Eduardo Kamavinga, Renn (18; 50 million evro)
O‘tgan mavsumda Kamavinga «Renn»ni Chempionlar Ligasi guruh bosqichiga olib chiqqan futbolchilardan biri bo‘ldi. Hozircha yarim himoyachi faqatgina bitta o‘yinda maydonga tushdi. U jarohati tufayli jamoasining Chempionlar Ligasidagi qolgan o‘yinlarida ishtirok eta olmadi. Xuddi shu sababga ko‘ra, u ichki chempionat bahslarini ham o‘tkazib yubormoqda. «Renn» hozircha o‘z tarbiyalanuvchisiga katta umid bildirmoqda. Garchi, «qirollik klubi»ning moliyaviy ahvoli yaxshilanishi bilanoq, yosh fransuz Ispaniyaga yo‘l olishi aniq bo‘lsa-da, «Renn» «Real»ning takliflarini rad etib kelmoqda.
Fil Foden, «Manchester Siti» (20 yosh, 60 million yevro)
Xosep Gvardiola Foden kelajakda «Manchester Siti»ning yulduziga aylanishiga ishonmoqda. Mutaxassis yosh ingliz yigitiga shu darajada ishonadiki, uni ushbu mavsumda deyarli har bir uchrashuvda maydonga tushirmoqda. Fil «shaharliklar»ning Chempionlar Ligasidagi barcha o‘yinlarida qatnashdi. Gvardiola uni turli pozisiyalar: markaziy, hujumkor va o‘ng qanot yarim himoyachisi bilan bir qatorda vinger va markaziy hujumchi sifatida ham sinab ko‘rmoqda. Aynan ushbu o‘zgaruvchanlik Fodenni hozirgi paytda eng qimmat yosh futbolchilardan biriga aylantirgan.
Ansu Fati, «Barselona» (18 yosh, 80 million yevro)
Fati hozirda «Barselona»ning eng qimmat aktivlaridan biridir. U 17 yoshidayoq shunday natijaga erishishga muvaffaq bo‘ldi. Kataloniyaliklarning kadrlar bilan bog‘liq muammolari yosh vingerga o‘zini ko‘rsatishga imkon berdi. Ispaniyalik futbolchi muvaffaqiyatsizlikka uchramadi, shu bois u allaqachon asosiy tarkibda barqaror o‘ynab kelmoqda. Fati Chempionlar Ligasida juda foydali harakat qilmoqda.
Futbolchi «ko‘k-anorranglilar»ning Chempionlar Ligasidagi barcha (3 ta) uchrashuvlarida golli uzatmani amalga oshirdi. «Ferensvarosh»ga qarshi o‘yinda esa gol ham urdi. Ammo jarohati sabab Fati endi jamoasi pley-off bosqichiga chiqsagina Chempionlar Ligasida o‘ynashi mumkin.
Jeydon Sancho, «Borussiya D» (20 yosh, 117 million yevro)
Sancho o‘z yosh toifasining eng yorqin yulduzlaridan biri hisoblanadi. «Borussiya» vingeri uzoq vaqtdan beri «Manchester Yunayted»ning asosiy transfer maqsadi bo‘lib kelmoqda. Biroq «arilar» futbolchini osonlikcha qo‘yib yuborishni xohlamayapti. Sancho Chempionlar Ligasida 2 ta uchrashuvda qatnashib, 1 ta o‘yinda gol urdi. Hozircha qanot hujumchisi unchalik samarali harakat qilmayapti, ammo hech kim futbolchining mahorati va iste’dodiga shubha qilmaydi. «Manchester» esa hamon uni «Old Trafford»ga olib kelishni maqsad qilmoqda. Biroq «Borussiya» futbolchini 100 million yevrodan kamiga sotmoqchi emas.
Hujumchilar
Joau Feliks, «Atletiko» (20 yosh, 80 million yevro)
2019/20 yilgi mavsum davomida Feliksni tanqid qilmagan odam qolmadi. Yosh hujumchi haqiqatan ham «Atletiko» safidagi birinchi mavsumida esda qolarli biror bir harakatni amalga oshirmadi. Ammo 2020/21 yilgi mavsumda portugaliyalik futbolchi ajoyib o‘yin ko‘rsatmoqda. Hujumchi «Zalsburg»ga qarshi o‘yinda dubl qayd etdi. La Ligada ham uning ishlari yaxshi ketmoqda. Bundan tashqari, portugaliyalik vaqti-vaqti bilan golli paslar ham berib turibdi. Hujumchi nihoyat yangi jamoasida o‘z o‘rnini topayotgan ko‘rinadi.
Erling Holand, «Borussiya D» (20 yosh, 80 million yevro)
Holand bir necha yildan beri xuddi gol mashinasi kabi harakat qiladi. Uning bu xususiyati kuchaysa, kuchaymoqdaki, aslo susaygani yo‘q. Hujumchi Chempionlar Ligasidagi «Borussiya»ning uch o‘yinida ham gol urdi. «Bryugge»ga qarshi o‘yinda esa norvegiyalik dubl qayd etdi. Holand Sancho bilan birga «Borussiya» eng qimmat o‘yinchilaridan hisoblanadi. Qayd etish joizki, Holand ertami, kechmi baribir klubini o‘zgartiradi. So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, «Real» qishda uni o‘z safiga qo‘shib olishni maqsad qilgan. Shuningdek, futbolchining o‘zi ham Madridda o‘ynashni orzu qilishi aytilmoqda.