«Manchester Siti» ayni dam turnir jadvalida eng yaqin ta’qibchisi va hamshaharidan naq 10 ochko ilgarilab ketgani holda yaqqol peshqadamlikni o‘z qo‘liga olgan. «Shaharliklar» dastlab yo‘qotilgan qimmatli ochkolari xunini g‘alabali seriyalar rekordi bilan misqollab yig‘ib bormoqda. Bizningcha ham endi bu klubga APL chempionligi yo‘lida hech qanday to‘siq g‘ov bo‘la olmaydi.
Yaqinda jamoa «Arsenal» ustidan qozonilgan g‘alabasidan so‘ng ushbu musobqadagi muvaffaqiyatli yurishini 13 taga yetkazib oldi. Bu ko‘rsatkich barcha turnirlarda esa 18 taga yetgan. Xo‘sh, Gvardiolaning bir tekisda erishib kelayotgan muvaffaqiyat siri nimada?
Quyida ushbu savolga javobni jamoaning «Tottenhem» bilan kechgan bahsi (3:0) misolida ko‘rib chiqamiz. Ushbu uchrashuv zamonaviy «Man Siti»ning taktikasini chuqurroq ilg‘ab yetishga imkon beradi.
«Man Siti»ning bugungi uslubida har bir raqibga o‘zgacha yondashuv jarayoni sezilib turadi. Gvardiola shogirdlari to‘pni yo‘qotishgan taqdirda ko‘pincha 4-3-3 sxemasiga o‘tib olgan holda harakatlanadi. Jamoaning pressing jarayoni ham asosan markazga yo‘naltirilgan.
Ushbu fikrni to‘liq yakunlab olish uchun quyidagi epizodni ko‘rib chiqish kifoya qiladi. Garchi ushbu hujum gol bilan yakunlamagan bo‘lsada, oxirgi lahzalarigacha mehmonlarni haqiqiy sarosimada ushlab tura olgan. Bu yerda «Siti» jarima maydonchasi yonida ustunlikni qo‘lga olish maqsadida jamoaning 4 futbolchisi «devor» uslubidan foydalanmoqda. Bundan chalg‘ib qolgan raqib himoyachilari esa Kanselu hamda Zinchenkoga ochiq zona taqdim etishgan. Birinchi bo‘lim davomida bu kabi rang-barang hujumlar London jamoasini ancha esankiratib qo‘ygani barcha muxlislarning yodidan chiqmagan bo‘lsa kerak.
Yuqorida ta’kidlab o‘tganimizdek, «Man Siti» harakat qiladigan asosiy sxema markaziy zonaga keng urg‘uni qaratadi. Bu yerda hujumni tashkil etuvchi 4 nafar o‘yinchi o‘zaro joy almashgan holda aylanma tartibda harakat olib borishadi. To‘pni qabul qiluvchi zonada ham kamida to‘rt futbolchi bo‘lishini bosh murabbiy belgilab qo‘ygan. Ammo bu yerda ham o‘yinchilarning bo‘lishiga yo‘l qo‘yilmaydi.
Zero Gvardiolaning o‘zi ham mashg‘ulotlar jarayonida buni ko‘p bora ta’kidlagan: «Hujumni yakunlovchi qismga istalgan futbolchi qo‘shilishi mumkin. Faqat jarima maydoni ichida ularning muttasil qolib ketishi mumkin emas. Gvardiolaning "Barsa"sida chalg‘ituvchi o‘yinchi rolini Messi bajargan bo‘lsa, "Bavariya"da bu vazifa aksincha markaziy himoyachilar David Alaba hamda Filipp Lamlarga topshirilgan. Hozirda esa "Siti"da ushbu missiya anchayin rang-barang tarzda bajarilmoqa. Bernardu hamda Gyundoganga hujumning asosiy "yuk"i tushirilgan.
Umuman olganda «Siti» o‘yinchilarining asosiy quroli - bu markazga egalik qilish. Ular shu yo‘l orqali raqibni o‘zlariga chorlashadi va baribir bo‘sh zonalar ochilib qolaveradi. Natijada Pepga xos pozision hujum quyidagi tartibda shakllanadi. Raqibning 4nafar himoyachisi 5 nafar manchesterlikni kutib olmoqda, aniqrog‘i ular bunga majbur bo‘lishmoqda. Bu yerda esa tabiiyki mezbonlarda turli variantlar yuzaga keladi.
O‘yinchilarning samaradorlik darajasiga ko‘ra hech bir jamoa «Man Siti»ning oldiga tusha olmasa kerak. Deyarli har bir «shaharlik» o‘yindan o‘yinga «ochilib» bormoqda. Ayniqsa so‘nggi uchrashuvlarda Sterling hamda Gyundoganning klubiga ko‘proq foydasi tegyapti. «Liverpul» bilan kechgan bahsda Rahim Trent Arnoldni o‘z pozisiyasida ancha qiynab qo‘ygan edi. Bu safar esa u o‘z qanotida Tangangaga umuman imkon qoldirmadi. Rahimning foydali o‘yinini juda tez ilg‘agan Pep undan unumliroq foydalanishni boshladi, ikkinchi bo‘lim boshida Gvardiola Sterlingni o‘ng qanotga - Ben Devis zonasiga tashlab ko‘rdi. Ushbu qarordan so‘ng jamoaning hujumlarida rang-baranglik anchayin oshdi. Ayniqsa, bu Sterlingning Gyundogan bilan uyushtirgan o‘zaro samarali kombinasiyalarida yaqqol bilinib turdi.
Nemis futbolchisi maydon markazidagi dominatorlik qobiliyati bilan barchaga mashhur. U joriy mavsum «Man Siti»ga eng ko‘p foydasi tekkan o‘yinchilardan biri hisoblanadi. Gyundogan 2021 yilning o‘zida naq 9 ta gol urdi va bu borada u kuchli beshlik chempionatlari bo‘yicha olinganda yaqqol to‘purar bo‘lib turibdi. Bejizga nemis futbolchisiga yanvar oyining eng yaxshilari qatoridan bosh sovrin berilmadi. Ilkayda to‘pni his qilish qobiliyati o‘ta kuchli shakllangan. Yuqorida ta’kidlanganidek, ayniqsa, uning Jezus bilan amalga oshiriladigan hujumlar yakunda samarali natija bilan tugaydi.
Gvardiola tanlagan taktikani uzoq mavsumlargacha mo‘ljallab tuzilganini anglash qiyin emas. Zero, u o‘zi o‘ylagan rejani amalga oshirish uchun tarkibga jalb etilgan futbolchilarning yetilish jarayonini uzoq muddat kutishga tayyor. Faktlar bo‘yicha oladigan bo‘lsak ham Pep hech bir jamoada «Siti»chalik ko‘p mavsum ishlamagan. Bizningcha ham u endi kutilgan rejani silliq ravishda amalga oshirish bosqichiga yetib keldi. Vaziyat shunday holatga kelganki, hozir Gvardiolaning tarkibi oyog‘i osmondan qilib sochib yuborilsa ham futbolchilar maydonning istalgan zonasida erkin o‘ynay oladilar:
«Bizda ayni dam muxlislarimiz kutgan markaziy hujumchi mavjud emas. Yo‘q, bu pandemiya va lazaret bilan bog‘liq holat ham emas. Shunchaki men jamoani shunga ko‘niktirdim. Endi futbolchilar o‘z pozisiyalarini almashtirib bemalol o‘ynayverishadi. Jezus chalg‘ituvchi strayker. Hatto, himoyachilar ham o‘ziga vaziyat yarata olishsa jarima maydonchasi ichiga siljishlari mumkin. Pressingga tayangan hujum jarayonida bu zonaga 5-6 ta o‘yinchi kirishi biz uchun odatiy hol», - deydi murabbiy.
Yuqoridagi misollar albatta bitta uchrashuv xulosasi o‘laroq tahlil qilinmadi. Joriy mavsum, ayniqsa uning ikkinchi qismida «Manchester Siti» darhaqiqat chempion jamoaga xos o‘yin namoyish etmoqda. Buning APLda raqobatbardosh klublar ko‘paygan yillari sodir bo‘layotgani ham voqeaga o‘zgacha chiroy bag‘ishlaydi. To‘g‘ri, Pepning o‘z jamoasini chempionlik poygasi yo‘lidagi balandparvoz gaplari anchayin g‘alati eshitilgan bo‘lishi mumkin.
Chunki bu kabi fikrlar uning azaliy raqibi Mourga ko‘proq yarashadi. Biroq, vaziyatga real ko‘z bilan qarashga majburmiz. «Man Siti» bu mavsum o‘z imkoniyatlarini to‘g‘ri baholamoqda, raqiblarning kutilmaganda qoqilishidan unumli foydalanyapti va muhimi, Gvardiolaning ham ko‘z ostiga olib qo‘ygan rejalari sekin-asta pishib yetilmoqda. Buyog‘i nima bo‘lishini esa birgalikda kuzatamiz.
Yusufbek Saydaliyev tayyorladi