Kirish Ro'yxatdan o'tish
24/12 00:45 Inter 2-0 Komo
26/12 17:30 Manchester Siti - Everton
26/12 20:00 Bornmut - Kristal Pelas
26/12 20:00 Chelsi - Fulhem
26/12 20:00 Nyukasl - Aston Villa
26/12 20:00 Nottingem Forest - Tottenhem
26/12 20:00 Sautgempton - Vest Xem
26/12 22:30 Vulverhempton - Man. Yunayted

O‘zPFL rahbari Samvel Babayan haqida fikr bildirdi

O‘zPFL rahbari Samvel Babayan haqida fikr bildirdi

Baho:
+ | -

Bizdagi eng katta kamchiliklardan biri bu shaxsga qarshi kurashishdir. Biz o‘zimizga yo daho yasab olamiz yoki dushman, go‘yoki shularsiz yashab bo‘lmaydigandek. Aslida esa muammolarga qarshi tizimli kurash olib borishimiz to‘g‘ri bo‘ladi. Ya’ni, shaxslarni chetlashtirish yoki ularga imkon berish bilan ish bitmaydi, biz shunday mexanizm ishlab chiqishimiz kerakki, bunda birgina shaxs ko‘ngli tusagan ishini qila olmasin, agar bu ish qolganlar manfaatlariga zid kelayotgan bo‘lsa.

Aytaylik, Babayan Paxtakor uchun juda katta ish qilgan. Ya’ni, bir klubni ko‘tarish uchun qo‘lidan kelganicha mehnat qilgan. Buni hech kim inkor qila olmaydi. Va albatta shu klub manfaatlari uchun boshqa klublarga halal bergan bo‘lishi yoki milliy terma jamoa tepasida barchaga birdek tupurib, ko‘ngli tusagan ishni qilgan bo‘lishi mumkin. Biroq bularning hammasiga faqatgina u sababchi emas, unga shunday imkoniyat yaratib berganlar ham bunda teng javobgardir. Aytmoqchimanki, bir dona Babayan biror klub manfaati yo‘lida qolganlarni istagancha o‘ynatishi mumkin. Ammo 10 ta klubda 10 ta Babayan bo‘lsa, bu rivojlanishga olib kelishi katta ehtimol. Ya’ni, ularning hammasida bir-birini tiyib turish funksiyasi avtomatik ravishda ishga tushadi. Reglament ham, qonun ham hammaga birdek bo‘ladi.

1992 yildan buyon o‘tgan chempionatga bir razm solib ko‘ring. O‘z vaqtida Sarkisyan qanday ishlagani, Babayan nimalar qilgani, bugungi Abramov faoliyati, Bunyodkorning gullagan davrlari va hokazo. Ya’ni, ularning har birida o‘z porlash davri bo‘lgan va ba’zida ular vakolatlaridan ko‘proq narsa istashgan. Mana shunday vaqtda haqiqiy o‘rta pozisiyani belgilab beradigan, u yoki buning emas, umumiy futbol manfaatlariga xizmat qiladigan mexanizm kerak bo‘ladi.

Bilasizki, ichki chempionatga tamal toshini qo‘ygan kishilarimiz chempionlikni birdaniga ikki klubga bergan davrlar bo‘lgan. Kimdir Sarkisyanning, kimdir Paxtakorning yuzidan o‘ta olmagan va hokazo. Shunday davrlar bo‘lganki, Bahraynga yozilgan xat bo‘yicha hamma jim bo‘lgan va faqat oradan 15 yil o‘tib qora botir chiqib, xatni kim yozganini e’lon qilgan. Ya’ni, o‘sha vaqtda pisib yurgan o‘sha botir, bugun hammadan adolatni talab qilyapti. Bunyodkor kuch vaqtida unga qarshi chiqish qiyin bo‘ldi, keyinroq Lokomotiv davri keldi, bugun Paxtakor kuchli va hokazo. Aslida esa biz qo‘rqmasdan aytishimiz kerak — Neftchi olib qolinib, Mash’al quvilgani ham, Surxon Superligaga olib chiqilgani ham, Aralni shunchaki Superligaga qaytarish-u, Olimpiya jamoasiga asos solish kabi ishlar ham to‘g‘ri emas deb. Qanday davrda bo‘lishidan qat’iy nazar. Qanday holatda bo‘lmasin, faqatgina to‘g‘ri so‘zni ayta oladigan kishilar qolganlarga qaraganda samimiyroq bo‘laveradi.

Xulosada aytishni istardimki, Babayan chindan ham Navbahorda ishlamoqchi bo‘lsa, bundan faqat negativ izlash u qadar to‘g‘ri emas, tarozi as qotadi. Misol uchun, uning imkoniyatlarini hammadan ko‘p Odil Ahmedovning o‘zi yaxshi biladi. Viloyat hokimi ham mahalliy yoshlarga e’tibor qilmoqchi ekanini aytdi. Aytaylik, biz ko‘p narsa kutganimiz jamoa na chempionatda qoyil qildi va kubokda muxlislar kutgan manzilgacha bordi. Chetdan kelganlardan na Bolov, na Solovyev 3 tadan ko‘p gol urdi, to‘g‘rimi? 8 talab gol urayotgan Turg‘unboyev, mas’uliyatni olayotgan Ahmedovlar esa aksini ko‘rsatadiki, o‘sha legioner murabbiy-u futbolchilarga sarf etilgan pullar to‘g‘ri ishlatilsa, Namangan klubi o‘z yigitlari bilan ham kamida hozirgi natijani takrorlay oladi. Agar shunday bo‘lsa, investisiyani o‘zimizning yigitlarga tikish to‘g‘riroq emasmi? Ya’ni, futbol maktabi va asosiy jamoa munosabatlarini yo‘lga qo‘ya oladigan mutaxassis zarur emasmi?

Marhamat, Abramov ishlasin, Mo‘minjonov qaytsin, bu yerda Qosimov, Berdiyev, Arveladze, Babayan, Ashurmatov, Baqoyev va hokazo. Ya’ni, ularning raqobatidan chempionat yutadi, ular bir-biriga bo‘y bermaydi, bir-birini tiyib turadi. Ularning raqobatlashishi O‘zPFLni ham sergak torttiradi, O‘FA harakatga keladi va hokazo. Reglament, qonun-qoidalar, normalar hamma uchun teng ishlasa, hammasi yaxshi bo‘ladi. Biz daholarsiz yashay olmaydigan odamlar qatoridan chiqib, qonunlar to‘liq ishlaydigan jamiyatni orzu qiladigan odamlarga aylanib ulgurishimiz kerak.

Kiritildi: 18:10, 14.12.2020.
O'qildi: 7293 marta.
Fikrlar: 2 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.