Kirish Ro'yxatdan o'tish
24/12 00:45 Inter 2-0 Komo
26/12 17:30 Manchester Siti - Everton
26/12 20:00 Bornmut - Kristal Pelas
26/12 20:00 Chelsi - Fulhem
26/12 20:00 Nyukasl - Aston Villa
26/12 20:00 Nottingem Forest - Tottenhem
26/12 20:00 Sautgempton - Vest Xem
26/12 22:30 Vulverhempton - Man. Yunayted

A seriya. «Torino» - «Jenoa». Prevyu

A seriya. «Torino» - «Jenoa». Prevyu

Baho:
+ | -

"Jenoa" bugun Italiya A seriyasi 22-tur doirasidagi uchrashuvini o‘tkazadi. Ularning raqibi esa, Turinning "Torino" jamoasi hisoblanadi. Mazkur jamoalarning imkoniyatlari, jamoaviy yangiliklari, o‘zaro bahslari va ehtimoliy tarkibi haqidagi qisqacha prevyuni sizlarga taqdim etamiz.

Bu ikki jamoa ham o‘tgan turda mag‘lubiyatga uchramadi. "Torino" Bergamoda "Atalanta" bilan o‘yinda 3:3 hisobida durang qayd etgan bo‘lsa, "Jenoa" esa "Luiji Ferraris" stadionida Neapolning "Napoli" jamoasini 2:1 hisobida taslim etdi.

"Buqalar" "Atalanta"ga qarshi o‘yinda ajoyib xarakter ko‘rsatishdi. 3:0 hisobida ortda bora turib, yakunda 3:3 hisobidagi durangga imzo chekishdi. Umuman olganda, Gasperini jamoasi turinliklarning himoyasidagi xatolarni ko‘rsatib berdi.

Genuyaliklarning esa ishlari ancha yaxshi tomonga o‘zgargan. A seriyaning 5 ta uchrashuvidan beri mag‘lubiyatga uchramay, o‘ziga xos seriya qayd etishmoqda. O‘tgan turda ham, tarkibida Losano, InsinYE, Bakayoka kabi yetakchi futbolchilari bo‘lgan "Napoli" jamoasini taslim etdi. "Griffonlar"ning ikki golini ham neopilliklarning sobiq futbolchisi Goran Pandev tomonidan kiritildi.

"TORINO"

Ayni paytda turinliklarning ishlari joyida emas, 21-turdan keyin 16 ochko to‘plab, turnir jadvalida 17-o‘rinda turishibdi. Xavfli hududda joylashgan "Kalyari" jamoasidan bor-yo‘g‘i 1 ochko ko‘p jamg‘arib, ulardan bir pog‘ona oldinda joylashgan. "Buqalar"ning himoyadagi o‘yinlari unchalik yaxshi emas, ular 21 bahsda maydonga tushib, o‘z davozasidan 41 marta to‘p olib chiqishgan. Bu ko‘rsatgich bo‘yicha ligada "Parma" jamoasi bilan ikkinchi o‘rinda turibdi. Turinliklar so‘ngi 11 uchrashuvda bor-yo‘g‘i 7 ochkoni qo‘lga kiritishdi. Agar, bugun genuyaliklar ustidan g‘alaba qozonsa, turnir jadvalidagi o‘rnini ham biroz yaxshilab olishi mumkin. "Torino" bugungi uchrashuvga ortiqcha yo‘qotishlarsiz tashrif buyurmoqda. Faqatgina, yaqinda "Betis" jamoasidan transfer qilingan Antonio Sanabriya jarohati sabab maydonga tusha olmaydi.

"JENOA"

Hozirda genuyaliklar turnir jadvalidagi o‘rnini yaxshilab olishgan. Davide Ballardini shogirdlari ayni paytda 21 o‘yinda maydonga tushib, 24 ochkoni o‘z hisoblariga yozdirib qo‘yishgan va turnir jadvalida 12-pog‘onani band etib turishibdi. Garchi, "griffonlar" beshta uchrashuvdan beri mag‘lubiyat nimaligini bilmay kelayotgan bo‘lsa-da, bugungi uchrashuvda jarohati sabab ko‘pgina futbolchilar maydonga tushmaydi. Eldor Shomurodov kechagi kengaytirilgan tarkibga kiritilgan bo‘lsa ham, bugungi uchrashuvda maydonga tushishi so‘roq ostida bo‘lib turibdi.

Umuman olganda, "Jenoa" safida bir qator yetakchi futbolchilar Marko Pyasa, Andre Mazello, Eldor Shomurodovni jarohat sabab maydonda ko‘rmasligimiz mumkin. Agar, mazkur futbolchilar bugun maydonga tushmasa, Ballardini shogirdlari biroz qiynalib qolishi mumkin. Chunki jamoaga ancha moslashib ketgan Shomurodov o‘z yetakchiligini namoyish etib kelayapti. Bugungi uchrashuvdagi g‘alaba turnir jadvaliga ham ta’sir qiladi. "Jenoa" bilan bir xil ochko to‘plagan "Udineze" jamoasi 22-turda Rimda "Roma" jamoasiga qarshi maydonga tushadi. Mazkur bellashuvda rimliklarning imkoniyati biroz yuqori baholanayotganini hisobga olsak, ushbu turdagi genuyaliklarning g‘alabasi jadvalda 11-o‘ringa chiqib olish uchun ajoyib imkoniyat yaratadi.

O‘zaro to‘qnashuvlar

"Torino" so‘nggi yillarda "Jenoa" jamoasidan biroz ustunroq o‘yin ko‘rsatmoqda. Mazkur jamoalarning so‘ngi 10 uchrashuvining 4 martasida "buqalar" g‘alaba qozongan bo‘lsa, atigi ikki martagina "griffonlar" uch ochkoga ega chiqishgan. Qolgan ikkita uchrashuvda esa durangga imzo chekishgan. Mazkur jamoalarning birinchi davradagi uchrashuvida turinliklar "Luiji Ferraris" stadionidan uch ochko bilan ortga qaytgan. Sasha Lukichning goli hamda "Jenoa" a’zosi Luka Pellegrini o‘z darvozasini ishg‘ol qilishi natijasida "Torino" ikki to‘p farqi bilan oldinda borayotgan edi, ammo 90+4-daqiqadagi Skamakkaning goli hisobdagi farqni bittaga kamayishiga olib kelgan va buqalar" 2:1 hisobida g‘alaba qozonishga. Jenoaliklar so‘nggi marta 2017-yilda "Torino" ustidan g‘alaba qozonishgan. Shundan so‘ng mana 8 uchrashuvdan beri g‘alaba qozona olmayapti. Turinliklar genuyaliklar ustidan g‘alaba qozonish bo‘yicha o‘ziga xos seriya davom ettirishmoqda. Hozirgacha, ketma-ket 7 uchrashuvdan beri "griffonlar" ustidan g‘alab qozonib kelmoqda.

Ehtimoliy tarkiblar

"Torino" (4-3-1-2): Sirigu, Uilfrid Singo, Bremer, Lyanko, Nikolya N’Kulu, Armando Isso, Tomas Rinkon, Sasha Lukich, Karol Linetti, Zaza, Belotti.

"Jenoa" (4-3-2-1): Perin, Goldaniga Radovanovich, Luka Pellegrini, Krishto, Sapata, Zappakosta, Milan Badel, Mixa Zays, Shomurodov, Skamakka, Pandev.

Xulosa o‘rnida shuni aytishimiz mumkinki, bugungi uchrashuvdagi g‘alaba har ikki jamoaga ham kerak. "Torino" xavfli hududdan biroz uzoqlashishga harakat qilsa, "Jenoa" turnir jadvalidagi o‘rnini yanada yaxshilab olishga harakat qiladi. Mazkur uchrashuv Toshkent vaqti bilan bugun 19:00 da start oladi.

Jamshidjon Mahmudov tayyorladi.

Manba: www.stadion.uz.
Kiritildi: 17:42, 13.02.2021.
O'qildi: 4773 marta.
Fikrlar: 0 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.