Kirish Ro'yxatdan o'tish
23/12 00:45 Monsa 1-2 Yuventus
23/12 01:00 Betis 1-1 Rayo Valyekano
23/12 22:30 Fiorentina 1-2 Udineze
24/12 00:45 Inter - Komo

Samvel Babayanning qaytishidan nima foyda? Yoki qanday zarar?

Samvel Babayanning qaytishidan nima foyda? Yoki qanday zarar?

Baho:
+ | -2

Shu kunlarda Samvel Babayanning «Navbahor» jamoasida ko‘rinish berishi borasida mish-mishlar tobora avj olmoqda. Xo‘sh, bu ish amalga oshsa, kim manfaat ko‘radi. Yoki aksincha, kim zarar ko‘radi? Bugun Babayanning qaytishi qanchalar o‘zini oqlashi borasida fikr almashamiz.

Salbiy tomonlari

Babayan oddiy xato qilgani yo‘q. U «Paxtakor», «Lokomotiv», «Nasaf», umuman birorta klubda, ichki chempionatda nayrang qilganida-ku, kechirsa bo‘lardi, mayliga. Ammo terma jamoa umuman boshqa masala edi. Hal qiluvchi o‘yinda jahon chempionati saralashi ketayotgan bir paytda ortiqcha vaznga ega darvozabonni asosiy tarkibga tushirgani oyog‘imizdan chaldi. Janubiy Koreyaning ikkinchi golini hamon g‘azab bilan eslayman. Lobanovning semizligidan to‘pga sakray olmagani, oqibatda darvozamizga ikkinchi gol urilgani, Jahon chempionati yo‘llanmasidan quruq qolganimiz... Vaholanki, zaxirada Ignatiy Nesterov bor edi. Soppa-sog‘ edi. Maydonga tushishga, raqibning har qanday hujumini qaytarishga tayyor edi. Babayan ham buni bilardi. Nesterov Lobanovdan bir bosh ustunligini, uni asosiyga qo‘yishi kerakligini bilardi. Ammo uning rejasi bilan muxlislarning maqsadi negadir mushtarak kelmadi. Babayan ko‘r-ko‘rona millionlab muxlislarning orzusini yana to‘rt yilga ko‘mdi. Intervyusida «Jahon chempionatiga chiqish uchun qo‘limdan kelgan hamma ishni qilganman», debdi. Ammo futbolni tushungan inson bunday bo‘lmaganini biladi. Ana shunday murabbiy bo‘lgan Babayan! Men hali bu yoqda boshqa variantlar bo‘la turib, asosiy tarkibda gol ura olmasa ham, o‘zini ko‘rsata olmasa ham ishi yurishmayotgan futbolchini qayta-qayta maydonga tushiravergan murabbiyni ko‘rmaganman. Yevropani qo‘ying, Osiyoda ham yo‘q bunaqasi! Hatto Yaman, Livan, Suriya kabi bizdan futboli orqada bo‘lgan mamlakatlarda ham murabbiylar bunday qilishmagan. Ana shunday mutaxassis edi Babayan! Eng muhimi, rahbariyat ham Babayanning aybini tan olgan, uning kirdikorlarini fosh qilgandi. Biz esa xayriyat-e, degandik. Ammo bu «Vaqt oliy hakam, vaqt o‘tib muxlislar unutadi, Babayanni yana olib kelamiz», qabilidagi ishga o‘xshab qoldi. Ammo biz buni unutolmaymiz. Babayanni hurmat qilamiz, uning shaxsiyatiga til tekkazmaymiz, bunga haqimiz yo‘q, ammo barchasini shunchaki unutish oson emas.

Ijobiy tomonlari

Darhaqiqat, Babayan borasida salbiy fikrlar xalq orasida yetarlicha topiladi. Shunday bo‘lsada, Samvelning «Paxtakor» safida amalga oshirgan ishlarini e’tibordan qochirmaslik lozim. Mayli, hozir qaysidir muxlisning g‘ashini keltirsa ham, terma jamoaning omadsiz ishtiroki hayolimizga kelsa ham adekvat bo‘lishga urinib ko‘ramiz.

Babayan o‘z vaqtida «Paxtakor» jamoasini og‘ir damlarda yolg‘iz qoldirmagan edi. Qo‘lidan kelgancha, transferlarni amalga oshirgan va jamoani o‘z yelkasida ko‘tarib turgan. U professional murabbiy bo‘lmasada, saviyali menejer ekanligini isbotlab bergan. O‘zbekiston chempionatida zafar quchgan va bu ishni qanday amalga oshirishni biladi.

Boz ustiga, uning jamoani shakllantirish bobidagi imkoniyatlarini ham yuqori baholash mumkin. O‘z vaqtida akademiyadagi yoshlarni asosiy jamoaga jalb etgan Babayan «Navbahor» uchun nimadir bera olishi mumkin. Chempionlikni qo‘lga kiritgan, o‘zida his qilgan murabbiy sifatida u «lochinlar» uchun yangi imkoniyat eshiklarini ochib berishi mumkin. Shu kunga qadar Kanchelskis, Mo‘minjonov, Deyan Jurjivich singari murabbiylarga imkon berildi, biroq natija yo‘q. Bunday katta muxlislar armiyasiga ega jamoa chempionlik uchun jiddiy kurashga kirishishi lozim. Babayan homiylar topish, ishni professional darajaga olib chiqish bobida ham Namangan klubi uchun ko‘mak berishi mumkin.

Agar terma jamoadagi adovatni unutsak, bir chetga surib qo‘ysak, ko‘z o‘ngimizda O‘zbekiston chempionligini bir necha bor qo‘lga kiritgan, o‘zbek klublari bilan ishlash borasida kattagina tajribaga ega murabbiy gavdalanishi turgan gap. Endi Superligamizdagi murabbiylarga e’tibor qarating: Qosimov, Berdiyev, Arveladze, Abramov, Ashurmatov singari salohiyati katta bo‘lgan murabbiylar orasiga Samvel Babayanning qo‘shilishi qo‘shimcha intrigani taqdim etishi turgan gap. Agar OAV xodimlari orasida yurgan gaplarga qaraganda, Babayanning qaytishi haqidagi gaplar Namangandagi futbolning «kattalari» tomonidan birinchi olg‘a surilgan. Samvel o‘zi ish qidirib bormagani turgan gap. Talab bo‘lmagan narsaga taklif bo‘lmadi. Shu o‘rinda, JCH saralash uchrashuvlaridagi uning injiqliklarini bir chetga surib qo‘ying! Uning «Paxtakor» safidagi har xil hunarlarini bir o‘tmishda qoldiring! Endi uni «Navbahor» jamoasi bosh murabbiy sifatida tasavvur qilib ko‘ringchi! Tasavvur qiling, Babayanning kelishi «Navbahor»gagina emas, butun chempionatimizga o‘z ta’sirini ko‘rsatishi turgan gap.

Kuchlilari ko‘p bo‘lgan ichki birinchilikda toblangan yigitlar ertaga terma jamoa libosida ham esankirab qolmaydi. Agar Babayanning o‘tmishdagi hunarlarini unutsak, ko‘z oldimizda «Navbahor»ni yangi darajaga olib chiqishga qodir murabbiy paydo bo‘layotganini ko‘rish mumkin. Bu esa, Kubok va chempionat o‘yinlarida katta g‘alabalardan umid qilishdan zerikib ketgan «lochinlar» muxlislari uchun «yangilikdek» tuyulishi mumkin. So‘nggi yillarda «Navbahor» kattagina summani Sobolev, Bolov singari o‘rtamiyona legionerlar uchun sarflab yubordi. Vaholanki, ularning hech biri mahalliy futbolchilardan bir bosh baland bo‘lgani yo‘q. Ulardan ajralib chiqishni ham uddalay olgani yo‘q. Katta ehtimol bilan, Babayanning kelishi «Navbahor»ning butun boshli rivojlanish uchun tanlagan yo‘lini o‘zgartirishga olib borishi mumkin. Endi jamoa bor e’tiborini mahalliy kadrlarni rivojlantirishga, yangi o‘zbek futbolchilarini kashf qilishga qaratishi mumkin. O‘z vaqtida, «Paxtakor» akademiyasi O‘zbekiston yoshlar jamoasining asosini tashkil etar edi.

Ayni damda, yoshlar yoki Olimpiada jamoamizni o‘zagini «Nasaf» va «Bunyodkor» jamoasi tashkil etishiga o‘rganib ham qoldik. O‘z vaqtida, Babayanning «Paxtakor»i yoshlar termamizning o‘zagini tashkil etuvchi futbolchilarni yetishtirib chiqarish borasida benazir edi. Balki, tez «Navbahor» klubi yoshlari ham terma jamoaga nomzod bo‘lish darajasiga yetishar. Samvelning bundan avvalgi xunuk ishlari kishi odamlarda nafrat uyg‘otgan bo‘lmasin, endi biroz o‘zgacharoq qaror chiqarish zarar qilmasligi mumkin. Bu «Navbahor» uchun foyda keltirsa, biroz chekinish kerakdir?! Agar bu klubning darajasini oshirsa, balki o‘tmishga ko‘z yumish mumkindir?! Yana kim biladi deysiz?!

Manba: Stadion.uz
Kiritildi: 22:49, 17.12.2020.
O'qildi: 2882 marta.
Fikrlar: 9 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.